20 aprel kuni «Abu Muso Muhammad at-Termiziy»  tarixiy kinofilmining premerasi bo‘lib o‘tdi.

To‘g‘ri, (aniqrog‘i, «afsuski») film seanslariga navbat qorinog‘riq hazildan boshqasiga yaramaydigan filmlar yoki Murat Yildirim ishtirokidagi epizod bilan shov-shuvga erishgan «Skorpion»dagi kabi uzundan-uzoq emas. Reklamasi ham hamma joyda aylanaverib, me'dani qaynatgani yo‘q. Haybatidan dev hurkadigan reklama bannerlarining ovozasi dunyoni tutmadi.

Shunga qaramay, tarixiy-biografik yo‘nalishdagi mazkur film bir yarim soat davomida tomoshabinni zeriktirmasdan ushlab qola oladi. Abduxalil Mignorov ssenariysi va postanovkasi asosidagi «Abu Muso Muhammad at-Termiziy» filmi hali o‘zbek kinematografiyasi butkul «o‘lmaganini» ko‘rsatdi, deyish mumkin.

Film hadis ilmida Imom Buxoriydan keyingi eng ahamiyatli shaxs hisoblangan at-Termiziyning hayot yo‘liga bag‘ishlangan. Uning ilm olishi, noyob xotiraga egaligi, zamonasining buyuklari bilan uchrashuvi, fitnalarga ro‘baro‘ bo‘lishi kinoasar fabulasini tashkil etadi.

Imom Termiziy nomi bilan muhaddis sifatida tanilgan Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy milodiy 824-892 yillarda yashab o‘tgan. Sullamiy deb nisbat berilishiga sabab ajdodlaridan biri arablarning sullam qabilasi bilan do‘st tutinganidir. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Bug‘ qishlog‘ida vafot etgani uchun uning nomiga al-Bug‘iy nisbati ham qo‘shilgan, olim ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, az-Zariyr (ko‘zi ojiz) taxallusini olgani ham aytiladi. Dastlabki ilm olish davri Termiz shahrida o‘tgani uchun unga xalq orasida eng ommalashgan at-Termiziy nomi berilgan. Termiz, Samarqand va Balxda dastlabki bilimlarni egallab, Hijoz, Iroq va Xurosonning bir qator shaharlarida o‘z davrining yetuk allomalaridan saboq oladi. Umrini hadis to‘plashga bag‘ishlaydi. Turli manbalardan eshitgan hadislarini sahih (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma'qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratadi.

Hadis ilmiga bag‘ishlangan «Al-Jomi'» asari ijodining eng yirik namunasi hisoblanadi.

Film haqida bir narsa deyish mumkin: unda pand-nasihat ruhi sezilmaydi. Hamma voqealar o‘ta sodda va samimiy, ortiqcha pafosdan xoli tarzda ko‘rsatiladi. Voqealar markazida turgan at-Termiziy shaxsiga nisbatan ulug‘lash, ko‘kka ko‘tarish, ko‘pgina tarixiy asarlarda kuzatiladigan ilohiylashtirish kayfiyati sezilmaydi.

Voqealarning bayon uslubi shunday tuzilganki, ortiqcha ta'kidsiz tomoshabinning o‘zi kerakli xulosalarni chiqara oladi.