O‘zbekiston | 16:49 / 12.11.2018
6845
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zatom» agentligi Yaponiya tajribasini o‘rganmoqda

«O‘zatom» agentligi rahbariyati Yaponiyada Osiyo taraqqiyot banki (OTB) instituti tomonidan tashkil etilgan “Fukusimadagi baxtsiz hodisalar xavfini boshqarish” mavzuidagi seminarda ishtirok etdi. Agentlik axborot xizmatida shu haqida xabar berildi. 

29 oktabrdan 1 noyabrga qadar «O‘zatom» agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov Yaponiya idoralari va kompaniyalari bilan qator uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi. 

12 mamlakat vakillari ishtirokida o‘tgan seminar davomida Osiyo mamlakatlarida tabiiy ofatlardan ogohlantirish va ularning asoratlarini bartaraf qilish maqsadida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumotlar taqdim etildi. Mazkur seminar doirasida dastur ishtirokchilari Fukusima prefekturasida bo‘lib, tabiiy ofat asoratlarini bartaraf qilishga oid choralar bilan tanishishdi (2011 yil 11 martida Yaponiya tarixidagi eng kuchli zilzila va undan keyin yuzaga kelgan sunami Fukusimadagi AESda muammolar keltirib chiqardi). Ishtirokchilarga bunday kuchli sinovga duch kelgan mintaqa infratuzilmasi va iqtisodiyotini rivojlantirishga yo‘naltirilgan muvaffaqiyatli tadbirlar namoyish qilindi. 

Shuningdek ular Fukusimaning Tabiiy ofatlarda xavflarni boshqarish mintaqaviy markazi, Fukusima qayta tiklanuvchi energiya manbalari instituti, Fukusima Agrosanoat texnologiyalar markazi, Soma-Futaba baliqchilar kooperativlar uyushmasi, Fukusima robototexnika sinov markazi va boshqa obektlarda bo‘lishdi. 

AES fojiasi asoratlarini bartaraf etishga doir zamonaviy texnologiyalarga asoslangan samarali chora-tadbirlar nafaqat mintaqada normal hayotni qayta tiklash, balki to‘laqonli iqtisodiy faoliyatni davom ettirish, jumladan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va baliq tutish imkonini berdi. 2015 yildan buyon mintaqada ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarida radiatsiya normalari oshishi kuzatilmagan. Ta'kidlash joizki, Yaponiyada belgilangan me'yorlar Yevropa Ittifoqi yoki boshqa mamlakatlarda o‘rnatilgan normalardan ancha qat'iy. 
Yaponiyaga tashrif doirasida «O‘zatom» agentligi delegatsiyasi O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda Tokio shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazdi hamda «Tokay» atom elektr stansiyasida bo‘ldi. 

Ta'kidlanishicha, 2011 yilgi 9 balli zilzila vaqtida «Tokay-2» AES to‘liq quvvatda ishlagan va barcha tashqi energiya ta'minot manbalari o‘chirilgandan keyin avariya tizimi muvaffaqiyatli ishlagan va AES faoliyatining xavfsiz to‘xtatilishini ta'minlagan. 

«O‘zatom» agentligi delegatsiyasi shuningdek Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligining yadroviy energiya bo‘yicha xalqaro hamkorlik departamenti direktori Shinjiro Takeda va Yaponiya atom energetikasi agentligi prezidenti Toshio Kodama bilan uchrashdi. 

Uchrashuv davomida Yaponiya tomon O‘zbekistonning AES qurilishiga doir tashabbusini ijobiy baholadi hamda bu yo‘nalishda eng avvalo kadrlarni tayyorlashda hamkorlik qilish va tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi. Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislarning Yaponiya o‘quv-mashg‘ulot markazlarida ta'lim olishini tashkillashtirish taklif qilindi. 

Yaponiya tomon Fukusima AESdagi hodisalarga qaramay, atom energetikasi mamlakat energetika muvozanati va uning barqaror rivojini ta'minlovchi muhim tarkibiy qismlardan biriligicha qolayotganini ta'kidladi. 

Tomonlar O‘zbekiston va Yaponiyaning strategik hamkorligi hamda Yaponiyaning atom energetikasi sohasidagi katta tajribasini inobatga olib, kadrlar tayyorlash, treninglar tashkillashtirishga oid hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.

Mavzuga oid