O‘smirlar orasidagi suiqasd holatlari. Jamiyat zimmasidagi javobgarlik
Shunday mavzular borki, ular xususida yozish ham qiyin. Yozsang ham o‘zingni aybdordek sezasan kishi. Lekin yozmaslikning ham iloji yo‘q. O‘z joniga qasd qilish muammosi mana shunday qaltis mavzulardan hisoblanadi. Mazkur suhbatda ayni shu qaltislik langar cho‘pi orqali muvozanatni tutib mulohaza yuritishga intildik. Pop tumani bosh imom xatibi Adhamjon Abdurahmonov savollarga javob berdi.
- Domla, o‘z joniga qasd qilgan o‘smirlardan bir nechasining oilasi, yurish-turishi, iqtisodiy ahvoli, qo‘ni-qo‘shni va yor-birodarlari bilan munosabatlarini o‘rganganimizda, g‘alati holatga duch keldik. Ularning aksariyatida oila farovon, hech qanday iqtisodiy yoki moliyaviy muammo yo‘q, turli maishiy kelishmovchiliklar ham kuzatilmagan. Shunday bo‘lsa-da, ular o‘z jonlariga qasd qilishgan. Nima uchun ular shunday ishga qo‘l urgan deb o‘ylaysiz? Buning sabablari nimada?
- Aslida barcha samoviy dinlar qatori muqaddas islom dinida har bir bandaning, ayniqsa mo‘min kishining hoh yaxshi, solih bo‘lsin, hoh gunohkor bo‘lsin umri uzoq bo‘lishi ulug‘ ne'mat hisoblanadi. Chunki solih inson bo‘lsa, savobi ko‘payib, ko‘plar undan manfaat topadi. Gunohkor bo‘lsa tavba qilib, to‘g‘ri yo‘lga tushib ketishidan umid qilinadi. Shuning uchun har bir dunyoga kelgan inson to o‘z ajal soati yetmaguncha yashab, hayot quvonchlari-yu tashvishlaridan bahramand bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, o‘z joniga qasd qilishdek katta gunoh hisoblangan jinoyat sodir bo‘lgan oilalarda hech bir kamchilik yo‘qday ko‘rinadi. Haqiqatda esa oilada shunday holat kelib chiqishi uchun sabablar yetarlicha bor bo‘ladi. Keling, avvalo shu o‘z joniga qasd qilishga sabab qilib ko‘rsatiladigan holatlarni sanab o‘tsak. Diniy tushunchalarning o‘ta sayozligi, bilimsizlik, to‘qchilik, yo‘qchilik, shahvoniy yoki nafsoniy muhabbat, o‘z joniga qasd qilishni muammoning yechimi deb o‘ylash yoki shunga turtki (o‘yinlar «Ko‘k kit o‘yini») berish, o‘limning haqiqatini, oxirat, qayta tirilish, qiyomat va jannat rohatlari, do‘zax azoblari borasida e'tiqod sustligi va albatta ruhiy xastalik. Qaysi bir oilada o‘z joniga qasd qilish holati yuz bergan bo‘lsa albatta yuqoridagi sabablardan biri yoki ikkitasi albatta topiladi. Demak, ushbu holatlarga barham berish orqali bu yomon illatdan xalos bo‘lamiz.
- Bir hamkasbimizning aytishicha, o‘qishdan uch yil ketma-ket «yiqilgan» abituriyent qiz ota-onasiga zarda qilib, o‘zini osib qo‘yibdi. Yoki boshqa bir holatda ota-ona o‘g‘liga o‘zi yaxshi ko‘rgan qizni olib bermabdi. Natijada yigit o‘z joniga qasd qilgan. Bunday vaziyatda shirin jonini qurbon qilishga topilgan kuch qanday izohlanadi? Qanday qilib yoshlarni bunday ruhiy holatdan xalos etish yoki ogohlantirish mumkin?
- Qur'oni karimda va hadisi shariflarda inson umrining, yashashning ahamiyati to‘g‘risida ma'lumotlar berilgan. Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflaridan birida: «... dunyo yam-yashil va go‘zaldir, Alloh unga ega qilib qo‘yib, so‘ng sizlarni kuzatuvchi va nima ish qilishlaringni ko‘rib turguvchidir...» deb marhamat qilganlar. Demak, shunday go‘zal dunyoga keltirib qo‘yib Parvardigori olam bizni kuzatib turar ekan. Agar inson arzimagan ishni katta muammo hisoblab, o‘sha ish atrofida aylanaversa o‘zicha undan baxtsizroq inson bo‘lmaydi. Bora-bora yurak xuruj qilishi yoki vos-vosga aylanib ketishi mumkin. Masalan, o‘sha oliy ta'lim maktabiga imtihondan o‘ta olmaganini katta muammo hisoblagan abituriyent qizimiz o‘zidan boshqa qanchalar umuman oliy ta'lim dargohiga kela olmagani, boshqa qanchalar undan ko‘proq marta harakat qilib oxiri maqsadiga yetganligini o‘ylab ko‘rsa, o‘zining muammolari hech narsadek bo‘lib qoladi. Afsuski, bu narsani tushuntirishi lozim bo‘lgan ota-ona ham, uning yaqinlari ham loqayd bo‘ladilar. Yoki farzandining noshudligini, ilmsizligini ta'na qilishdan nariga o‘tmaydilar. Oqibatda bola o‘sha mash'um ishga qo‘l urib qo‘yadi.
Yoshi kattalar ko‘p qiyinchiliklar, musibatlar, ayriliqlarga duchor bo‘lishgan-y lekin, shunday tubanlikka tushmaganlar. Xo‘sh, bugungilar-chi?
Darhaqiqat, avvalgilar katta musibatlar, ulkan mashaqqatlarga qolgan paytlarida ham bunday tubanlikka tushishmagan. Chunki, ularning ota-onalari shunday tarbiya berishgan. Jufti haloli urushda halok bo‘lgan va 7-8 nafar farzandi bilan qolgan onaizor barcha mashaqqatlarni yengib ayollik, onalik nomiga dog‘ tushirmasdan bolalarini tarbiya qilib, uylab-joylagan. Hayot eri turib buzuq yo‘lga kirib ketayotgan «onalar» yoki shirindan shakar farzandlarini tirik yetim qilayotgan «otalar» tufayli, ular tarbiyasiz qoldirgan farzandlar sabrsizlik - noshukurlik oqibatida o‘sha holatga tushmoqdalar.
- Insoniyat yaratilibdiki, hamisha muammolar va ziddiyatlar mavjud. Boshqacha aytganda, ota-bobolarimiz g‘am-tashvishlar ichida yashashsada, o‘z jonlariga qasd qilishdan tiyilishgan. Hatto bugungi muammolar ota-bobolarimiz tortgan azoblar oldida arzimasdek tuyuladi. Biroq nega endi zamondoshlarimiz orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib bormoqda? Buni chidamsizlik, toqatsizlik desak to‘g‘ri bo‘ladimi?
- Albatta ota-bobolarimiz ko‘rgan g‘am tashvishlarning o‘ndan birini ham ko‘rmadik, bu ham bir ne'mat. Ular mustamlaka davrida oziq-ovqat tanqisligidek ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tishgan. Kattalardan sekin so‘rasangiz, ko‘zlarida yosh bilan bir burda non bo‘lsa edi, bir yeb to‘yib olsam deb orzu qilgan kunlarimiz bo‘lgan, deb aytishadi. Bugun-chi, yeganimiz oldimizda yemaganimiz ortimizda, turli xil chiroyli kiyimlar kiyamiz yana noshukurlik qilinadi. Menimcha, uyda ota-ona har nonushta yoki kechki ovqat paytida o‘zi yoki otasidan eshitgan mashaqqatli kunlarni bolalariga hikoya qilib, bugungi kunni qanday farovon va to‘kinlik ekanini qayta-qayta aytib turishlari lozim.
- Hech bir sababsiz o‘z joniga qasd qilganlar haqida xalqimiz «vos-vos bo‘libdi» deydi. Fanda bu «ruhiy depressiya» deyiladi. Xaqiqatdan ham, «vos-vos» insonni o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib keladi. «Vos-vos»ni oldindan sezish va davolashning imkoni bormi?
- Uyda ota-ona farzandlariga hushyorlik bilan muomala qilishi va ularning ruhiy holatini kuzatib turishi kerak. Bolasining holati o‘zgarib qolganini ota sezmagan holida ham albatta ona sezadi. Shunday holatda chin dildan farzandining ruhiyatini ko‘tarish uchun bir og‘iz shirin so‘z gapirish kifoya qiladi. Shu o‘rinda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning qushchasi o‘lib qolgan bolaning holini so‘rab ko‘nglini ko‘targanlarini eslash kifoya qiladi.
- Ochig‘i, mahalla ko‘yda o‘zimiz yashayotgan hududda, tanish-bilishlarimiz hayotida o‘z joniga qasd qilish holatlariga guvoh bo‘lganmiz. Bugun ko‘rib suhbatlashgan inson haqida ertasi kuni sovuq xabar eshitganmiz. Demak, bu jarayon – o‘ta nozik voqelik. Demoqchimanki, o‘z joniga qasd qilish jarayonini uncha-muncha odam yoki mutaxassis avvaldan bilavermaydi, aniqrog‘i, bugun mamlakatimizda mazkur muammo yuzaga qalqib chiqdi. Prezidentimiz bu muammoni bartaraf etish xususida jon kuydirib ko‘rsatmalar berdi. Shu ma'noda hozir har birimiz qanday ishlarni amalga oshirishimiz, o‘zimizga yarasha qanday vazifalarni ado etishimiz lozim? Mutasaddilar tomonidan bu borada qanday tadbirlar tashkillashtirish darkor deb hisoblaysiz?
- Payg‘ambarmiz Muhammad mustafo alayhissalomning «har birlaring rahbarsizlar, har birlaring o‘z qo‘l ostingizdagilardan so‘ralasizlar», degan ma'nodagi o‘gitlariga amal qilib, har bir soha mutasaddilari o‘z vazifasidan kelib chiqib, ushbu illat oldini olishga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Mahalla oqsoqollari o‘z mahallasi orasida imom-xatiblar ma'raka-marosimlarda, o‘qituvchilar o‘quvchilar orasida, yoshlar ittifoqi vakillari hamkorlikda yoshlar orasida targ‘ibot olib borishi lozim. Bu yo‘lda yana shunga etibor qaratish zarurki, hadeb o‘z joniga qasd qilish gunoh – jinoyat deb takrorlashdan ko‘ra, hayotning go‘zal ekanligini, har bir kishiga berilgan ulug‘ ne'mat ekanligini, uning qadriga yetish, berilgan imkoniyatlardan to‘la foydalanishni, ba'zan yuz beradigan mashaqqatlar o‘tkinchi ekanligini, o‘sha mashaqqatlarni yengib o‘tgan insongina orzu qilgan maqsadlariga yeta olishini, bu yo‘lda tarixda ota-bobolarimiz qanday mashaqqatlar tortib o‘tganlarini qayta-qayta aytib, tushuntirib borish lozim.
Qur'oni karimda: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu-jon va mevalar (hosilini) kamaytirish bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz uning huzuriga qaytuvchilarmiz», - deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir», Baqara 155- oyat.
Qarang, ushbu oyati karimada Parvardigori olam hamma vaqt to‘kin-sochinlik, baxt-iqbol, mol-dunyo mo‘l-ko‘l bo‘lavermasligini, ba'zan qiyinchilik mashaqqati yoki musibatlar, sinovlar bo‘lishini aytib bermoqda. Alloh taolo Payg‘ambarlarini, aziz-avliyolar, olimu-fuzalolarni mashaqqat, musibatlar bilan sinagan. Barchalari ushbu sinovlarga bardosh bilan o‘z yaqinlariga va kelajak avlodlarga namuna bo‘lishgan.
Muqaddas dinimiz hattoki insonni o‘limni orzu qilishdan, o‘ziga o‘lim tilashdan ham qaytaradi.
Arzimagan bir muammo uchun qimmatli ne'matdan – hayotdan voz kechib, joniga qasd qilish o‘ta og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriydek zot Buxoroga sig‘madilar, Zamaxshariy bir oyog‘i cho‘loq bo‘laturib, ilm olish yo‘lida jahon kezdi, alloma bo‘ldi, Imom Termiziyning ko‘zlari ko‘rmay qoldi, shoh Mashrab «Tikansiz gul sadafsiz dur mashaqqatsiz hunar bo‘lmas» deya musofirlikda vafot etdi.
Davron meni o‘tkardi saru somondin,
Oyirdi meni bir yo‘la xonu mondin,
Gah boshima toj, gah baloyi ta'na
Nelarki boshimg‘a kelmadi davrondin,
deya Bobur mirzo hayotda musofirlik, vatandan ayro yashashga majbur bo‘lsa-da, hayot uchun kurashib, Hind diyorida yuz yillar hukm yuritgan Boburiylar sulolasiga asos soldi. Bunday zotlar qatorini yana va yana davom ettirish mumkin...
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Allohi taolo bunday marhamat qiladi: «Bandam o‘zini o‘zi o‘ldirib, Mening unga bergan umrimga shukr qilmay shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim».
Boshqa bir hadisi sharifda esa: «Kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi», - deb marhamat qilingan.
Zero, o‘z joniga qasd qilgan bilan muammo yechilib qolmaydi, hatto unga janoza ham o‘qilmasligi buyurilgan. Bunday besabr inson abadiy azobga qoladi. Demak, yaqinlarimizni shunday yomon illatdan saqlaylik, toki har bir ayolu erkak, yoshu qari uzoq va farovon umr ko‘rib vatanga, xalqiga xizmat qilsin, namuna bo‘lsin.
Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi
Mavzuga oid
19:22 / 15.11.2024
Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ortdi
19:12 / 26.02.2024
«Falastinga ozodlik!» – amerikalik harbiy Isroilning Vashingtondagi elchixonasi oldida o‘zini yoqib yubordi
17:24 / 14.12.2023
Erkaklar suitsidiga nimalar sabab bo‘ladi? Psixolog bilan suhbat
09:05 / 31.07.2023