“Iqtidorli yoshlar” Respublika forumida yangi iste'dodlar kashf etildi
Yoshlar har bir mamlakatning ertangi kuni, jamiyatda o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan, bunyodkorlik g‘oyalarini hayotga tatbiq etuvchi muhim kuch, salohiyatli resurs hisoblanadi. Albatta, yoshlarni ijtimoiy, ma'naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquq hamda majburiyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga qulay sharoit yaratish orqali ularni yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylantirish O‘zbekiston yoshlar ittifoqi zimmasidagi eng muhim vazifalardan sanaladi.
Joriy yilning 15 oktabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Iqtidorli yoshlar» Respublika forumi ham ushbu maqsadlarga qaratilgan.
— Yurtimizdagi barcha yoshlarning tashabbus va iqtidorlarini namoyon etishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish, innovatsion loyihalarini ishlab chiqarishga keng jalb etish, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan o‘zaro muloqot maydonini yaratish, jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlari uchun yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboyev. — Mazkur forum iqtidorli yoshlarni Respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarda faollikka chorlash, xalq manfaatlari uchun butun kuchini, bilimi va imkoniyatlarini safarbar qila oladigan tashabbuskor, shijoatli yoshlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.
Forum davomida iqtidorli yoshlarga sho‘'balarga bo‘lingan holda aniq fanlar, texnika va texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda farmatsevtika sohasidagi innovatsion loyihalar yo‘nalishlarida muloqot maydoni yaratildi. Unda yoshlar o‘z loyihalari, ixtirolarini namoyish etishdi.
—Iqtidorli yoshlarimiz forum orqali o‘zaro muloqot qilib, yangiliklar bilan tanishish barobarida amaliy tajribalar almashdi. Ko‘plab kashfiyotlar orasida o‘z loyihasidagi kamchiliklarni anglab yetgan ishtirokchilar ham bo‘ldi. Aksariyat texnologiyalar dunyo standartlarida belgilangan talablarga javob bera olmaydi. Ammo ularning iqtidorini so‘ndirmaslik uchun qolaversa, kuchli raqobat maydoni yangidan-yangi innovatsion g‘oyalarni uyg‘otishi uchun ularga qatnashish cheklovi qo‘yilmadi. – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Bahodir Kucharov. — 4 ta yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi 20 ta ixtiro amaliyotga tatbiq etish uchun saralab olinib, islohotlarni jadallashtiruvchi ilg‘or innovatsiyalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan Fond tomonidan amalga oshirish uchun moliyalashtiriladi.
Yosh iqtidor egalari mazkur tadbirda aniq fanlar, texnika va texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda farmatsevtika sohasidagi kerakli innovatsiyalarga mavjud ehtiyojlar va takliflar bilan ham tanishishdi. Loyihalarni amalga oshirish bosqichlari, ixtiro guvohnomasini olish tartibi bo‘yicha ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.
Jizzax Davlat pedagogika universiteti talabasi Abdulla Sharofiddinov ham forumga o‘z loyihalarini taqdim qildi. U «Xalq og‘zaki ijodi orqali bolalarni ma'naviy tarbiyalash va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish» mavzusidagi loyihasi orqali O‘zbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasini qo‘lga kiritgan.
— Loyiha doirasida hududlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari samarali tashkil etilib, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, risolalar chop ettirildi. Ular maktabgacha ta'lim muassasalari va umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga tarqatildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali ham loyihaning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tanishtirilmoqda, — deydi Abdulla Sharofiddinov. — «Oilada bolalarni xalq og‘zaki ijodi orqali tarbiyalash» va «Bolalardagi nutq ko‘nikmalarini shakllantirish» nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari orqali bolalarning dunyoqarashi, tafakkur va idrok jarayonlari shakllanadi.
Tadbir yakunida yuqorida keltirilgan 4 ta yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilarning loyihalari munosib rag‘batlantirilib, e'tirof etilgan ixtirolar O‘zbekiston yosh olimlar Kengashiga yo‘naltirildi.
Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, ko‘rish va eksplutatsiya instituti talabasi Murod Muhammadjonovning loyihasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. “Avtomobil yo‘llari va aerodromlarda geosintetik materiallarni qo‘llash” mavzusidagi loyihaning asosiy maqsadi avtomobil yo‘llari yo‘l poyi va qoplamani geosintetik materiallar bilan kuchaytirishning mavjud usullarini takomillashtirishdan iborat.
—Loyihada avtomobil yo‘llari ko‘tarmasi va qiyaligini giosintetik materiallar yordamida ustuvorlikka hisoblash usuli va chizmasini ishlab chiqamiz. Giosintetik materiallar va grunt orasidagi o‘zaro ta'sirchanliklarini aniqlash bo‘yicha uskuna qurilmalarini tayyorlaymiz, — deydi Murod Muhammadjonov. — Laboratoriya sharoitida grunt va giosintetik material orasidagi mustahkamlik ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha mavjud usullarini takomillashtirib, dala sharoitida giosintetik materiallar bilan kuchaytirilgan tajriba yo‘l poyini barpo etamiz. Unda kuzatuv ishlarini olib borish orqali natijalarni tahlil qilamiz.
Shahnoza Nurullayeva
Mavzuga oid
17:48 / 28.09.2019
«Qolipga solingan fikrlar yoshlarga qiziq emas» - Yoshlar ittifoqini o‘zgartirishga intilayotgan Alisher Sa’dullayev bilan suhbat
15:50 / 25.06.2019
Namanganliklar «Yoshlar va qonun» tanlovida peshqadam bo‘ldi
15:59 / 17.06.2019
Zamonaviy texnologiyalarga qiziquvchi yoshlar uchun «Digital Generation Camp» yozgi oromgohi tashkil etildi
15:46 / 15.06.2019