Jahon | 21:06 / 15.07.2018
22188
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya nega prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tdi?

Turkiyada qonun chiqaruvchi organ faoliyati ijro apparatidan mustaqil bo‘lishi ta'minlanmoqda. Shu mazmundagi bayonot bilan chiqqan Turkiya Matbuot va axborot bosh direksiyasi direktori Mehmet Akarja mamlakatda joriy etilgan yangi boshqaruv shakliga munosabat bildirdi. Bu haqda 15 iyul voqealariga bag‘ishlangan press-tur davomida tashkil etilgan anjumanda ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

"Turkiyada parlamentar boshqaruv shakli amalda bo‘lgan davrda, parlament deputatlarning taklif qilib, ko‘tarib chiqqan loyihalari emas, balki hukumat istagan qonun loyihalarni qabul qilardi. Negaki, barcha hukumat a'zolari ayni paytda deputat hamda parlamentda ko‘pchilikni tashkil etgan fraksiya a'zolari bo‘lishgan. 

Bu holatda hukumat o‘zi istagan qonun loyihasini deputatlar muhokamasiga kiritib, so‘ngra ularni qabul qilishga erishgan. Umuman olib qaraganda, qonun chiqaruvchi organ va ijro etuvchi apparat Turkiyada shu kunga qadar hech qachon bir-birida alohida faoliyat ko‘rsatmagan. 

Turkiya siyosiy hayotida joriy etilgan prezidentlik boshqaruv shakli davrida tuzilgan hukumatning yangi tarkibida deputat bo‘lmagan mutaxassislar faoliyat boshladi yoki deputatlik maqomini topshirib, ish boshlagan vazirlar ham bor", deydi Mehmet Akarja. 

Ma'lumot uchun, 2018 yil bo‘lib o‘tgan saylovlarda Turkiya prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tib, amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyip Erdo‘g‘an vakolatlarini saqlab qoldi.

Mavzuga oid