AQSh bilan savdo urushi Xitoy uchun shunchaki mashg‘ulot vazifasini o‘taydi – siyosatshunos
Vashington o‘zi uchun raqib deb biladigan Xitoydagi modernizatsiya jarayonini to‘xtatish maqsadida Pekin bilan savdo urushini boshladi. Ammo Xitoy uchun bu urush hayot-mamot masalasi emas, balki "shunchaki ichki organlarni mustahkamlash mashg‘uloti" bo‘ladi, deb hisoblaydi xitoylik siyosatshunos Si Manan.
"Birinchidan, AQShning Xitoy bilan savdo urushining savdo defitsitiga hech qanday aloqasi yo‘q, Donald Tramp ma'muriyati uni shunchaki bahona sifatida tanlagan. Ushbu savdo urushining asosiy xususiyati bu AQShning XXR modernizatsiyasini to‘xtatish maqsadida Xitoyni shantaj qilayotganligidir", — dedi ekspert.
Uning aytishicha, "Bu AQShga uning gegemonlik maqomini saqlab qolishini ta'minlash uchun zarur va Amerikadagi har ikki partiya savdo urushini boshlash zarurligi borasida murosaga erishishgan. Xitoy mavjud kelishmovchiliklarni JST orqali hal qilishga harakat qilmoqda, ammo AQSh JST qoidalarini buzmoqda va boshqa yo‘l izlashga urinmoqda".
U shuningdek, " Xitoy uchun AQSh bilan savdo urushi hayot-mamot masalasi emas, balki shunchaki ichki organlarni mustahkamlash mashg‘uloti" ekanligini ta'kidladi.
Uning aytishicha, "Xitoy o‘z ishlab chiqarishini yangi darajaga ko‘tarmoqda, muntazam ravishda islohotlar siyosatini o‘tkazmoqda, kelajakda bu Xitoy mahsulotlarining ulkan raqobatbardoshligiga olib keladi. AQSh bir necha yildan so‘ng qanday xatoga yo‘l qo‘yganligini anglab yetadi".
Tahlilchi AQSh tomonidan bosimga duch kelayotgani bois boshqa davlatlarning qo‘llab-quvvatlovini kutmoqda.
"Ammo Vashington Xitoyni siqayotgan zamonaviy dunyoda Xitoyni ma'naviy qo‘llab-quvvatlaydigan va birdamlik ko‘rsatadigan yagona davlat Rossiyadir, shuning uchun Xitoy va Rossiyaning strategik hamkorligi har qachongidan muhim", — dedi Si Manan.
"AQSh va qator Yevropa davlatlari Xitoyga bozor iqtisodiyoti maqomini bermaslikka urinmoqda. Go‘yoki ulargina bozor iqtisodiyotining dunyoviy andozasiga ega va faqat ulargina ana shu andozadan kelib chiqib "ruxsatnoma beradigandek" taassurot uyg‘onadi", — dedi u.
Xitoy va AQSh o‘rtasidagi "savdo urushi" shu yilning 6 iyulida o‘zaro oshirilgan boj to‘lovlari joriy etilganidan keyin boshlandi. Aprel oyi boshida Qo‘shma Shtatlar Xitoy Amerika mahsulotlariga bo‘lgan intellektual huquqlarni buzgani uchun 1,3 mingta Xitoy mahsulotlariga import boji kiritishini ma'lum qilgandi.
O‘z navbatida Xitoy davlat kengashi shtatlardan import qilinadigan 106 nomdagi mahsulotga 25 foizlik bojlarni joriy etishga qaror qildi.
Iyun oyi o‘rtalarida AQSh XXRda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy etdi, bu Amerikaga import qilinadigan Xitoy mahsulotlarining o‘ndan bir qismiga nisbatan qo‘llanildi.
Xitoy ham o‘z navbatida AQShdan import qilinadigan 659 nomdagi mahsulotga 25 foizlik kirish boji joriy etishini ma'lum qildi.