Shu yilning 29 avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkilotida rahbar o‘zgarishi kuzatildi. Unga ko‘ra, Qahramon Quronboyev Yoshlar Ittifoqi raisligidan ketdi va uning o‘rnini tashkilot raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Alisher Sa’dullayev egalladi.

Kun.uz O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining o‘tgan davrdagi faoliyati tahlili va kelgusi rejalari haqida fikrlashish maqsadida Alisher Sa’dullayev bilan suhbat tashkil qildi. Tashkilot rahbari bilan qilgan mazkur suhbatimiz O‘zbekistonda yoshlar masalalari va bu borada ularni qiynayotgan muammolar, yangi rejalar hamda yosh rahbarning shaxsiy kar’yerasidagi o‘sish sirlari haqida kechdi.

- Kamolot yoshlar ijtimoiy harakatining Qurultoyidagi chiqish, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga kelish va ushbu tashkilotda rahbarlik...

 Alisher, O‘zbekistonda deyarli barcha sizni mana shu bosqichlardan boshlab biladi, taniydi. Ayting-chi, Alisher Sa’dullayev undan avval kim edi?

- Yaxshi eslayman, maktab davridan boshlab yaxshi o‘qishga, boshqalardan ajralib turish va liderlikka harakat qilardim. Keyinchalik Jizzaxdagi umumta’lim maktabini tamomlab litseyda tahsil oldim.

Litseyda o‘qiyotgan paytda ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim boshlangan va o‘sha paytlarda bu tilning jahonni o‘rganish uchun kalit ekanligini tushungandim.

Shu sababli, litsey davrimda ko‘p vaqtimni xorijiy tildagi adabiyotlarni mutolaa qilishga sarflardim.

O‘sha paytda yana bir voqea yaxshi esimda qolgan, dadam menga mahallamizda hali ko‘pchilikda bo‘lmagan yangi noutbukni olib bergan edi.  O‘sha paytda bu noutbukning narxi 725 dollar edi. Keyin Toshkentga kelib 107 dollarga printer qurilmasi va 7 dollarga modem olib ketganmiz. Menimcha, dadam bu ishlarni o‘g‘lim ilm olsin, ilm olib kelajakda yaxshi kasblarni egallasin, deb qilgan. Chunki, biz badavlat emasdik, oilamiz o‘rtahol edi.

Bu ota-onani, ular farzandi uchun qilgan mehnatlarni qadrlaydigan bola uchun juda katta qarz.   

Litseyni tamomlab, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga kirdim. O‘sha paytda oilamizda chet el oliy ta’lim muassasalari haqida to‘la tasavvur bo‘lmagani uchun biroz ikkilanishlar ham bo‘lgan, qaysiki, keyinchalik O‘zbekistondagi davlat ishlariga joylashib keta oladimi, degan xavotirlar bor edi. Bunday xavotirlar hozir ham ko‘pchilik yoshlarda bor. Shu o‘rinda ularga qarata aytmoqchi edimki, sizda yetarli salohiyat, bilim va o‘z kasbini yaxshi ko‘rish xislatlari bo‘lsa har qanday ishga joylasha olasiz.