O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi negizida quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

a) Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazini davlat muassasasi shaklida tashkil etish hamda unga quyidagi vazifalarni yuklash:

ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etish, Maktabgacha ta'limni boshqarish axborot tizimining joriy etilishini ta'minlash;

ta'lim-tarbiya jarayonida, maktabgacha tarbiya tizimining pedagog va rahbar xodimlari tarkibini o‘qitish jarayonida foydalanish hamda turli telekommunikatsiya kanallari orqali tarqatish uchun media-kontent tayyorlash va ishlab chiqarish;

maktabgacha ta'lim muassasalari uchun o‘quv-metodik, didaktik materiallarni tayyorlash va ishlab chiqarish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

maktabgacha ta'limni boshqarishning zamonaviy standartlarini ishlab chiqish va joriy etish;

maktabgacha ta'lim tizimiga joriy etilayotgan ta'lim usullari va dasturlarini tahlil qilish va samaradorligini baholash;

b) Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish institutini davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Institutni maktabgacha ta'lim tizimi buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq investitsiya loyihalari bo‘yicha, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda bosh loyiha tashkiloti sifatida belgilash;

v) Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasini davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etish hamda Injiniring kompaniyasiga maktabgacha ta'lim tizimi obektlarini qurish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini yuklash hamda kompaniya xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, kapital ta'mirlash va rekonstruksiya qilish qiymatiga kiritish;