Jamiyat | 18:30 / 10.11.2018
9974
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor sport tibbiyotiga bag‘ishlangan yirik anjuman bo‘lib o‘tdi

Ma'lumki, so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik sportchilar katta yutuqlarga erishishmoqda. Bu muvaffaqiyatlar zaminida spotchilarimizning mehnati bilan birga Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaz xodimlarining mehnati ham alohida o‘ringa ega.

8 noyabr kuni poytaxtimizdagi City Palace Hotel mehmonxonasida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi tashabbusi bilan “Sport tibbiyotining dolzarb muammo va istiqbollari” nomli Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi. Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan anjumanda sport tibbiyoti bo‘yicha mamlakatimizning yetakchi mutaxassislari bilan birga Rossiya, Yaponiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlardan taniqli sport shifokorlari ishtirok etishmoqda.

Tadbirni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi rahbari Abdushukur Sodiqov ochib berdi. So‘ngra O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov so‘zga chiqdi va O‘zbekistonda sport tibbiyotining rivojlanishida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining o‘rni beqiyos ekanligi, mazkur konferensiya o‘zaro fikr almashish, tajriba orttirish yo‘lida o‘ziga xos axborot maydoni bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi. J.Matchanov o‘z so‘zida yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, u orqali sportchilarimizning Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta'minlash, jumladan, sport tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng, tadbirning martabali mehmonlari tomonidan ma'ruzalar boshlandi. Avvaliga markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur Sodiqov “O‘zbekistonda sport tibbiyotining kecha va buguni” mavzuida chiqish qildi. So‘ngra Rossiyadan tashrif buyurgan taniqli akademik, MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari sport tibbiyoti vrachlari assotsiatsiyasi prezidenti Boris Polyayev Rossiya sport tibbiyotining bugungi kun yutuqlari haqida gapirib berdi.

Yaponiyalik olim, 2020 yilgi Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy kengash a'zosi Ishida Xiroyukining “Sportda to‘satdan o‘limning oldini olish strategiyasi” mavzuidagi ma'ruzasi yig‘ilganlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.

— Butun dunyoda sport tibbiyotidagi muammolar, ularni bartaraf etish, sportchilarning musobaqalar jarayonida jarohat olishlarini kamaytirish, turli shikastlanishlarning oldini olish borasida ko‘plab ishlar qilinmoqda, — dedi MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari sport tibbiyoti vrachlari assotsiatsiyasi prezidenti, RFFA akademigi Boris Polyayev. — Bu borada O‘zbekistonda ham mutaxassislar katta ishlarni amalga oshirayotganiga guvoh bo‘ldim. Ayniqsa, mamlakatingizdagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy amaliy markazida yaratilgan sharoitlar, u yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar menda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, konferensiyada mavzuga doir sport tibbiyoti bo‘yicha mahalliy va xorijiy shifokorlar o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi. Anjuman davomida Rossiya sport tibbiyoti bo‘yicha bemor va nogironlarni reabilitatsiya qilish assotsiatsiyasi prezidenti B.A.Polyayev hamda O‘zbekiston sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi milliy assotsiatsiyasi raisi A.A.Sodiqovlar tomonidan sport tibbiyotini ikki tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik qilish maqsad qilingan memorandum imzolandi.

Jumladan, “Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi milliy assotsiatsiyasi” tashkil kilindi. Buning negizida Yaponiya, Turkiya va Rossiya davlatlari bilan xamkorlikda ishlash bo‘yicha ikki tomonlama memorandumlar tuzildi. Markazning iste'dodli yosh mutaxassisi Sardor Parpiyev Moskvaning davolash va reabilitatsiya markaziga yuqori innovatsion texnologik tibbiy uskunalarni o‘rganish uchun joriy yilning 20 noyabrda bir yarim oylik kursga jo‘nab ketmoqda. Bu memorandumlar xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlashimizga keng imkoniyatlar yaratib beradi.

Konferentsiya o‘z ishini 9 noyabrda Samarqand shahrida davom ettirdi.

Anjuman ishtirokchilari dastavval Samarqand Davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar hamda tibbiyot sohasidagi yangi innovatsion metodlar bilan tanishishdi. Tadbirning asosiy qismi intitutning klinikasida davom ettirilib, u yerda xorij mutaxassislari tomonidan master-klasslar bo‘lib o‘tdi. Kun yakunida anjuman ishtirokchilari Samarqand shahrining qadimiy maskanlariga tashrif buyurib, u yerdagi obidalarni tomosha qilishdi. Shu kunning o‘zida anjuman ishtirokchilari o‘z ishini tugatib, Toshkentga qaytishdi.

Hamza Umarov, Zilola To‘laganova

Mavzuga oid