«O‘zatom» agentligi delegatsiyasi 11-13 noyabr kunlari Budapesht shahrida (Vengriya) va 14-15 noyabr kunlari Moskvada bo‘ldi. Tashrifdan maqsad - Vengriyaning atom energetikasi sohasidagi tajribasini o‘rganish, deya xabar beradi «O‘zatom» agentligi matbuot xizmati. 

Vengriyada mamlakat aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 50 foizdan ortig‘ini 1980-yillarda qurilgan VVER-440/213 suv yadroviy reaktorlari asosidagi 4 energoblokdan iborat «Paksh-1» elektr stansiyasi ta'minlaydi. Bugunga kelib har bir energoblok quvvati 500 MVt’gacha oshirilgan, ularning ekspluatatsiya muddati uzaytirilgan. Bunday quvvatga AES modernizatsiyasi, turbinalarning yaxshilanishi va yanada boyitilgan yoqilg‘idan foydalanishi natijasida erishilgan. 

Rossiya dizayni asosidagi «3+» avlodning ikki energoblokli «Paksh-2» AES qurilishi loyihasiga start berilishi munosabati bilan 2032 yildan energobloklar ketma-ket ekspluatatsiyadan chiqarila boshlaydi. Uzluksiz elektr energiyasi generatsiyasini ta'minlash uchun birinchi blokni ishga tushirish 2030 yilga mo‘ljallangan. 

«O‘zatom» agentligi delegatsiyasi «Paksh-2» AES loyihasi uchun mas'ullar – “portfelsiz” vazir Yan Shuli, Vengriya innovatsiyalar va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi Andrea Beatriks Kadar, Vengriya atom energetikasi regulyatori bosh direktori Dyuley Fixtinger, «Paksh-2» atom elektr stansiyasi bosh direktori Ishtvan Lenkeyyem va boshqalar bilan uchrashdi. 

Uchrashuvlar davomida ta'kidlanishicha, mazkur loyiha mamlakatdagi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshishi bilan bog‘liq. 2017 yilning 30 martida yangi AES qurilishi uchun maydon tanloviga litsenziya olindi. Ayni damda loyiha yangi AES qurilishi uchun litsenziya olish bosqichida. Vengriya tomon Rossiya dizayni asosidagi «3+» avlodning VVER-1200 energobloki sifat va xavfsizlik nuqtai nazaridan tanlangani ta'kidlandi. 

Loyihani amalga oshirish oldidan AES qurilishi va ishga tushirilishining atrof-muhitga ta'sirini baholashga doir fikrlar o‘rganildi.

«Paksh-2» AES loyihasini amalga oshirish maqsadida Vengriya tomon «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan shartnoma imzolagan, shuningdek hujjat eksluatatsiya davrida loyihani qo‘llab-quvvatlash va yoqilg‘i yetkazib berishni ham ko‘zda tutadi. 

Uchrashuv davomida vengriyaliklar atom energetikasi ushbu sohani rivojlantirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani va Vengriya yaqin kelajakda ko‘mirdan butunlay voz kechib, faqat atom energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e'tibor qaratishni rejalashtirayotganini ta'kidlashdi.