Huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilot Amnesty International Myanma rahbari Aun San Su Chjuni «Vijdon elchisi» mukofotidan mahrum etdi. Bu haqda tashkilot saytida xabar qilingan.
Amnesty International bosh kotibi Kumi Naydu Aun San Su Chji Myanma harbiy hukumati tomonidan musulmon-rohingyalarga nisbatan qilingan genotsidni to‘xtatish uchun «o‘z siyosiy va axloqiy nufuzi»dan foydalanmaganini ta'kidlab o‘tgan.
Qayd etish kerakki, Myanmaning fuqaroviy hukumati harbiylarni nazorat qila olmaydi. Ammo Amnesty International tomonidan yozilishicha, Aun San Su Chji ma'muriyati rohingyalarga qarshi nafrat urchishiga hissa qo‘shgan.
Aun San Su Chjiga «Vijdon elchisi» mukofoti 2009 yilda topshirilgandi.
Aun San Su Chji 1989 yil iyulida uy qamog‘iga olingandi. Bir yildan so‘ng uning partiyasi parlament saylovlarida ko‘p ovoz oladi, ammo hukumat ovoz berish natijalarini bekor qiladi. Aun San Su Chji 21 yil davomida bir necha marta ozod etiladi va yana hibsga olinadi. U 2010 yilgacha jami 15 yil muddatni uy qamog‘ida o‘tkazgan, u so‘nggi bor 2010 yilning noyabrida ozodlikka chiqqan.
U taniqli dissidentga aylangan, Tinchlik uchun Nobel mukofoti va boshqa oliy darajadagi unvonlar bilan taqdirlangan.
Ozodlikka chiqqanidan keyin Aun San Su Chji Myanma hukumatida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatadi, 2016 yili esa uning uchun alohida Myanma davlat maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Shunday qilib Aun San Su Chji amalda davlat rahbariga aylandi.
Aun San Su Chji bungacha ham rohingyalar genotsidi uchun tanqidga uchragandi. Shu tufayli u 2018 yil boshida Kanada fuqaroligidan mahrum bo‘lgandi.
Qatliom va yuz minglab jabrdiydalar
2010 yillar o‘rtalarida Myanmada rohingyalar va arakanlar (islom va buddizmga e'tiqod qiluvchi etnik guruhlar) o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaydi. 2016 yildan Myanma armiyasi ularning nizolariga ochiqchasiga aralasha boshladi.
Myanmada rohingya aholisi mamlakat fuqarolari deb hisoblanmas, ular Bangladeshdan kirib kelgan noqonuniy muhojirlar, deb atalardi. Ular asrlar osha shu mintaqada istiqomat qilib kelganiga qaramay, fuqarolik huquqlaridan mahrum etilgandi.
Myanma hukumatining harakatlari G‘arbning keskin tanqidlariga sabab bo‘ldi. 2017 yil martida rohingyalar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish uchun komissiya tuzishga qaror qilindi, ammo Myanma xalqaro inspektorlarni mamlakatga kiritishdan bosh tortdi.















