Jamiyat | 11:09 / 19.10.2018
10015
4 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘krak bezi saratoniga qarshi birga kurashamiz». Yoshlar press klubida tibbiy maslahat kuni tashkil etildi

Ko‘krak bezi saratoni — o‘simta kasalliklari orasida eng ko‘p tarqalgan kasallik. Tibbiy statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra bu kasallik bilan dunyo bo‘ylab 10 % ayollar, ayniqsa Yevropa mamlakatlarida istiqomat qiluvchi ayollar kasallangan. Aksariyat hollarda saraton 45 yoshdan oshganlarda kuzatiladi. Rivojlangan davlatlarda ushbu kasallik biroz kamaygan. Bunga sabab kasallikni aniqlashda zamonaviy tekshiruvlar o‘ylab topilgani va davo choralarining samaradorligidir. Shunday bo‘lsa ham o‘sma turli xildagi hujayralar va ularning o‘sish darajalari farq qilgani uchun kasallikni davolash qiyinchiliklar tug‘diradi. Kasallik rivojlanishi sekin, uzoq vaqt davomida belgilarsiz kechadi. Ba'zi hollarda kasallik shiddat bilan rivojlanishi ham mumkin. Ko‘krak bezi saratonining samarali davosi uning erta aniqlanishidagina amalga oshadi.

Foto: Yoshlar press klubi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Turkiyadagi Liv Hospital klinikasi bilan hamkorlikda joriy yilning 18 oktabr kuni «Yoshlar press klubi»da «Ko‘krak bezi saratoniga qarshi birga kurashamiz» shiori ostida tibbiy maslahat kuni tashkil etildi. Unda Liv Hospital klinikasi onkomammolog jarrohi, professor – Ertigrul Gazio‘g‘lu ko‘krak bezi saratoni, uning oldini olish va davolash bo‘yicha taqdimot qildi. Tajribali tibbiyot vakili ko‘krak bezi saratonining belgilari sifatida a'zodan turli xil ajralmalar ajralishi, terining o‘zgarishi, doimiy og‘riq, yo‘tal va nafas olishning qiyinlashuvi, shuningdek, holsizlik, vazndagi o‘zgarishlar va qo‘ltiqda o‘simta paydo bo‘lishi hamda ko‘krak qismi o‘lchamidagi o‘zgarishlarda kuzatilishini ta'kidladi.

Foto: Yoshlar press klubi

— Ko‘krak bezi saratoni kasalligi bilan kasallanish ko‘proq 50 yoshdan oshgan, genetik kasallikka ega bo‘lgan (BRCA1 va BRCA2 genlardagi deffekt),  ko‘p spirtli ichimlik iste'mol qilgan, farzand ko‘rmagan, yoshi 30 dan oshganda ilk bor ona bo‘lgan, farzandini ko‘krak suti bilan emizmagan, estrogenlik gormonal dori-vositalarini 1 yildan ko‘p qabul qilgan, radiatsiya ta'siriga uchragan ayollarda uchraydi, – deydi onkomammolog Zeynep Sevim.

Tibbiy maslahatlardagi ma'lumotlarga ko‘ra, kasallikning og‘ir bosqichlarida suyaklar va ko‘krak qismida og‘riq, terida yaralar paydo bo‘ladi. Saraton kasalligi mavjud bo‘lgan ko‘krak tomondagi qo‘lda shishlar kuzatilib, vazn tez yo‘qotiladi.

Foto: Yoshlar press klubi

Ushbu kasallikni davolashda o‘z vaqtida amalga oshirilgan diagnostika muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun har bir ayol muntazam ravishda mammolog (ko‘krak bezi kasalliklari mutaxassisi) ko‘rigida bo‘lishi shart. 

Tadbir natijasida ishtirokchilar ko‘krak bezi saratoni kasalligi, uni vaqtida diagnostika qilishning ahamiyati bilan yaqindan tanishib chiqishdi.

Foto: Yoshlar press klubi

O‘zbek oilasi uchun xususan, ayollarimiz uchun o‘tkazilgan mazkur tadbir ayollarni asrash, ularni qadrlash maqsadida tashkil etildi. Davra suhbatidan so‘ng qizlar va ayollar uchun «Ezgu niyat» xalqaro klinikasida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Mavzuga oid