19:09 / 30.07.2018
5668

So‘rovnoma: O‘zbekiston kompaniyalari o‘z pullari hisobidan rivojlanishni afzal ko‘ryapti

Foto: iStock

Markaziy bank 2018 yil II choragi yakuni bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda jami 437 ta korxona va tashkilotlar ishtirok etdi. So‘rovnomani o‘tkazish jarayonida respublika iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” AJ, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zsharobsanoat” AJ, “O‘zdonmahsulot” AJ, “O‘zavtosanoat” AJ va “O‘zeltexsanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar hamda «Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJ, «Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJ, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK kabi yirik korxona va tashkilotlar qamrab olingan.

2018 yilning II choragi mobaynida korxona va tashkilotlarning investitsion faolligi (ishlab chiqarishni yangilash va kengaytirish bilan bog‘liq investitsiyalarni amalga oshirish) nisbatan sust darajada bo‘lib, jami respondentlarning faqatgina 43 foizi hisobot davrida investitsion xarajatlarni amalga oshirgan. 

Xususan, korxona va tashkilotlarning neft-gaz sanoatida 67 foizida, oziq-ovqat sanoatida 52 foizida, yengil sanoatda 49 foizida, qurilish materiallari sanoatida 45 foizida, kimyo sanoatida 42 foizida, elektroenergetika tarmog‘ida 22 foizida, transport xizmati sohasida 59 foizida, qurilish ishlari sohasida 48 foizida hamda turizm sohasida faqatgina 22 foizida investitsiyalar amalga oshirilgan.

Investitsiyalarning 34 foizi bino va inshootlar qurish hamda rekonstruksiya qilishga, 53 foizi uskunalar va boshqa asosiy vositalar xarid qilish va o‘rnatishga yo‘naltirilgan. 

Investitsiyalarni amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad sifatida korxona va tashkilotlarning 47 foizi ishlab chiqarishni kengaytirish, 17 foizi ishlab chiqarishni modernizatsiyalash hamda 13 foizi yangi turdagi mahsulotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ko‘rsatgan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 45 foizi investitsion xarajatlarni o‘z mablag‘lari hisobidan, 36 foizi esa bank kreditlari hisobidan moliyalashtirganligini ma'lum qilgan.

So‘rovnoma natijalari 2018 yilning II choragi davomida korxona va tashkilotlarning 40 foizi tomonidan tijorat banklaridan kredit mablag‘lari jalb qilinganligini ko‘rsatmoqda. 

Xususan, korxona va tashkilotlarning neft-gaz sanoatida 30 foizi, tog‘-kon sanoatida 60 foizi, kimyo sanoatida 27 foizi, qurilish materiallari sanoatida 48 foizi, oziq-ovqat sanoatida 40 foizi va yengil sanoatda 36 foizi hisobot davrida tijorat banklari kredit mablag‘larini jalb qilgan. 

Respondentlarning kredit olish shartlari va ular bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha fikrlari o‘rganilganda, ularning 37 foizi hisobot davrida kredit olish shartlarining yaxshilanganligini, 27 foizi o‘zgarmaganligini, 15 foizi esa talablarning kuchayganligini ko‘rsatib o‘tgan.

Shuningdek, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aylanma mablag‘lar bilan ta'minlanganlik darajasini yuqori darajada deb baholagan korxona va tashkilotlarning ulushi 24 foizni, qoniqarli darajada deb baholagan respondentlarning ulushi esa 68 foizni tashkil etdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda narxlarning oshishiga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Top