Gollivudning mashhur ovoz rejissyori o‘zbek filmida ishlayapti
Rossiyaning Dolby Atmos ovoz yozish studiyasida okeanortidan kelgan mehmon, amerikalik ovoz rejissyori Geri Burjua faoliyat yuritmoqda.
Uning filmografiyasidagi «Everestdan chang‘ida tushgan odam” nomli hujjatli film o‘z vaqtida “Oskar”ga munosib ko‘rilgan. Geri jahonga mashhur “Bornning ustunligi”, “Ilk qasoskor”, “Charli farishtalari”, “Fantastik to‘rtlik” kabi yuzlab filmlarda ham faoliyat yuritgan.
Gollivudning eng mashhur ovoz rejissyorlaridan bo‘lgan Geri ayni kunlarda O‘zbekistonda ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan “SCORPION” filmida ham ishlayapti. E'tiborli tomoni shundaki, Geri bilan Rossiyaning “Mosfilm” kinostudiyasi eksklyuziv suhbat uyushtirib, uni o‘z nashrlari va veb-saytida e'lon qilgan. Unda jumladan shunday deyiladi:
— Hozirgi kunda qaysi loyiha ustida ish olib boryapsiz?
— Meni o‘zbekistonlik yosh rejissyor Muxlisa Azizova hamda prodyuser Oybek Abdushukurovlar suratga olgan “SCORPION” filmiga taklif etishdi. Bu sarguzasht jangari film bo‘lib, Ivan Buryayev unga ajoyib musiqa yozgan. Rossiyalik ovoz rejissyorlari Aleksey Sinitsin va Dmitriy Klimanovlar meni ham ushbu loyihaga taklif etishganda, rozi bo‘ldim. “SCORPION” loyihasida men dialoglar va musiqaga javob beraman. Dmitriy Kliminov va Aleksey Sinitsin esa ovoz effektlari hosil qilish va shovqinlarga mas'ul. Kartinada qurol-yarog‘dan ko‘p foydalaniladi masalan, zambaraklar, qilichlar. Rossiyalik hamkasblarimga qoyil qolish kerak, ular qurol-yarog‘larga yaxshi ovoz berishgan.
– Siz ovoz rejissyorligi karerangizni musiqa industriyasida boshlagansiz, Bob Dilan, Jyenis Joplin kabi mashhurlar bilan hamkorlik qilgansiz. Musiqadan kinoga o‘tishingizga sabab nima?
— 15 yoshimdan boshlab klublarda baraban chalardim. Bir umr musiqa industriyasi ichida bo‘lganman desam ham bo‘ladi. Kinoga 19 yoshimda kirib kelganman. Bu ikki sohani muvaffaqiyatli birlashtira olaman. Tajribam sabab yaxshi musiqasi bor filmlarga doim meni taklif qilishgan va men takliflarni mamnuniyat bilan qabul qilganman.
— Karerangiz boshida faoliyat yuritgan “Everestdan chang‘ida tushgan odam” nomli hujjatli filmingiz “Oskar”ga munosib ko‘rilganda nimalarni his qilgandingiz?
— Bunga ancha bo‘lgan, u paytlar yosh edim. Loyihada menga behad erkinlik berishdi, bu esa o‘z navbatida katta mas'uliyat degani. Barcha shovqin tovushlarni biz o‘zimiz yaratgandik, asosiysi, bu tovushlar tabiiy chiqishi kerak edi. Masalan, filmda qorni yalangoyoq bosib yurganda g‘ichirlagan tovush kerak edi. Qorning tabiiy g‘ichirlagan ovozini chiqarish uchun o‘zim qorda oyoqyalang yurib, ovozni mikrofon orqali yozib olganman. Bu taassurotlar unutilmas. Yana filmda Tibet xalq musiqa asboblaridan foydalanilgan. Biz bu ovozni yozish uchun Everest bo‘yida yashaydigan sherp (Sharqiy Nepalda yashovchi elat)larni taklif etganmiz. O‘sha jamoa bilan butun umrga do‘st bo‘lib qoldik. Darvoqe, biz film qahramoni, 1970 yilda Everestdan chang‘ida tushgan yaponiyalik Yuichiro Miuro bilan ham uchrashganmiz. “Oskar” bilan taqdirlanamiz deb o‘ylamagandik, hatto eng yaxshi hujjatli filmni suratga oldik degan fikr xayolimizga ham kelmagandi. “Oskar” biz uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi. Hamon u bilan faxrlanamiz.
— Qaysi davlatlarda ishlagansiz?
— Dunyoning turli shaharlarida, Vankuver, Torontodan tortib Los-Anjyelesgacha, Bogotadan tortib Yevropaning ko‘plab shaharlarida ishlaganman. Hatto Bolgariyaning va mana yaqinda O‘zbekistonning loyihasida ham ishladim.