Jamiyat | 14:38 / 26.07.2018
35625
5 daqiqa o‘qiladi

Paxta o‘rniga makkajo‘xori, sholi va beda ekkan fermerning yeri olib qo‘yildi

Illyustrativ foto/ Sputnik

“A” fermer xo‘jaligiga (nomi o‘zgartirilgan) 49 yil muddatga jami, 41.5 ga, shundan 36.3 ga ekin yeri, 3.2 ga ariq va zovurlar, 1.3 ga yo‘llar, 0.7 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari yer ijara shartnomasi asosida tuman hokimligi tomonidan ajratib berilgan. 

Shartnomaga asosan, fermer xo‘jaligi tomonidan yerdan maqsadli foydalanish, ishlab chiqarishning tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarini qo‘llash, davlat ehtiyojlari uchun davlatga mahsulot sotish rejalarini bajarish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. 

Biroq tuman statistika bo‘limining ma'lumotiga asosan, fermer xo‘jaligi 3 yil mobaynida muttasil ravishda davlat ehtiyojlari uchun paxta-g‘alla sotish kontraktatsiya shartnomalarini bajarmagan. Bu ham yetmaganidek, davlat ehtiyojlari uchun paxta sotishga urug‘lik chigit ekilishi lozim bo‘lgan 5.0 ga maydonning 2.0 ga qismiga makkajo‘xori, 2 ga qismiga sholi va 1 ga qismiga beda ekinlarini o‘zboshimchalik bilan ekib olganligi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi xodimlari tomonidan aniqlangan. Bu haqida ma'lumotnoma tuzilgan, fotosuratlarga olingan, tuman Fermerlar Kengashining xulosasi bilan fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish lozimligi ko‘rsatilgan. Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan yer ijara shartnomasini bekor qilish ma'qullangan, tuman hokimligining yer maydonini ixtiyoriy ravishda tuman zaxirasiga qaytarish haqidagi talabnomasi fermer xo‘jaligi tomonidan rad etilgan. 

Natijada, tuman hokimligi O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza bilan murojaat qilib, fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilishni so‘ragan. 

O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan mazkur da'vo ariza tegishli mutaxassislar ishtirokida, ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. 

Sud majlisida barcha ishtirokchilarning fikr va mulohazalari tinglandi, ular keltirgan dalilar hamda vajlarga atroflicha baho berishdi, sudning hal qiluv qarori bilan tuman hokimligining da'vo arizasi qanoatlantirildi. 

Fermer xo‘jaligi O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, kassatsiya shikoyati bilan Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudiga murojaat qildi, biroq Farg‘ona viloyat iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasi qarori bilan fermer xo‘jaligining kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etdi, O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida koldirildi.

Shuningdek, sud jarayonida ayrim davlat idoralari mansabdor shaxslari o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganliklari ma'lum bo‘lib qoldi. Jumladan, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi hamda tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaligi yer maydonlarida paxta ekilishi lozim bo‘lgan 5 ga yer maydonida noqonuniy ekin ekilganligi aniqlangan bo‘lsa-da, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaligi mansabdor shaxslariga belgilangan tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmagan, aniqlangan huquqbuzarlikka Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 1-qismiga asosan chora ko‘rilmagan.

Vaholanki, yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qayd etilganga ko‘ra, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan xususiy ajrim chiqarildi va Farg‘ona viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga yuborildi. Sudning xususiy ajrimiga ko‘ra, faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘iga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi berildi. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkin-ki, umummilliy boyligimiz bo‘lgan yerdan samarasiz foydalanishga hech kimning haqqi yo‘q, nafaqat qishloq xo‘jaligi xodimlari, balki har bir davlat xizmatchisi ham bunga befarq bo‘lmasligi lozim.

Mavzuga oid