Toshkentda Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan seminar tashkil etildi
“O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida konfessiyalar va millatlararo ilmiy-amaliy seminar.
YuNeSKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrda o‘tkazilgan 28-sessiyasida qabul qilingan “Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi” dunyoda tinchlik va totuvlikni ta'minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat qabul qilingan sana — 16 noyabr butun dunyoda Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida belgilangan.
Poytaxtda ayni sana munosabati bilan “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekistondagi islom tsivilizitsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Milliy madaniy markazlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ekspertlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va jurnalistlar qatnashdi.
Seminarda alohida qayd etilganidek, bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma'naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. O‘zbekistonda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki zaminda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e'tibor qaratib kelinadi.
Seminarda O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
Anjuman ishtirokchilaridan biri — Toshkent va O‘zbekiston Yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiyning ta'kidlashicha, “O‘zbekiston rahbariyatining sa'y-harakatlari bilan biz tinchlik, do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikda hayot kechirmoqdamiz. Mamlakatda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillarining yaratuvchanlik kayfiyatida yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan”.
“Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan bo‘lib qolaveradi. O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti ta'minlangan”, deydi O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yejye Matsulevich.
Ilmiy-amaliy seminarda mamlakatda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyati, ularning o‘z ona tili, millati tarixi, qadriyatlari va madaniyatini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Anjuman doirasida diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini o‘zida aks ettirgan videolavhalar, bosma nashrlar, suratlar, turli xalqlarning amaliy san'ati durdonalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mavzuga oid
10:26 / 08.02.2023
“Zamonaviy maktab liderlar nigohida” – Toshkent, Farg‘ona va Andijondagi seminarlardan reportaj
19:06 / 07.10.2021
Toshkentda islomda nasiya savdo qoidalari bo‘yicha maxsus seminar bo‘lib o‘tadi
00:01 / 21.08.2019
Termizda davlat organlari axborot xizmatlari samaradorligini oshirishga qaratilgan seminar o‘tkazildi
17:50 / 18.07.2019