Oliy sud qonun loyihasini ishlab chiqish tartibiga rioya qilmagan - Parlament
26 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida parlament quyi palatasi Kengashi a'zolari «Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini majlis kun tartibidan chiqarish to‘g‘risida taklif kiritishdi.
Oliy sud tomonidan kiritilgan ushbu hujjat loyihasi jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni ko‘zda tutadi.
Ma'lum qilinishicha, Loyihada mazkur qonunning qabul qilinishi moliyaviy xarajatlarni talab qilmasligi ko‘rsatilgan. Biroq, qonun normalarini amalga oshirish, ya'ni vakolatli organlar tomonidan jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan shaxsni, uning turar joyi va boshqa mol-mulkini qo‘riqlash, unga individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish, uni vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish, boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish, hujjatlarini almashtirish va qiyofasini o‘zgartirish kabi xavfsizlik choralarining qo‘llanishi moliyaviy xarajatlarni talab etadi.
Demak, mazkur qonun loyihasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasiga muvofiq, agar davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini ko‘paytirishni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti moddalari bo‘yicha o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlarning loyihalari turkumiga kirganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu masalaga doir xulosasi bilan birgalikda Qonunchilik palatasiga kiritilishi shart edi.
Ushbu qonun loyihasining tashabbuskorlari mamlakatimizda jinoyat protsessi ishtirokchilarining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tajovuz sodir bo‘lgani holati bo‘yicha ma'lumotlarni tahlil qilib, bitta ish yoki bir shaxsga nisbatan himoya choralarini qo‘llashning taxminiy xarajatlarini hisoblab chiqish lozim edi. Shu bilan birgalikda, ushbu turdagi jinoyatlar sodir etilgani to‘g‘risidagi statistik ma'lumotlar ham keltirilishi qonun qabul qilishning zaruriyatini asoslashda muhim ahamiyat kasb etar edi.
Bundan ko‘rinadiki, qonunchilik tashabbusi sub'yekti hisoblangan Oliy sud mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish va uni parlament quyi palatasiga kiritish tartib-taomillariga rioya qilmagan.
Shunga qaramay, masalaning boshqa jihatlari ham yuzaga chiqqan.
O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi ijrochi kotibi Bahromjon Burxoniddinovning ta'kidlashicha, Jinoyat-protsessual kodeksida jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan bir qator normalar mavjud. Biroq himoya choralari tizimini aniqlash mexanizmi, shuningdek, ularni qo‘llash asoslari va tartibi qonun hujjatlarida belgilanmagan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi normativ-huquqiy hujjatlar paketiga «Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi (1.01.2018 y.) qonun loyihalari kiritilgandi.
Mavzuga oid
19:20 / 21.10.2024
Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
18:23 / 26.08.2024
Qiynoq oqibatidagi o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi
21:57 / 23.07.2024