Jahon | 10:58 / 25.09.2018
5285
3 daqiqa o‘qiladi

Kelajak kishisi: nima uchun Jyeff Bezos sotuvchisiz do‘konlar ochish niyatida 

Foto: Getty Images

Ovozli yordamchilar, sotuvchisiz magazinlar, ommaviy bulutli serverlar, kosmik turizm – bular sayyoramizning eng boy kishisi Jyeff Bezos shug‘ullanadigan sohalarning bir qismi. Amazon haqidagi yangiliklarning sanog‘i yo‘q. Kuni kecha uning Amazon Go deb nomlanuvchi kassirsiz ishlaydigan 3 mingta magazin ochishni rejalashtirgani haqida xabar tarqaldi, bugun esa kompaniya qator yangi aqlli qurilmalarni taqdim etdi. Endilikda kartoshka yoki go‘sht qovurishni Alexa ovozli yordamchisiga aytish kifoya, u oshxonada beminnat dastyoringizga aylanadi.

Amazon kompaniyasi muvaffaqiyatga erishishining bir nechta sabablari bor. Birinchisi, kompaniya top-menejyerlarining kelajakni ko‘ra olish iste'dodi. Bezos va uning hamkasblari go‘yoki kelajakda yashayotgandek, bugungi kunga qaramasdan qarorlar qabul qilishadi. Masalan, Amazon Web Services servisi 2006 yilda taqdim qilingan bo‘lib, o‘sha paytda ma'lumotlarni bulutli servisda saqlash fikri hech kimning xayoliga kelmagandi.

Kompaniyaning bildirishicha, ommaviy bulutli xizmatga o‘tish orqali kompaniyalar o‘z ma'lumotlar omborini yaratish uchun sarflaydigan mablag‘ning 90%ini tejashlari va IT tizimidagi xodimlarining ish samaradorligini 62%ga oshirishlari mumkin. So‘nggi chorak yakunlariga ko‘ra, Amazon bulutli serverlar orqali 6,1 mlrd dollar daromad ko‘rgan.  

Muvaffaqiyatning ikkinchi siri – ishonchli rivojlanish strategiyasi. Bezos buni shunday ifodalaydi: kompaniya menejyerlari minglab qarorlar qabul qilish shart emas, bir nechta, lekin aniq va to‘g‘ri qaror qabul qilish kifoya. Bitta odam bir kunda uchta to‘g‘ri qaror qabul qilsa bo‘ldi, deydi Bezos.

Kompaniya Amazon Go deb nomlanuvchi sotuvchisiz do‘konlar tarmog‘ini ochishni rejalashtirmoqda. Bezos odamlarning do‘konlar oldida navbatga turishlarini yo‘qotish evaziga ularning vaqtlarini tejashni niyat qilgan. Bu shakldagi ilk do‘kon Sietlda ochilganida o‘zini oqladi. Kassa oldida hech qanday navbat bo‘lishi mumkin emasdi, chunki do‘konda sotuvchi yo‘q edi. Bu do‘konda xaridor o‘ziga kerakli mahsulotni oladi, to‘lov esa zamonaviy texnologiyalar orqali uning kartasidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Amazon Go tarmog‘idagi do‘konlar sonini 3000taga yetkazish kompaniyaga 20 mlrd dollardan ortiq daromad keltiradi.

Oddiy do‘konlar umumiy daromadning 6-10%ini sotuvchilarning maoshi uchun sarflaydi. Amazon esa ana shu pulni tejab qolmoqchi. Hozirda Amazon reteyl sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida dunyoda yetakchi sanaladi. Bu borada unga hozircha raqobat qiladigan kompaniya yo‘q.

Mavzuga oid