29 iyun kuni Bryusselda Yevropa ittifoqi davlatlari sammiti ochildi. Uning asosiy mavzusi - noqonuniy immigratsiya. Yevropaga kelayotgan yangi qochqinlar soni qisqarganiga qaramay, yevropalik siyosatchilar yangi inqiroz holati bo‘yicha muammoni prinsipial hal etishni talab qilmoqda. Quyida Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va YeIning boshqa mamlakatlari bu muammoga qanday qarayotgani haqida fikr yuritiladi.

Yevropa ittifoqida muhojirlarning maqomi va huquqlari 1990 yilda ilk bor qabul qilingan hamda keyinchalik bir necha marta o‘zgargan Dublin reglamenti bilan tartibga solinadi. Ushbu reglamentga muvofiq, YeI hududiga kelganida ro‘yxatdan o‘tkazadigan mamlakatlar muhojirlar uchun rasmiy javobgarlikka ega. Odatda, bu janubiy davlatlardir: Italiya, Gretsiya, Bolqon mamlakatlari. Shundan so‘ng ular Shengen bitimidan foydalanib, Yevroittifoq hududida erkin harakatlanishlari mumkin.

Dublin reglamentini qanday o‘zgartirish kerakligi haqida qator g‘oyalar, ular hozirgi paytda muhokama qilinmoqda.

Migrantlarni ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatlarga qaytarish

Mohiyati. Rasmiy ravishda hozir har qanday davlat migrantni ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatga yuborish huquqiga ega. Amalda bu kamdan-kam hollarda yuz beradi. Birinchidan, ko‘pgina istisnolar mavjud: muayyan mamlakatda allaqachon joylashtirib bo‘lingan oilalar a'zolari uchun; ro‘yxatdan o‘tish mamlakatida munosib turmush sharoitlari bilan ta'minlanmaganligini isbotlashi mumkin bo‘lganlar uchun (Janubi-Sharqiy Yevropaning badavlat bo‘lmagan mamlakatlarida bu qiyin emas). Ikkinchidan, bu normaning qat'iy tarzda amalga oshirilishi Yevropa ichida to‘laqonli nazoratni qayta tiklamay turib deyarli imkonsizdir.

Istisnolarni kamaytirish, chiqarib yuborishni avtomatik ravishda amalga oshirish taklif etilmoqda.

Kim taklif qilmoqda. Bunday qaror Germaniyada ancha mashhur, aynan o‘sha yerga muhojirlarning ko‘pchiligi Yevropa chegarasida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin yo‘l oladi. Biroq, mamlakat ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexofer bu g‘oya umumiy Yevropa darajasida mustahkamlab qo‘yilishini talab qildi. Kantsler Angela Merkelning fikricha, bu faqatgina immigrantni chiqarib yubormoqchi bo‘lgan davlat va ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralar natijasi bo‘lishi mumkin. Munozara Germaniya hukumatini ikkiga ajratib yuborishga ham yaqin keldi.

Kim qarshi. Ushbu loyihani Yevropa janubidagi chegaraoldi davlatlarining o‘zi juda og‘riqli qabul qilmoqda. Ular muhojirlar o‘zlari uchun og‘ir yuk bo‘lishidan qo‘rqyapti.