Jahon | 17:42 / 08.11.2024
6892
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar saratonning eng agressiv shakllarini yengish usulini o‘rgandi

Ular o‘smalarning ko‘payishiga olib keluvchi DNK bo‘laklarini topib yo‘q qiladigan preparatni ixtiro qildi.

Foto: Cultura Creative Ltd/Alamy

Olimlar saratonning eng agressiv turlarini davolash ustida ishlamoqda. Bunda ular o‘smalarning o‘sishiga yordam beradigan va kimyoterapiyaga chidamliligini oshiradigan patologik DNKning kichik bo‘laklariga ta’sir o‘tkazish usulini qo‘llamoqchi. Bu usul orqali saratonning eng xavfli ko‘rinishlarini ham yengish mumkinligiga ishonilmoqda.

AQSh va Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqot natijasida muhim kashfiyot qilindi. Unda davolash qiyin bo‘lgan saraton turlarining ko‘pchiligida xavfli genetik material halqalari borligi aniqlandi. Bu halqalar o‘smalarning yashab qolishi va muolajaga chidamliligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Buyuk Britaniyadagi 15 000 ga yaqin bemorda 39 xil turdagi o‘smalar bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarda saraton holatlarining har oltitadan bir yoki ikkitasida xromosomadan tashqaridagi DNK (ekDNK) aniqlangan. Ushbu genetik kod halqalari o‘smalarni davolashni murakkablashtirishi mumkin.

Tahlil ekDNK rakning o‘sishi va chidamliligini qanday rag‘batlantirishini ko‘rsatdi, bu esa tadqiqotchilarga muolaja uchun qanday dori zarurligini aniqlash imkonini berdi (dori allaqachon klinik sinovlarning dastlabki bosqichidan o‘tkazilmoqda). Ushbu dori vositasi zararlangan hujayralarni tanlab yo‘q qiladi va o‘smalarda chidamlilik rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

“Kashfiyotning ahamiyati beqiyos, chunki u butun dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlarga ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Stenford universiteti patologiya professori Pol Mishel. “Bunday bemorlar haqiqatan azob chekmoqda, ular mavjud davolash usullarimizga javob bermaydi, ulardagi rak esa juda agressiv xarakterga ega”.

Odam hujayrasidagi ko‘pchilik genlar hujayra yadrosi ichidagi 23 juft xromosomada joylashgan. Lekin ba’zan fragmentlar xromosomadan uzilib, ekDNK doiralarini hosil qiladi. Yaqin vaqtgacha ekDNK saraton rivojlanishida kam uchraydigan va ahamiyatsiz deb hisoblangan.

Nature jurnalida chop etilgan uchta maqolada tadqiqotchilar ekDNKning kelib chiqishi va ahamiyatiga chuqur kirib bordi. Ular 17,1 foiz o‘rganilgan o‘smalarda ekDNK borligini aniqladi, shu bilan birga bu genetik material ko‘krak, miya va o‘pka saratonining ma’lum shakllarida ko‘proq uchraydi.

ekDNK parchalari saratonni keltirib chiqaruvchi va immun tizimini susaytiruvchi genlarni o‘z ichiga oladi. Birinchi toifa o‘smalarning o‘sishiga ko‘maklashsa, ikkinchisi o‘smalarga organizmning tabiiy himoyasini chetlab o‘tish va immun tizimining kuchini saraton hujayralariga qarshi yo‘naltirishga asoslangan zamonaviy immunoterapiyaga qarshilik ko‘rsatishda yordam berishi mumkin.

Tadqiqotchilar ekDNKning tez va tartibsiz ko‘payishi ham rakka sabab bo‘lishini aniqladi. Saraton hujayrasi bo‘linganda hosil bo‘lgan har bir hujayra bir xil miqdordagi xromosomalarni meros qilib oladi. Biroq agar boshlang‘ich hujayrada bir nechta ekDNK mavjud bo‘lsa, ular notekis taqsimlanishi mumkin. Bunday holda, bo‘linish natijasida hosil bo‘lgan hujayralardan biri boshqalariga nisbatan ko‘proq ekDNK meros oladi. Bu esa o‘smaning genetik xilma-xilligini oshirib, uning saratonga qarshi dorilarga chidamliligini kuchaytiradi.

Tadqiqot CHK1 ingibitorlari deb nomlanadigan dorilar ekDNKni o‘z ichiga olgan o‘sma hujayralarini tanlab yo‘q qilishi mumkinligini ko‘rsatdi. Kichik guruhdagi sichqonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda Boundless Bio kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan CHK1 ingibitori, an’anaviy saraton kasalligiga qarshi dori vositasi bilan birgalikda qo‘llanganda, o‘smalarning hajmini kichraytirishga va dori ta’siriga chidamlilikni oldini olishga yordam berdi.

Mavzuga oid