Jamiyat | 10:33 / 30.08.2018
6692
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ochildi 

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Samarqand davlat universitetida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori B.Hasanov, viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov va boshqalar ishtirok etdi.

– Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilganlar xotirasini abadiylashtirish, ularning xalq va Vatan kelajagi yo‘lidagi jasorati, haqida yosh avlodga ta'sirchan ma'lumotlar yetkazish eng muhim vazifamiz hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori Suyun Karimov. 

Muzeyni tashkil etishda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy, Sadriddin Ayniy, Saidahmadxo‘ja Siddiqiy Ajziy, Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li, Saidrizo Alizoda va boshqa ma'rifatparvar, xalqparvarlarning el-yurt ozodligi, xalqni ma'rifatli qilish borasidagi zahmatli mehnatlari haqida keng ma'lumotlar to‘plandi. Tarixiy hujjatlar, ashyolar jamlanib, muzeydan o‘rin oldi. 

Muzeyda “O‘rta Osiyo (Turkiston)ning Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi, Samarqandning bosib olinishi (1868-1900)”, “Milliy uyg‘onish harakati, uning namoyon bo‘lishi va amaliy yo‘nalishlari (1901-1917)”, “1937-1938 yillardagi siyosiy qatag‘onlar”, “Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatag‘on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan tarixiy ishlar (1991 yildan keyingi davr)” kabi sakkiz bo‘lim mavjud.

Mavzuga oid