O‘zbekiston | 12:06 / 22.10.2018
14949
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi huzurida yangi agentlik tashkil etildi

Foto: Advantour

Prezidentning 20.10.2018 yildagi “Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini yaratish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi
 
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Savdo-sanoat palatasining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Organ Moliya vazirligi huzurida faoliyat ko‘rsatadi, Agentlikka esa lavozimi bo‘yicha moliya vazirining o‘rinbosari hisoblanadigan direktor boshchilik qiladi.
 
Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarining samaradorligi va afzalliklarini baholash uslubini ishlab chiqish, ushbu loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;

davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda idoralararo muvofiqlashtirishni ta'minlash, shuningdek, loyihalar to‘g‘risidagi axborotni ochiq holda joylashtirish va ularning reyestrini yuritish;

davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan, muayyan loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarga ko‘maklashish;

davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalarida investorlar, xalqaro moliya va donor tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek, bozorning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni tashkil etish;

davlat-xususiy sheriklik loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash va taqsimlash yuzasidan ularning takliflarini ko‘rib chiqish;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, loyihalarga jalb qilingan byudjyet tizimi mablag‘laridan foydalanilishini, shuningdek, tegishli tarmoqlardagi xalqaro tajribani inobatga olgan holda loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish amaliyotini monitoring qilish.

Agentlik muhim vakolatlarga ega bo‘ldi. Masalan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, tanlov hujjatlari, shuningdek, DXSh to‘g‘risidagi bitimlar loyihalari va ularga kiritiladigan o‘zgartirishlar Agentlik bilan kelishilishi lozim. Shuningdek, u DXSh loyihalarining amalga oshirilishi, texnik-iqtisodiy hamda moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborotni ularning tashabbuskorlari va ishtirokchilaridan so‘rab olish huquqiga ega.

Mavzuga oid