Sir emas, bugun insoniyat kelajagi xavf ostida qolgan: olimlar dunyo hamjamiyatini Yer kurrasi havo haroratining yildan yilga oshib borishi yillar o‘tib, ulkan talofatlarga olib kelishidan ogohlantirishmoqda. Ammo afsuski, olimlarning bu ogohlantirishlariga yetarlicha e'tibor qaratilayotgani yo‘q. Shu tariqa, katta ilmga ega insonlarning aytmoqchi bo‘lgan arz-dodlari qog‘ozlarda, qayd etilgan minbarlarda qolib ketmoqda. Vaqt esa o‘tib bormoqda. Oqibatda vaziyat yanada keskinlashib, yildan yilga Yer yuzidagi yog‘ingarchiliklar miqdori kamayib, qurg‘oqchilik avj olmoqda. Ajablanarlisi, suv tanqisligi iqtisodiyotning barcha sohalariga salbiy ta'sir o‘tkazib, sayyoramizning deyarli barcha hududlarini qamrab olyapti. Qurg‘oqchilik shu yo‘sinda takrorlanaversa, yaqin 30-40 yil ichida Markaziy Osiyo mintaqasida suv tanqisligi shu darajaga borib yetadiki, suv eng qimmatbaho tovarga aylanishi gumondan xoli emas (NASA tadqiqotlari ham mudhish kelajak oqibatlarini tasdiqlaydi).
Qurg‘oqchilik qanday vujudga keladi?
Mavjud holat Markaziy Osiyo respublikalarida, jumladan, O‘zbekistonda ham o‘z aksini topayotganiga guvohmiz. Zero, hududda yashovchi aholi soni oshib borgani hamda sanoatning rivojlangani bois iste'mol qilinadigan hamda qishloq xo‘jaligi ekinlariga sarflanadigan suv miqdori ko‘payib, Orol dengizining qurishi kabi muammolarning vujudga kelganiga ancha yil bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham, qurg‘oqchilikning asl kelib chiqish sabablarini bilmasdan turib, bunga nisbatan biror chora ko‘rish o‘z samarasini berishi qiyin.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, qurg‘oqchilikning vujudga kelishi, ya'ni yomg‘irlar haddan tashqari kam yog‘ishining asosiy sabablaridan bir yerning ustki qatlami haroratining oshishi hamda havo tarkibida karbonat angidrid va boshqa gazlarning nisbiy jihatdan ko‘payganidadir. Fanda ma'lumki, karbonat angidrid gazi havodan 1,5 barobar og‘irdir. Bu og‘irlik havoning hajmiy zichligini ma'lum darajada oshiradi. Zichlangan havo siyrak havoga nisbatan quyosh nurlari ostida tezroq qiziydi va atmosferaning entropik holati o‘zgarishi tufayli havodagi bosim ham o‘zgarib, uning kengayishiga olib keladi. Oqibatda osmondagi bulutlar ma'lum darajada balandroqqa ko‘tariladi. Bu holatda osmonda bulut bo‘lsa-da, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Yog‘ingarchilik bo‘lishi uchun havo tarkibidagi efir yog‘lari, shuningdek, gazlarni oksidlovchi ozon gazi (O3) hamda karbonat angidrid gazi (SO2) ni yutadigan vosita bo‘lishi kerak. Bu vosita quyosh nurini o‘zida yutuvchi daraxtzorlar va suv havzalaridir.
Daraxtlar - qutqaruvchi
Maktab davridan daraxtlar karbonat angidrid gazini yutib, o‘zidan kislorod chiqarishini bilamiz. Ammo, nadomatlar bo‘lsinki, hozirgi kunda butun dunyoda yashil hududlar soni ko‘payish o‘rniga qisqarib bormoqda. O‘tgan asrning 60-yillaridagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daraxtlar hozirgi kun bilan taqqoslab ko‘rilganida, aholining o‘sishiga nisbatan bir necha barobar kamayib ketgan. Shu tariqa, ko‘p joylarda havo haroratining pasayishini ta'minlovchi unsurlar yo‘qolib, ushbu gazning ko‘payishiga sabab bo‘luvchi muhit vujudga keldi.
















