O‘zbekistonda maktablarni 5 kunlik tizimga o‘tkazish petitsiyasi parlamentda ko‘rib chiqilishi mumkin. Kun.uz'ga intervyu bergan o‘qituvchilar ayni tashabbus juda kerakli ekanini, buning ortidan ta’limdagi stressni kamaytirish, sifatga erishish mumkinligini aytishmoqda. Ammo ustozlar taklifning ijobiy tomonlaridan yuz o‘girmagan holda avval maktab defitsiti hal qilinishi tarafdori. “Birinchi biz 2-3-smenalarni yo‘qotishimiz kerak. Shundan keyin 5 kunlik haqida gapirsak bo‘ladi”, – deydi respondentlardan biri.

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga ta’lim muassasalarida darslarni haftasiga 5 kunlik rejimga o‘tkazish haqida petitsiya joylashtirilgan.

O‘tgan yili oktyabrida joylangan petitsiyani xozirgacha 15 mingdan ortiq inson yoqlagan. Qoidaga ko‘ra endi deputatlar maktablarni 5 kunlikka o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishi kerak.

Ushbu tashabbus tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz ayni keys fonida soha odamlarining fikrlari bilan qiziqdi.

Sifat va unum aksincha pasayadi”

Pedagog Isroil Tillaboyev 5 kunlik tizimga o‘tishga qarshi ekanini, bu muammolarni keltirib chiqarishini tushuntirishga urindi.

Bir statistika ko‘rgandim, 70 foizga yaqin maktablar 2 smenada o‘qiydi, nechtasidir 3 smenada. Tasavvur qiling, 2 smenali maktablarga 5 kunlik tizimni joriy etmoqchisiz, 8 dan boshlanadigan darsni 5 daqiqalik tanaffuslar bilan hisoblaydigan bo‘lsak – 7 soatlik darsni sig‘dirsangiz, u 2 da tugashi mumkin. 2 dan keyin 2-smena boshlansa, qishloq sharoitlarda soat 5 da qorong‘i tushadi, shunday sharoitlarda 7-soat 6 yoki 7 da tugaydi. Bu juda katta qiyinchilikni olib keladi.

Ba’zi odamlar bilan gaplashsangiz, boshqa davlatlar: Kanadani misol keltiradi, lekin ulardagi sharoit bilan bizdagisining yer bilan osmoncha farqi bor. Ularda to‘liq smenali maktab, kerak bo‘lsa haftalik yuklamasi ham kam, bizda xabaringiz bor, bir necha yil oldin O‘zbekistondagi maktablarda dars yuklamasi dunyo miqyosida eng yuqori dars yuklamalilar qatoriga kiritilgandi. Misol uchun, 8-sinf o‘quvchilari 1 haftada 33 soat dars o‘tadi, 6 kunda kerak bo‘lsa 6 soatdan o‘tayotgan bo‘lsa, 5 kunga qo‘yiladigan bo‘lsa, bolaning o‘zi charchab qoladi. Ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladi”,