Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oldida strategik maqsad turibdi - oliy ta'lim muassasasini yangi turdagi ta'lim maskaniga aylantirish, ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda mutaxassislar tayyorlashning yuqori sifatiga erishish, bunda eng so‘nggi innovatsion va pedagogik texnologiyalar hamda ilmiy ishlanmalardan foydalanish, deyiladi universitet rasmiy veb-saytidagi bayonotda.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab JIDUning bakalavriati (22,1 million so‘mgacha) va magistraturasida (24,3 million so‘mgacha) to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olish ikki barobarga oshirildi. Bildirilishicha, JIDUga jiddiy iqtisodiy-moliyaviy xarajatlarsiz yangi avloddagi ilmiy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlar haqida gapirib bo‘lmaydi.

Ushbu vazifalarning bajarilishi ham davlat resurslari, universitetning byudjyetdan tashqari mablag‘larini optimallashtirishni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish narxining oshishi «yangi sharoitda universitet faoliyatini ta'minlashning muhim talablariga javob beradi».

Universitetning tubdan qayta qurish jarayoni allaqachon boshlangan, deya ma'lum qilishdi JIDUdan.

Birinchidan, moddiy-texnika infratuzilmasi yangilanmoqda: sport inshootlari qayta qurilmoqda va o‘zgartirilmoqda, talabalar uchun keng ijtimoiy maydonga ega yangi Axborot-resurs markazi yaratilmoqda; O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi elchixonalari resurslaridan foydalangan holda JIDU kutubxona fondini tubdan yangilash jarayoni boshlandi. Yetakchi xorijiy universitetlarda qo‘llaniladigan eng yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalarni (2015-2018 yillar nashri) sotib olish rejalashtirilgan.

Ikkinchidan, o‘quv rejalari va dasturlari yangilanmoqda, amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv jarayonining amaliy yo‘nalishlari kuchaytirilmoqda. Talabalarning mustaqil tayyorlanishini chuqurlashtirish, tahliliy fikrlashni shakllantirish va rivojlantirish, barqaror kasbiy ko‘nikmalarga alohida e'tibor qaratiladi. O‘quv jarayonining markaziy qismiga professor/o‘qituvchi aylanadi, u ta'lim jarayonining moderatori sanaladi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning yuklamasi qog‘oz ishlaridan ozod qilish va to‘liq ilmiy faoliyat uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qayta ko‘rib chiqiladi.

Uchinchidan, zamonaviy xalqaro iqtisodiy, siyosiy va huquqiy sohalardagi nufuzli xorijiy mutaxassislar JIDUning ta'lim jarayoniga jalb qilinadi. Joriy o‘quv yilida chet eldan kamida 10-15 nafar yetakchi xalqaro olimni taklif qilish rejalashtirilgan.