Jamiyat | 19:00 / 21.10.2018
22991
5 daqiqa o‘qiladi

Maktablarga sinf jurnallari haligacha yetkazib berilmadi. O‘qituvchi yana sarson

Foto: KUN.UZ

​Joriy yil o‘quv mavsumi boshidanoq umumiy o‘rta ta'lim maktab sinflari uchun sinf jurnallari yetkazib berilmayapti. Bu haqda turli hududlarda faoliyat yurituvchi maktab o‘qituvchilari Kun.uz'ga ma'lum qilgan. 

Ta'kidlanishicha, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan mahalliy boshqarmalarga maktablarning I-IV, V-IX, X-XI sinflari uchun vaqtinchalik sinf jurnallari namunasi yuborilgan. Vazir Sherzod Shermatov imzosi bilan tasdiqlangan buyruqqa ko‘ra, sinf jurnallari nashr etilib, belgilangan tartibda yetkazib berilgunga qadar umumiy o‘rta ta'lim maktablarida vaqtinchalik sinf jurnalining namunasidan foydalanish tavsiya etiladi.

Buyruqda yana ikki gap aniq ta'kidlangan: jurnal muhrlangan holda yuritilishi nazoratga olinadi va mazkur ishlarni amalga oshirishda ota-onalardan pul yig‘ish kabi korruptsion holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Unda jurnal osmondan tushadimi yo yerdan o‘sib chiqadimi? Ha, uni 2018 yil sentabrdan e'tiboran oshirilgan maoshidan masrur yurgan o‘qituvchilar tayyorlaydi. Cho‘ntagidan, maoshidan. 

«Har yili 10 kun, uzog‘i bilan 15 kunda jurnal berilgan. Shungacha vaqtincha jurnal tayyorlab, shuni yuritganmiz. Asl jurnal tarqatilgach, hammasini ko‘chirardik. Bu yil sal boshqacha bo‘ldi: avvaliga, vaqtincha jurnal, keyin 1 oy uchun tayyorlash aytildi, so‘ngra yil davomida jurnal bo‘lmaydi, degan gap tarqaldi. Mana endi vazirning buyrug‘i chiqibdi. 

Maoshimiz oshirilgan, hech kim ishidan ayrilishni istamaydi, lekin shusiz ham zo‘rg‘a kun kechirayotgan o‘qituvchilar taqdirga tan berib ishlashda davom etyapmiz», deydi toshkentlik o‘qituvchilardan biri. 

Birdan «uddaburon tadbirkorlar» paydo bo‘lib, sinf jurnalini tayyorlab berish xizmati ko‘paydi. Masalan, yillik o‘quv rejasiga mos jurnalni tayyorlash 100 ming so‘mdan kam emas. Ayrim viloyat markazlarida esa tipografiya xizmati orqali bosib chiqarilgan jurnallar nisbatan kamxarj bo‘lib chiqdi. 

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Mas'ul xodimning ta'kidlashicha, vazirlik sinf jurnalini sotib olish uchun tender e'lon qilish talab etiladi. 

«Tender ma'lum bir vaqt xaridlar saytida turishi lozim. Tender asosida jurnal yetkazib beruvchi tashkilot belgilanadi», deydi vazirlik vakili. 

Ma'lum qilinishicha, tender jarayoni hanuzgacha davom etmoqda va shu vaqt oralig‘ida vaqtinchalik jurnallar shakllari mahalliy boshqarmalarga yetkazib berilgan. Albatta, vaqtinchalik jurnal qaysi mablag‘ hisobidan va kim chop etishi haqida aniq ma'lumot mavjud emas. Shunga qaramay, boshqa savol paydo bo‘ladi: nega tender o‘quv mavsumi boshlanganiga qaramay, haligacha davom etmoqda? 

O‘zbekiston Respublikasi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tender o‘tkazilishi to‘g‘risidagi e'lon tender ishtirokchilaridan takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida o‘ttiz kun oldin va ko‘pi bilan qirq besh kun oldin maxsus axborot portaliga davlat buyurtmachisi tomonidan joylashtiriladi. 

Shuningdek, 27 sentabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori e'lon qilindi. Qaror bilan davlat xaridlari sinfiga kiritilmaydigan bir qator muhim xaridlar sanab o‘tilgan. Garchi, qaror bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlar Xalq ta'limi vazirligining sinf jurnalini sotib olish bo‘yicha e'lon qilgan tenderiga ta'sir etmasa-da, aslida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun har tomonlama puxta ishlab chiqilgan hujjat emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Ma'lumotga ko‘ra, eng kam o‘rtacha nominal ish haqi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha xodimlarida hisoblangan. Ularning o‘rtacha nominal ish haqi 1 mln 85 ming so‘mga teng bo‘lgan. Ta'lim sohasida ishlayotganlar ham boshqa soha vakillariga nisbatan kamroq maosh olishlari ma'lum bo‘ldi. Ularning o‘rtacha nominal ish haqi 1 mln 300 ming so‘mga yaqin. Faqat shu yil yangi o‘quv mavsumidan boshlab, o‘qituvchi va murabbiylarning oylik maoshi oshirilgandi.

Bundan tashqari, tender yakuniga yetgach, maktablarga jurnal yetkazib beriladimi, bu qachon yuz beradi? Shu kabi savollarga ham javob yo‘q. Agar jurnal tarqatilsa, vaqtinchalik qaydlar yangi tarqatilgan sinf jurnaliga qayta yozilishi ayrim o‘qituvchilar uchun vaqtni behuda sarflash bilan barobar.

Mavzuga oid