OTMga kvotalar bekor qilinishi, o‘rta ma'lumot sifati xalqaro standartlar bo‘yicha baholanishi mumkin
2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi loyihasida ta'lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasida shu va boshqa chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Norma shu haqda sharh e'lon qildi.
Maktabdagi ta'lim
Maktab ta'limida zamonaviy ta'lim dasturlari, smart-texnologiyalar va e-learning tizimini faol joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun elektron onlayn-modullar va masofali ta'lim dasturlarini shakllantirish talab etiladi.
Ma'lumot uchun:
Smart-texnologiyalar – maqsadlarni qo‘yishga zamonaviy yondashuv bo‘lib, dastlabki bosqichdayoq mavjud barcha axborotni umumlashtirish, maqbul ish muddatlarini tayinlash, resurslar yetarliligini belgilash, shuningdek jarayonning barcha ishtirokchilariga aniq va tushunarli vazifalar berish imkonini yaratadi. Zamonaviy Smart-ta'limning muhim jihatlari moslashuvchan va ochiq ta'lim muhiti yaratilishini: gadjyetlardan foydalanish, ochiq ta'lim resurslari, boshqaruv tizimini taqozo etadi.
Ye-learning tizimi – yangi axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari yordamida bilim berish va ta'lim jarayonini boshqarish. Elektron ta'lim jarayonida axborot yetkazishning interaktiv elektron vositalaridan, ko‘pincha Internet va kompaniyalarning korporativ tarmoqlaridan foydalaniladi, biroq boshqa usullar, masalan, kompakt-disklar ham istisno qilinmaydi. Elektron ta'lim tizimi dasturiy va apparat yechimlaridan tashkil topadi. U o‘quv kontenti va ta'limni monitoring qilish tizimini o‘z ichiga olgan maxsus ma'lumotlar bazasi mavjud bo‘lishini taqozo etadi.
Uzluksiz maktabdan tashqari (qo‘shimcha) ta'lim tizimini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida o‘quv markazlari, qo‘shimcha ta'lim beriladigan to‘garaklarga qatnovchi bolalar soni ko‘payadi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarning bir xilda ta'lim olishini ta'minlash uchun inklyuziv ta'lim rivojlantiriladi. Ushbu yo‘nalishda o‘quv muassasalari binolarida ko‘tarish qurilmalari, panduslar, sanitariya xonalarida maxsus moslamalar o‘rnatish, tutqichlar, maxsus partalar, stollar va boshqa maxsus kompensator vositalar bilan jihozlash vositasida «to‘siqsiz muhit» yaratishga doir chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilishi lozim. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan bolalarni integratsiyalangan o‘qitish dasturlari yaratiladi. Kadrlar masalasi ham hal etilishi kerak: maktablar defektolog pedagoglar, bolalarni ruhiy-pedagogik jihatdan kuzatuvchi mutaxassislar bilan ta'minlanadi.
Professional ta'lim
Umumta'lim muassasalarining ma'muriy, akademik va moliyaviy mustaqilligini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Kadrlar tayyorlashni mehnat bozori ehtiyojlariga iloji boricha muvofiqlashtirishga erishish lozim.
Talabalarni oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish kvotalarining bekor qilinishi oliy ta'limga yo‘lni kengaytirishga doir chora-tadbirlar kompleksining mantiqiy yakuni bo‘ladi. Oliy ta'lim muassasalari sonini, shu jumladan nodavlat va xorijiy oliy ta'lim muassasalari filiallarini tashkil etish, shuningdek onlayn platformalar asosida masofali ta'limni rivojlantirish yo‘li bilan oshirish mo‘ljallangan.
Oliy ta'lim muassasalarini boshqa innovatsion jarayonlar sub'yektlari bilan integratsiyalash va o‘zaro hamkorlik qilishi hisobiga oliy ta'lim sifati takomillashtiriladi. Chop etilgan ilmiy maqolalar soni, sitata keltirish indeksi, xalqaro anjumanlar va seminarlarda qatnashish, olingan patentlar soni oshirilishiga erishish mo‘ljallanmoqda. Oliy ta'lim muassasalarining eng faol va samarador ilmiy maktablari shu jumladan moliyaviy ko‘mak oladilar. Innovatsion ishlanmalar hamda uzoq muddatli ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish uchun biznes, fan, ta'lim va davlat integratsiyalashuvini ta'minlash lozim. Universitetlar iqtisodiyotning bazaviy sektorlari va korxonalarni texnologik modernizatsiyalash dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadilar.
Sifat nazorati
O‘rta ma'lumot sifatini xalqaro baholash mexanizmini joriy etish mo‘ljallanmoqda. Buning uchun Xalq ta'limi vazirligi PISA xalqaro dasturi (ingl. Programme for International Student Assessment – O‘quvchilarning o‘qishdagi yutuqlarini baholash xalqaro dasturi) ishtirokchisiga aylanadi.
Bundan tashqari, ta'lim sifatini baholash milliy tizimi takomillashtirilishi lozim. Bu ta'lim statistikasi xalqaro uslubiyati (YuNeSKO, IHTT) talablari va prinsiplarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Milliy va mintaqaviy darajalardagi ta'lim jarayoni natijalarining muntazam monitoringi tashkil etiladi.
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024