Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qarori bilan pochta aloqasi operatorlari, provayderlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari tasdiqlandi.

Qoidalarga ko‘ra, quyidagilar ichki nazorat tizimining maqsadi hisoblanadi:

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishga qaratilgan pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq operatsiyalarni samarali aniqlash va oldini olish;

pochta aloqasi operatorlari, provayderlarining jinoiy faoliyatga qasddan yoki qasddan bo‘lmagan holda jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, hujjatlarda qayd qilish va kamaytirish;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash.

Quyidagilar pochta aloqasi sohasidagi ichki nazorat tizimining asosiy vazifalari hisoblanadi:

o‘z tavakkalchiliklarini aniqlash va baholash, hujjatlashtirish va kamaytirishga doir tegishli choralarni ko‘rish;

foydalanuvchilarni lozim darajada tekshirish bo‘yicha chora-tadbirlarini va identifikatsiyalash jarayonlarini amalga oshirish, shu jumladan foydalanuvchilar va ularning benefitsiar mulkdorlari haqidagi ma'lumotlarni muntazam yangilash va verifikatsiyalash;

benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash, ularning shaxsini o‘rganish bo‘yicha imkon qadar choralar ko‘rish;

yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni chuqur monitoring qilish;

mazkur Qoidalar va ichki qoidalarda belgilangan tartibda shubhali operatsiyalarni aniqlash;

ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi axborotni (hujjatlarni) maxsus vakolatli davlat organiga o‘z vaqtida taqdim etish;

Ro‘yxat bilan solishtirish orqali operatsiya ishtirokchilari orasida terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash;