Jahon | 18:11 / 07.08.2018
19939
4 daqiqa o‘qiladi

Yer yuzidagi eng tez ulg‘ayuvchi jonivor qaysi ekanini bilasizmi?

Foto : M. Reichard

Afrika killi-baliqchalari Yer yuzidagi eng qisqa bolalik davrini kechiruvchi mavjudotlar ekani aniqlandi. Ular tug‘ilganidan so‘ng atigi ikki haftada to‘liq ulg‘ayishadi, deyiladi Current Biology jurnalida.

"Biz anchadan beri bu baliqchalarning ba'zi populyatsiyalari muayyan sharoitlarda tez o‘sishi mumkinligini taxmin qilgan edik. Biroq bu qadar tez ulg‘ayish killi uchun normal jarayon ekani xayolimizga ham kelmagandi", - deya so‘zlaydi Brnodagi Chexiya Fanlar Akademiyasining Umurtqalilar biologiya instituti olimi Martin Raychard. 

Sut emizuvchilar, qushlar va boshqa jonivorlarning ko‘p turlarining o‘sish va ulg‘ayish tezligi bir-biridan ancha farqlanadi. Masalan, fillar, kosatkalar va inson bolalari juda sekin ulg‘ayadi, quyon, tovuq va o‘rdak kabilar esa ancha tez katta bo‘ladi. Bu tafovutlar bir necha biologik va ekologik omillarga asoslangan. 

Raychard va uning hamkasblari Afrika killi-baliqchalari hayotiy siklini kuzatib, yangicha yondashuvning eng ekstremal namunasini kashf qilishdi. Bu kichik umurtqalilar hayotining katta qismini o‘z ajdodlari yashagan ko‘llarning tubida ikra ko‘rinishida o‘tkazadi.

Yomg‘irlar mavsumi boshlanganida va ko‘llar yana bir marta savannalarda paydo bo‘lganida qurigan ikralar "jonlanadi" va killi-baliqchalari tez o‘sa boshlaydi.

Bu baliqchalar xuddi shunday tez halok bo‘ladi ham, kamdan-kam holatlardagina ular 6-7 oygacha yashaydi. Akvariumda o‘stirilgan killilar eng yuqori hayot davomiyligini qayd etdi - 9 oy. Bu baliqchalarning tez o‘sish va o‘lish xususiyati qarishning molekulyar mexanizmini o‘rganuvchi genetik va boshqa mutaxassislarni anchadan beri qiziqtirib keladi.
 
Raychardning ta'kidlashicha, killi-baliqchalarining bu qadar qisqa hayotiy sikli ko‘p olimlarni ular yovvoyi tabiatda ham o‘zlarini shunday tutishlari borasida shubhalanishga majbur qildi. Uning jamoasi bu baliqchalarning tabiiy koloniyalari yashovchi Mozambikka ekspeditsiya uyushtirib, haqiqatda shunday yo shunday emasligini tekshirdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, laboratoriyalardagi tajribalar killi-baliqchalarining ulg‘ayish tezligini ancha pasaytirar ekan. Raychard va uning hamkasblari kuzatgan ko‘llarda ular ikki haftada jismonan yetilgan. Bu vaqt ichida ularning massasi bir necha yuz baravarga oshgan, uzunligi esa - taxminan o‘n baravar.

Laborotoriyadagi tajribalar va Afrikadagi kuzatuvlar o‘rtasidagi farq nimaga bog‘liq bo‘lgan? Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunga savannalardagi suv havzalarining taxminan 3-5 oyda to‘liq qurishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu sababli baliqchalar laborotoriyadagi akvariumda barqaror o‘sgan killilardan farqli o‘laroq,  qisqa vaqt ichida ulg‘ayish va o‘z naslini davom ettirishga ulgurishi kerak bo‘ladi. 

Hozirda biologlar baliqchalarni laborotoriya muhitida ham shunday tez ulg‘ayish va qarishga majburlashga harakat qilishmoqda. Agar ular buning uddasidan chiqishsa, u holda killi olimlarning inson keksayishi sirlarini kashf qilish va hayot davomiyligini oshirish vositasini ishlab chiqishdagi eng asosiy yordamchilardan biri bo‘lishi mumkin.