O‘zbekiston | 08:21 / 01.11.2018
4747
2 daqiqa o‘qiladi

Bundestag O‘zbekistonni “Xalqaro parlament stipendiyasi” dasturiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Foto: senat.uz

2018 yil 31 oktabr kuni Senatda Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm qo‘mitasi raisi Alisher Qurmanov va Bundestagning “GFR – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Manfred Grund boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarining, shu jumladan parlamentlararo o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Parlament a'zolari hamkorlikni rivojlantirishda o‘zaro ishonchli muloqot, ikkala tomonning bir-birini tushunishi va manfaatdorligi O‘zbekiston va Germaniya siyosiy munosabatlarining asosini tashkil etishini ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, Germaniya Bundestagining “Xalqaro parlament stipendiyasi” dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur orqali hamkor mamlakatlardan istiqbolli kadrlarni GFRda parlament faoliyati bilan tanishtirish va parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish nazarda tutilgan. Har yili Bundestagda amaliyot o‘tash uchun taxminan 120 ta stipendiya taqsimlanadi. Hozirgi vaqtda 40 dan ortiq mamlakat vakillari ushbu dastur ishtirokchilari hisoblanadi. Joriy yilning oktabr oyida Bundestag O‘zbekistonni ushbu dasturga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Foto: senat.uz

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonni rivojlantirishning industrial-innovatsion dasturlarini amalga oshirishda Germaniya ishtiroki istiqbollari hamda yuqori texnologik qo‘shma korxonalarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi. GFR mamlakatning Yevropa ittifoqida yetakchi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlaridan biri ekani ta'kidlandi. Savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash mavzusini davom ettirgan holda ikki mamlakatning mavjud salohiyatidan to‘liqroq foydalanish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar xalqaro kun tartibi va ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro foydali aloqalarini rivojlantirish va mintaqada xavfsizlikni ta'minlash istiqbollarini ham muhokama qildilar.

Mavzuga oid