O‘zbekiston | 19:07 / 14.08.2018
7560
3 daqiqa o‘qiladi

265 ming 332ta oziq-ovqat mahsulotining 9 ming 302tasi sanitariya-gigiyena me'yor talablariga javob bermaydi

2018 yil 14 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda Idoralararo ishchi guruhi rahbari, Respublika sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari B. Yusupaliyevning «Aholining sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritishdagi muammolar» to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Foto: parliament.gov.uz

Ta'kidlab o‘tilganidek, nosog‘lom ovqatlanish va nosog‘lom turmush tarzi yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, saraton va boshqa surunkali xastaliklar, shuningdek, semizlik, kamqonlikka olib kelmoqda. Bu esa, aholining yaxshi yashashiga va sihat-salomatligiga salbiy ta'sir qilmoqda. 

Parlament qo‘mitalarida o‘tkazilgan eshituv chog‘ida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarining ta'kidlashicha, qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bu boradagi muammolar to‘la bartaraf etildi deb bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tekshirish maqsadida 2017 yilda o‘tkazilgan laboratoriya tahlillariga ko‘ra, sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida 265 ming 332 ta oziq-ovqat mahsuloti namunalari tekshirilganda ularning 9 ming 302 tasi sanitariya-gigiyena me'yor talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Eshituvda qayd etilganidek, sog‘lom ovqatlanish bilan bog‘liq mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida aholining oziq-ovqat xavfsizligi va ratsional ovqatlanishini ta'minlash yuzasidan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarga doir chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqilgan. Unda qilinishi lozim bo‘lgan o‘ta dolzarb vazifalar aniq belgilab olingan.

Eshituv yakunida tegishli qaror qabul qilinib, aholining sog‘lom ovqatlanishi va sog‘lom turmush tarzi yuritish borasida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari faoliyatini o‘rganish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi. Buning uchun parlament quyi palatasi deputatlari, mutasaddi idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, barcha viloyatlarda tanqidiy-tahliliy o‘rganishlar o‘tkazish hamda o‘rganish natijalarini xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning sessiyalarida muhokama qilish va ular asosida takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

Mavzuga oid