MTV, Jahon banki va YUNISEF O‘zbekiston maktabgacha ta'lim tizimidagi o‘qish uchun muhitning muvofiqligini muhokama qildi
Bugun, 19 noyabrda Toshkentda “Bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun innovatsion o‘qish muhitining o‘rni” deb nomlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistondagi maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun innovatsion o‘qish muhitining dolzarbligiga bag‘ishlangan mazkur xalqaro anjuman Maktabgacha ta'lim vazirligi (MTV), Jahon banki va BMT Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) hamkorligida tashkil etildi.
Mahalliy va Rossiya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika, Buyuk Britaniyadan xalqaro ekspertlar hamda Yevropa Kengashi Taraqqiyot banki, Jahon banki, YUNISEF, tegishli vazirliklar va davlat idoralarining mutaxassislari shahar va qishloq joylarda maktabgacha ta'lim infratuzilmasini qurish va yangilab, zamonaviylashtirish sohasida tajriba almashishdi.
"Raqobatdosh maktabgacha ta'lim tizimini yaratish uchun yangi boshqaruv tamoyillarini joriy etish lozim. Xususan, uning rivojlanishini axborot, kadr, boshqaruv va moliyaviy resurslarni integratsiyalashuv va hamkorlik prinsiplari asosida ta'minlash kerak. Maktabgacha ta'lim sohasida samarali loyihalashtirish va ta'lim muhitini yaratish mexanizmlarini joriy etish maktabgacha bo‘lgan nodavlat ta'lim muassasalar tarmog‘ini rivojlanishiga, ular ko‘rsatayotgan xizmat sifatini oshishiga, shuningdek, ushbu sohada sog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga yordam beradi", dedi maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin.
Jahon banki vakolatxonasi rahbari Xideki Morining so‘zlariga ko‘ra, hukumat tomonidan 2021-yilga qadar 6-7 yoshdagi bolalarning maktabgacha ta'lim tizimiga kirish imkoniyatini yuz foiz ta'minlash rejalashtirilgan. Jahon banki ushbu sohadagi o‘zining xalqaro tajribasini O‘zbekiston bilan ulashishga va maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilish uchun moliyaviy resurslarni taqdim etishga tayyor.
Xususan, 2019 yilda Jahon banki mamlakat bo‘ylab bolalarni sifatli maktabgacha ta'lim olish imkoniyati bilan ta'minlashga qaratilgan loyiha uchun 55 mln dollar ajratadi. Shuningdek, ushbu mablag‘ umumta'lim maktabgacha tizimini, jumladan, shahar va qishloq joylardagi maktabgacha ta'lim muassasalaridagi ta'lim muhiti sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarga yo‘naltiriladi.
2017 yilda Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan 2000 oila o‘rtasida o‘tkazilgan so‘roviga ko‘ra, ta'lim infratuzilmasi O‘zbekistonning maktabgacha ta'lim tizimi uchun ayniqsa dolzarbdir. Ota-onalar qoniqarsiz infratuzilma maktabgacha ta'lim uchun asosiy to‘siqlardan biri ekanligini qayd etishdi.
Shu sababli anjuman qatnashchilari hukumatning keyingi o‘n yil davomida minglab maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish va ta'mirlash haqidagi rejalarini olqishlashdi. Ular bolalarning keyingi jismoniy, ruhiy va aqliy rivojlanishini ta'minlash uchun samarali o‘qish muhiti g‘oyasining ushbu jarayonlarga joriy etilishi zarurligini e'tirof etishdi.
Konferentsiya davomida qatnashchilar shahar va qishloq hududlarda bolalar uchun samarali o‘qish muhitini shakllantirishdagi qiyinchiliklar, ta'lim infratuzilmasi va sinfxonalar tuzilishining o‘quvchilar o‘zlashtirishiga ta'siri, bolalar uchun do‘stona va yoshga muvofiq zamonaviy uskunalar va mebel anjomlari hamda o‘quv materiallarini joriy etish kabi qator mavzularni muhokama qilishdi.
Jahon banki O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy miqdori 3,3 mlrd dollardan oshiq bo‘lgan 18 loyihani amalga oshirmoqda. Ushbu loyihalar muhim makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarining boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, ta'lim, suv ta'minoti va sanitariya, energetika, transport va shahar xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Mavzuga oid
15:42 / 30.10.2024
Ma’lumotlar “kaft ustida” bo‘lsa, to‘g‘ri qaror chiqarish ehtimoli ortadi – Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
12:29 / 03.10.2024
“Resurslar tugaydi, g‘oyalar esa yo‘q” – kreativ iqtisodiyot konferensiyasi davom etmoqda
21:42 / 04.09.2024
Maktablarning bo‘sh yerlarida DXSh asosida bog‘cha qurishga ruxsat beriladi
17:34 / 04.09.2024