2000 yilning avgust oyi. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlariga terrorchilar to‘dasi hujum uyushtirdi. O‘sha paytda maxsus operatsiyalar batalonida xizmat qilayotgan Bobomurod Nurotov jangarilarga qarshi kurashish uchun jang maydoniga jo‘nab ketdi. “Bosqinchilarni yer tishlatdik, lekin qurbonlar evaziga. Ko‘z o‘ngingizda do‘stingizga o‘q tegib joni uzilsa, bundan dahshati yo‘q. Jang maydonida bir necha safdoshlarimdan ayrildim”, deydi u.
Sariosiyo voqealari ishtirokchisi bo‘lgan zaxiradagi serjant Bobomurod Nurotov Kun.uz jurnalistiga urush dahshatlari haqida so‘zlab berdi.
Harbiy libosga mehr
“Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining chekka qishloqlaridan birida tug‘ilganman. Yoshlikdan chiniqib katta bo‘lganmiz, polvonlar sulolasidanman, bobom mashhur polvon bo‘lgan.

Akalarimning biri harbiy, yana biri MXX (hozirgi DXX) xodimi bo‘lgani uchun ham sohaga muhabbat bolalikdan uyg‘ongan. Harbiy liboslarini ko‘rib ularday bo‘lishga intilganman.
Muddatli harbiy xizmatni milliy gvardiya tizimida o‘tkazdim. 65-batalonda shartnoma asosida xizmatni davom ettirdim. Bizning batalon maxsus operatsiyalarni bajarish uchun tayyorgarlik ko‘rardi va shu sababdan unga chiniqqan, tezkor qaror qabul qiluvchi yosh yigitlar saralab olingandi.
Mustaqillikka erishganimizga endi 7-8 yil bo‘lgandi. Yurt himoyasi mard va jasur yigitlarning zimmasida bo‘ladi doim. Biz ham vatan himoyasi uchun tayyorgarlik ko‘radigan guruh edik.

Ba’zi guruhlar, jamiyatlar O‘zbekistonimizdagi tinchlikka raxna solish uchun bosqinchilik harakatlarini uyushtirib turishardi. Bulardan biri Surxondaryoning Uzun va Sariosiyo tumanlarida yuz berdi. Surxon tog‘larida ko‘plab safdoshlarimizning jon berganiga guvoh bo‘ldim. Bu voqealarni shunchaki aytib berish azob.
“O‘lyapman, o‘rtoq komandir”
2000 yilning avgust oyida terroristlar suqilib kirgan Sariosiyoga yetib bordik. Asosiy jang tog‘ tepasida bo‘lgan. Tog‘li hududlarda joylashgan 5 qishloqni jangarilar egallab olgan ekan.























