O‘zbekiston | 19:41 / 01.08.2018
13310
7 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligining asosiy vazifalari belgilab berildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, uning tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, Respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vazirlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:

markaziy apparat;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari;
qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyalari;
"Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi" davlat unitar korxonasi;
Qurilishda standartlashtirish respublika markazi;
Toshkent arxitektura-qurilish instituti;
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti;
arxitektura-qurilish ixtisosligidagi kasb-hunar kollejlari;
tanlov savdolarini tashkil etish bo‘yicha konsalting markazlari.

Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona davlat ilmiy-texnika siyosatini olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlaydigan energiya jihatidan samarali va energiyani tejaydigan innovatsion loyihalar va yechimlarni qurilish faoliyatiga joriy etish;

respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borish;

shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, arxitektura-qurilish faoliyatini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rta muddatli davlat dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini tayyorlashda ipggirok etish;

loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish va hududiy tarmoqlarini kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo‘llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish;

shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish norma va qoidalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish;

arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilashga, qurilish sohasida, jumladan, chet eldagi yetakchi ilmiy- tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Quyidagilar Vazirlik markaziy apparatining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Vazirlikning hududiy bo‘linmalari va uning idoraviy mansub tashkilotlari bilan birgalikda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarilishini ta'minlash;
arxitektura va qurilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlash;
Vazirlik va uning tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlariga erishilishini ta'minlash;
Vazirlik faoliyat sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha vazirliklar va idoralar bilan hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari topshiriqlarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish;
Vazirlik xodimlarini tizimli ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
markaziy apparat va hududiy bo‘linmalar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tanqidiy tahlil qilish, tahlil natijasi bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
Vazirlik va uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish;
davlat xizmatlari ko‘rsatishning samaradorligi, sifatliligi va ochiqligini ta'minlash;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ish samaradorligini ta'minlash, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Vazirlik xodimlari va rahbariyatining ularning faoliyatida faol ishtirok etishini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonalaridan tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlar o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqilishini ta'minlash;
loyiha-qidiruv tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
arxitektura va qurilishni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlarni, arxitektura va qurilish sohasi dasturiy-metodik va boshqa normativ hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;
Vazirlik vakillarining xalqaro va davlatlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, arxitektura va qurilish sohasida xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro xorijiy tadbirlarda ishtirok etishini ta'minlash;
Vazirlik hay'ati qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlash;
tarkibiy tuzilmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning professionalligi, bilimi, amaliy tajribasi, yuqori darajadagi ish va odob-axloq sifatlari kafolatlanishini ta'minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish, tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
mamlakatda arxitektura va qurilishni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarning bajarilishini ta'minlash;
arxitektura va qurilish sohasida ilg‘or xorij tajribasini va ilmiy-texnik taraqqiyotga erishishni o‘rganishni tashkil etish, ushbu tajribani respublikada qurilishni yanada rivojlantirish uchun joriy etish;
xalqaro miqyosda an'anaviy (milliy) arxitektura va qurilishni keng targ‘ib qilish va rivojlantirishga ko‘maklashish;
konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan shu kabi tadbirlarda ishtirok etishni ta'minlash.

Mavzuga oid