2018 yilning avgust oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi o‘rtacha 0,3%ga oshdi (yanvar oyida inflyatsiya 2,7%, fevralda 1,1%, mart oyida 1,1%, aprelda 0,9%, may oyida 0,8%, iyun va iyul oylarida deflyatsiya 0,4% va 0,3%). Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida inflyatsiya darajasi 6,2%ni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Iste'mol bozoridagi narxlar yanvar oyida sezilarli darajada qimmatlashdi (2,7%). Iyun va iyul oylari davomida ichki iste'mol bozorlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘yinishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasi hamda umumiy inflyatsiya darajasining pasayishiga o‘z ta'sirini o‘tkazdi.
Kuzatuv natijalariga ko‘ra oy davomida tovarlar narxi o‘rtacha 0,3% va xizmatlar 0,4% qimmatlashganligini joriy yilning avgust oyidagi narxlar tendensiyasini «tovar va xizmatlar narxlarining bir maromda o‘sishi», deya tavsiflash mumkin.
Yillik inflyatsiya tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki (o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan), mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan inflyatsiya bosimining eng yuqori darajasi joriy yilning yanvar oyi (20,1%) hissasiga to‘g‘ri keladi va keyingi oylardan boshlab ushbu tendensiya aksincha, ya'ni, pasayish tomon harakatlanganligini ko‘rish mumkin.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida inflyatsion trendlarga ta'sir ko‘rsatgan asosiy omillar orasida quyidagilarni alohida qayd etish mumkin:
mavsumiylik hamda iqlim sharoitlari ta'sirida meva va sabzavot guruhi mahsulotlari, shuningdek, sutli mahsulotlar, tuxum hamda parranda go‘shti narxlarining o‘zgarishi;
import mahsulotlari bilan ichki bozorlarning to‘yinganligi (masalan, shakar va o‘simlik moyi);
yem-xashak (chorva ozuqalari) narxlarining ko‘tarilishi natijasida chorva mollarining qimmatlashishi, shuningdek aholi tomonidan mol go‘shti mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi;
guruch narxlarining qimmatlashishi iste'mol bozoridagi ushbu mahsulot hajmining kamayishi hamda ishlab chiqaruvchilar va sotuvchi tadbirkorlar tomonidan mavsumiy qurg‘oqchilik, shuningdek, sholi ekin maydonlarining qisqartirilishi oqibatida kutilayotgan taxminlar;
miliy valyuta qiymatining mustahkamlanishi hamda bir qancha tashqi savdo omillari natijasida import qilinuvchi mahsulotlar va ayrim turdagi xizmatlar narxlari, shuningdek, inflyatsiya darajasining oshib ketmasligiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatganligi (havo transporti xizmatlari shular jumlasidandir);

















