O‘zbekistonda so‘nggi 9 oy ichida meros bilan bog‘liq qancha ish ko‘rib chiqilgani ma'lum qilindi
Konstitutsiyamizning 54-moddasida mulkdorning o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf qilish huquqi mustahkamlangan. Ma'lumki, mulkdor bu kabi barcha huquqlaridan hayotlik chog‘ida bevosita foydalanadi.
Meros mulki bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha sud amaliyoti tahlilidan aniqlanishicha, bunday nizolar asosan amaldagi qonun talablarini bilmaslik tufayli kelib chiqmoqda. Oqibatda vorislar bir-birining qonuniy huquqlarini tan olishni istamaydilar.
2018 yilning 9 oyida jami 1 ming 234 ta meros bilan bog‘liq ish sudlar tomonidan ko‘rilgan. Shundan 715 ta da'vo qanoatlantirilgan, 215 ta da'vo rad qilingan, 171 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan, 133 ta ish taraflar o‘zaro kelishganliklari sababli yurituvdan tugatilgan.
Lekin meros nizosi bir tarafning ikkinchi taraf qonuniy huquqlarini tan olish bilan bog‘liq ekanini ham unutmaslik kerak. Nega deganda, sudning qonuniy hal qiluv qarori chiqarilganidan keyin ham nizo barham topmagan holatlar hayotda uchrab turibdi. Ya'ni, afsuski, faqat sudning adolatli hukmi bilangina qon-qarindoshlar munosabati yaxshi bo‘lib qolayotgani yo‘q.
Shuning uchun mamlakatimiz sud tizimi xodimlari tomonidan vorislar o‘rtasidagi meros nizolarini ko‘rib chiqishda yaqin qarindosh bo‘lgan aka-uka, opa-singillarga tegishli huquqlarini tushuntirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu, o‘z navbatida, meros talashayotgan yaqin qarindoshlarni yarashtirish va nizoni tinch kelishuv yo‘li bilan hal etishga yo‘l ochmoqda.
Joriy yilning 9 oyida quyi sudlar tomonidan 133 ta, Oliy sudda ishni nazorat tartibida ko‘rish jarayonida 5 ta, jami 138 ta ish bo‘yicha vorislar yarashtirilib, nizoga barham berilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Misol uchun, bir ota-ona farzandlari bo‘lgan, yoshi 50-60 yoshdan oshgan 8 nafar aka-uka va opa-singil otasi vafot etganidan keyin meros mulki bo‘lgan qariyb 14 sotix yer maydonidagi uy-joylarni o‘zaro talashishga tushishgan. Ona hayot, vorislardan 5 nafari meros ulushlaridan voz kechgan. Turmushi buzilib, uch nafar farzandi bilan ota uyida yashab kelayotgan singil va aka-ukaga huquqlari tushuntirilib, uyni bo‘lib olish, o‘rtadagi munosabatlarini saqlab qolish taklif etildi. Ularning ushbu taklifga roziligi olinib, kelishuv bitimi imzolandi. Bu oqilona yechimga ona va boshqa aka-uka hamda singillar ham rozi bo‘lishdi. Shunday qilib, taraflar o‘rtasidagi uy va yer nizosi barham topdi.
Shunga o‘xshash yana bir holat katta yoshli uch nafar aka-uka va singil o‘rtasidagi meros nizosi bilan bog‘liq. Bu holatda ham 6 sotix yer maydonidagi uylarning bir qismi – singilga, ikkinchi qismi esa aka-ukalarga qoldirildi. Taraflarni o‘zaro kelishtirish yo‘li bilan muammo hal etildi.
Meros ishlari bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha sud amaliyoti tahlili yana shuni ko‘rsatmoqdaki, agar ota-ona hayotligi vaqtida o‘z farzandlariga mol-mulkni bo‘lib bergan yoki vasiyatnoma qoldirgan bo‘lsa, bunday holatlarda tug‘ishganlar meros talashib yurmaydi.
Achinarli jihati shundaki, meros mulkini talashayotganlarning aksariyatini katta yoshlilar tashkil etadi. Bunday bir-biriga yaqin qarindosh bo‘lgan yoshi ulug‘ insonlarning nizolashib yurishi oqibatida hatto ularning farzandlari o‘rtasidagi munosabatlarga ham putur yetmoqda. Shunday ekan, meros bilan bog‘liq nizolar nafaqat huquqiy, balki ma'naviy muammo hamdir.
Bu, o‘z navbatida, meros mulki bilan bog‘liq nizolar jamiyatimizda insonlar o‘rtasidagi qon-qarindoshlik munosabatlariga ziyon yetkazayotgani haqida aholi o‘rtasida atroflicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishni taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan yaqinda “Vorislik huquqi”, “O‘zbekistonda meros huquqi” nomli amaliy qo‘llanmalar tayyorlandi. Bu qo‘llanmalarda vorislik tushunchasi, meros tarkibi, merosxo‘rlar, vasiyatnoma bo‘yicha vorislik, qonun bo‘yicha vorislik kabi huquqiy holatlar sodda tilda tushuntirilgan. Shuningdek, vasiyatnoma qoldirishning ahamiyati, vasiyatnoma namunalari, merosni qabul qilish masalalari sud amaliyotidan misollar yordamida izohlab berilgan.
Ushbu kitoblar o‘zbek va rus tilida chop etilib, Xalq qabulxonalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari kutubxonalariga yetkazildi. Ularni fuqarolarga bepul tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Qo‘llanmalarning elektron shakli bilan Oliy sudning rasmiy veb-saytida (oliysud.uz) tanishish mumkin.
Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi raisining o‘rinbosari
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024