«Real» hozirgi tarkibi bilan nafaqat bu mavsumda, balki kelgusi yarim dekada davomida to‘xtatib bo‘lmas kuchga aylanishi taxmin qilinayotgandi. Amalda esa barchasi ancha qiyin kechmoqda.

Albatta, Madrid klubi Mbappe bilan kuchsizlandi deb bo‘lmaydi, biroq u bilan kuchayganini ham ko‘rsata olganicha yo‘q. Chempionlar Ligasida «Lill»ga (0:1) va La Ligada «Barselona»ga (0:4) boy berilgan uchrashuvlar ularning muammolarini yaqqol ko‘rsatib bera oldi. Ushbu muvaffaqiyatsizliklar fonida madridliklar uchun Toni Kroos faoliyatini yakunlashi taxmin qilinganidan og‘ir kelgani ma’lum bo‘lmoqda. Garchi zaxirasida bitta o‘yini bo‘lsa-da, hozirgi vaqtda «Real» liga peshqadami «Barsa»dan 9 ochko ortda bormoqda. Bundan tashqari, hozircha Chempionlar Ligasida pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma oladigan sakkizlik orasida emas.

Hali vahima qilishga hojat yo‘q, lekin «qaymoqranglilar» hozirdan harakatni boshlamasa, keyin kech bo‘lishi mumkin. Muammolar esa ko‘zga ko‘rinib turgan muammolar va bu ularni hal qilishni osonlashtirishga yordam beradi.

Mbappedan ko‘prog‘ini talab qilish

 

Umuman olganda, Mbappe gol urish bo‘yicha olamshumul muvaffaqiyatsizlikka uchragani yo‘q. Hozirgacha Madrid klubida 15 marta maydonga tushgan fransuz 8 gol urib, 2 marta jamoadoshlari goliga hammualliflik qildi. Lekin baribir barchada uning qo‘lidan ko‘proq narsa kelishi va aslida ham ko‘proq narsa berishi kerak, degan fikr bor. Darhaqiqat, Fransiya milliy jamoasi sardori bilan barchasi joyida emas. Ha, u o‘zining har mavsum uchun kafolatlangan 40+ gollarini urib berishi mumkindir, biroq biz maydonda Killian Mbappeni ko‘rmayapmiz. Har holda, hozircha qolayotgan taassurot mana shunday.

Gap faqat «Real»ga o‘tish bosimida ham emas. Mbappe o‘sha 20 yoshida chiqqan darajasidan keyin hatto Parijda o‘ynab yurgan kezlarida ham o‘sish namoyish etmayotgandi. Endi esa Madridga, chap qanotning o‘z egasi bo‘lgan klubga kelib, uning kamchiliklari yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. U strayker sifatida maydonga tushib, chap tarafdan ochilib borishga harakat qilib, o‘sha qanotda «Real» futbolchilarining ortiq darajada to‘planib, qolgan zonalar bo‘sh qolishiga sababchi bo‘lyapti. To‘psiz harakatlar borasida esa u yanada yomonroq o‘ynamoqda. To‘pni yo‘qotgan vaqtlarida 25 yoshli hujumchi deyarli yugurmayapti va pressingda qatnashmayapti.

Albatta, undan tinimsiz ravishda bosim o‘tkazishni talab qilish imkonsizdir, biroq Anchelotti uni himoyaviy harakatlarda ham ishlatishi kerakdek.