Jamiyat | 17:59 / 19.04.2023
21566
4 daqiqa o‘qiladi

"Paxta terilmaydigan kunlar kelishini xayolimizga ham keltirmaganmiz" – bulung‘urlik o‘qituvchi

Yaqin-yaqin yillargacha ham jamiyatimizda maktab o‘quvchilari, o‘qituvchi va shifokorlar eng arzon, aniqrog‘i tekin ishchi kuchi bo‘lib xizmat qildi. Ayniqsa, paxta va g‘alla mavsumida eng ko‘p ularning mehnatidan foydalanildi. Har yangi o‘quv yili boshlanishi bilan, ularning vaqti ko‘proq maktabda emas, paxta dalalarida o‘tdi. O‘z ustida ishlash o‘rniga, paxta terdi, paxta terdi, teraverdi.

E’tirof etmoq joiz, bugun ular majburiy mehnatdan, xususan paxta hasharidan qutuldi.

Umuman, o‘qituvchilar yillar davomida ta’limdan uzoqlashishi oqibatida ma’lum bir avlodni yo‘qotdik. Yaxshi mutaxassislar maktabdan ketdi, o‘zini boshqa sohaga urdi. Fidoyi muallimlar ozor chekdi, nomutaxassislar, nomunosiblar soni ortdi. Bu xatolik ortidan katta-katta illatlarni yetaklab kelishda davom etmoqda.

O‘qituvchining darsi qolib, qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb qilinishi, bu jarayonlarga o‘sha vaqtda va hozir muallimlarning munosabati qanday bo‘lgani bilan qiziqdik.

“Men maktabda o‘qib yurgan vaqtlarimdanoq paxtaga chiqqanman. Mavsum ikki oydan kam bo‘lmasdi. Qorli-qirovli kunlarda ham dalada bo‘lganmiz, paxta tugab ketsayam ko‘sak terardik. Bu kimga kerak bo‘lgan, hozir ham tushunmayman.

Talabalikda ham paxtadan qutulmadim, o‘qituvchi bo‘lib paxta terishga chiqdim. O‘quvchilarni olib chiqardik, ularning javobgarligi, kamiga “plan to‘lmadi”, degan ayblovlar bilan ko‘pchilik oldida kamsitilish... O‘z ustimizda ishlashga imkon yo‘q edi. Yaqin yillargacha ham bu illat davom etdi. O‘qituvchi majburiy mehnatga jalb qilindi va kosasi oqarmadi.

Hozir oyog‘imga protez qo‘yilgan. Bu kasallikni sovuq va issiqda paxta dalasida o‘tgan yillar ta’siridan, deb bilaman.

Bugun o‘quvchilarimiz hali maktabni tugatmay turiboq bir nechta oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiryapti. Ularning har biri bilan alohida shug‘ullanishimiz uchun vaqtimiz bor. O‘qituvchilar ham o‘z ustida ishlashi uchun imkoniyat va vaqt yetarli. Biz qiyin kunlarda ham ta’limni tashlab ketmadik, sohada qoldik. Demak, endi ishlaydigan vaqt keldi”, – deydi Bulung‘ur tumanidagi 71-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nodir Rahimov.

Bulung‘ur tumanidagi 11-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Farida O‘tasheva “Qachondir muallim paxta termaydigan kun keladi deyishsa, ishonmasdim”, deydi.

O‘tasheva boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan, o‘ttiz yildan oshiq vaqt davomida yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelyapti.

“Ayol kishi ekanim va boshlang‘ich sinflarga dars berganim uchun o‘zim paxtaga borolmasdim. Lekin o‘rnimga ba’zan o‘g‘limni jo‘natardim yoki kimgadir pul berib, o‘rnimga borishini iltimos qilardim.

Yaqin yillargacha ham qandaydir mahalladagi xatlovlar, odamlarni ro‘yxatga olish, sharoitini o‘rganish ham o‘qituvchilarga qo‘shimcha ish sifatida yuklandi. Xonadonlar bo‘lib berilardi. Bunday sharoitda ishlash rosti og‘ir edi.

Hech qachon e’tiroz qilolmaganmiz, biz shunga majburmiz, yuqorining topshirig‘i shunday deb ketaverganmiz”, – deydi Farida O‘tasheva.

Mavzuga oid