Mehnat vazirligi Koreyaga yuborilayotgan fuqarolar bilan bog‘liq mojaroli holatga oydinlik kiritdi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Ozodlik radiosi” axborot portalida e'lon qilingan “O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Koreyaga qul jo‘natyaptimi?” (24.07.2018) nomli maqola bo‘yicha munosabat bildirdi. Quyida uning matni keltiriladi.
Maqolada 4 yilu 10 oy (4 yilu 1 oy emas)ga tuziladigan shartnoma bo‘yicha “...ishchi Koreyaga borgach, “1 oy ishlaboq qochib ketsa” Agentlik undan 72000 dollar (4 yil = 48 oy; 48x1500 = 72000) talab qiladimi?” deb savol berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida 2016 yil 31 martda imzolangan “Bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish to‘g‘risida”gi Memorandum, Koreya Respublikasining “Chet ellik ishchilarni ishga joylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Koreya Respublikasida ish bilan ta'minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma”ga ko‘ra, ushbu hujjatning 8.2 bandida “Mazkur shartnoma 6.2.5 (Memorandum shartlariga muvofiq ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan Koreya vakolatli idoralarining ruxsatisiz ish joyini tashlab ketmaslik, ish joyini o‘zgartirmaslik hamda Koreya hududida noqonuniy maqomda bo‘lmaslik) va 6.2.9 (Mehnat shartnomasining muddati tugagach (yoki ish beruvchi bilan kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasining muddatidan oldin) 10 (o‘n) ish kuni ichida O‘zbekistonga qaytish) bandlarining qoidalari fuqaro tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda unga nisbatan majburiyat bajarilishi kechiktirilgan kundan boshlab har bir oy uchun 1500 (bir ming besh yuz) AQSh dollari miqdorida jarima qo‘llaniladi” deb belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, Koreya tomonining tashabbusi bilan 2018 yil 6 iyunda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida kelishilgan va imzolangan “Yo‘l xaritasi”da ham xuddi shu tartibdagi jarima puli ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga muvofiq, o‘zbekistonlik fuqarolar endilikda Koreyada nolegal yurgan har bir oyi uchun (maqolada keltirilganidek, shartnomadagi 4 yil uchun emas) 1500 AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi. Bu jarima puli maqolada ta'kidlanganidek, Agentlik “talabi” bilan emas, qonun hujjatlarida belgilangan tartib bo‘yicha tegishli organlar tomonidan undiriladi.
Koreyada nolegal yurgan o‘zbekistonlik fuqarolarga bunday jarima pulining tayinlanishiga sabab, nolegallar sonining (2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra Koreya Respublikasida 2577 nafar fuqaromiz noqonuniy tarzda yuribdi) Koreyada ishlash uchun O‘zbekistonga beriladigan ish o‘rinlari kvotasi hajmiga ta'sir ko‘rsatishidir. Ya'ni nolegal fuqarolar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, ajratiladigan ish kvotalari ham shunchalik kamayadi. Bu degani, Koreyada noqonuniy asosda yurgan o‘zbekistonlik fuqarolar hisobiga, Koreyada qonuniy ishlash istagida bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz ish o‘rinlari cheklanmoqda. Bu esa qanchadan-qancha fuqarolarimizni qonuniy tartibda yaxshi daromad topish imkoniyatidan mahrum etmoqda. Chunki “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Koreya Respublikasida ish bilan ta'minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma”ning 4.4 bandida “Fuqaroning oylik ish haqi miqdori Koreya Respublikasi hududida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak” deb belgilangan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning o‘zida Koreya Respublikasida eng kam ish haqi soatiga 7530 von (taxminan 6,8 dollar), demak, bir oyda o‘rtacha 1 566 240 von (taxminan 1410 dollar)ni tashkil etadi. Agar buni milliy valyutaga hisoblasak, 10 000 000 so‘m atrofida bo‘ladi. Fuqarolarimizning Koreyada qonuniy tartibda bunday daromad topishlari nafaqat shaxsiy manfaatlari, balki yurtimiz iqtisodiyotiga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Shu bois, Koreya Respublikasidagi fuqarolarimizning nolegal yurishlariga chek qo‘yish maqsadida yuqorida ta'kidlangan jarima miqdori belgilandi.
Shuningdek, Koreya tomonidan ahvol shu tarzda davom etsa 1 nafar nolegal fuqaro o‘rniga 2 ta kvota ish o‘rnini qisqartirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Agarda shunday hol ro‘y bersa qanday hisob-kitobga ega bo‘lamiz?
Birinchidan, nolegal yurgan fuqaroning o‘zi manzili aniqlanganda (maxsus reydlar davomida ushlanganda) deportatsiya qilinadi, ikkinchidan, 2 ta ish o‘rni qisqartiriladi. Bu holatda 3 nafar fuqaro 4 yilu 10 oyda ishlab topishi mumkin daromad 261000 dan (4 yil-u 10 oy = 58 oy, jami 3x58=174 oy, o‘rtacha ish haqi taxminan =1500; 174x1500 = 261000) mahrum bo‘ladi.
Maqolada toshkentlik Baxtiyor ismli huquqshunos (nima uchundir familiyasini aytishga istihola qilibdi)ning O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga e'tibor qaratgani ta'kidlanib, shunday deyilgan:
“Huquqshunosning aytishicha, bir qarashda, Agentlik Koreyaga ketayotgan ishchi bilan shartnoma tuzar ekan, shu moddalarga (Mehnat kodeksidagi 75, 104-moddalar nazarda tutilyapti) tayangan va rasman qonunni buzmagan”.
Keyingi o‘rinlarda huquqshunosning fikridan kelib chiqib, Agentlik va Koreyaga ishlash uchun yuboriladigan fuqaro o‘rtasida tuziladigan shartnomaning Mehnat kodeksi 104-moddasi (Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka to‘lash) me'yorlariga mos kelishini o‘rganish joizligi aytilgan. Quyida shu fikrga ko‘ra so‘ralgan masalani aynan keltiramiz:
“...shartnomada “Ishchi ishga qabul qilingan kundan bir oy o‘tgach, ish beruvchi (yoki Migratsiya agentligi) shartnomani buzguday bo‘lsa, ishchiga shartnoma tuzilgan muddatning qolgan qismining har bir oyi uchun 1500 dollardan neustoyka to‘laydi”, deganga o‘xshash gap yozilganmi?”
Avvalo, familiyasi aytilmagan huquqshunos O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining faqatgina O‘zbekiston Respublikasidagi ish beruvchi tashkilotlar bilan ularning xodimlar (ishchilar) o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat ekanligini, mazkur kodeks normalarini Koreyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qo‘llab bo‘lmasligini bilib qo‘ysa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Agentlik bilan fuqarolar o‘rtasida imzolangan shartnomalarning aynan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi moddalariga asosan ishlab chiqilganiga sabab esa Agentlik fuqarolarni ishga qabul qilmaydi, balki Koreya Respublikasidagi ish beruvchi tashkilotga yuborish xizmatini ko‘rsatadi. Shu sababli ham Agentlik bilan fuqarolar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar ”xizmat ko‘rsatish shartnomalari” deb nomlanadi. Agentlik bilan ishga ketuvchi o‘rtasida tuziladigan shartnoma mohiyatini noto‘g‘ri tushunmaslik kerak.
Maqolada keltirilgan 3-masalada shu jihat e'tibordan chetda qoldirilgan. Ya'ni, ish beruvchi shartnomani buzgan taqdirda neustoyka to‘lash-to‘lamasligi ish beruvchi va ishga yollangan fuqaro o‘rtasida tuziladigan shartnomada ko‘rsatib o‘tilishi mumkin. Agentlik bilan tuziladigan shartnomada esa Koreya Respublikasiga ishlashga borgan o‘zbekistonlik fuqaroning shartnoma muddati davomida tegishli tartiblar bo‘yicha ish joyini 3 martagacha o‘zgartirish huquqiga egaligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu o‘rinda, turli ijtimoiy tarmoqlar va axborot portallarida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyati bilan bog‘liq tanqidiy maqolalarning aksariyati bir yoqlama yuzaki yondashuvlarga asoslanib qolayotgani, xolis surishtiruv ishlari olib borilmagan holda, omma e'tiborini jalb etishga urinishlar bo‘layotganligini ta'kidlab o‘tmoqchimiz. Xususan, “Ozodlik” portalida e'lon qilingan mazkur maqola sarlavhasining bu tarzda nomlanishi ham hech bir asosga ega emas.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi to‘la ishonch bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan chet elga ishlashga yuborilayotgan fuqarolarimiz mehnat huquqlarini har doim himoya qilishini va ularning ishonchli ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, munosib oylik maoshi bilan ta'minlanishida har vaqt mas'ul ekanligini bildiradi.
Mavzuga oid
11:10 / 10.10.2024
Fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
14:20 / 07.10.2024
Koreya O‘zbekistonda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildiryapti
10:10 / 20.09.2024
Koreya O‘zbekiston hududlarida pellet klasteri tashkil etadi
11:52 / 04.09.2024