4 kunda 903 nafar ishsiz bandligi ta'minlanib, 2181 nafar yoshlar to‘garaklarga jalb etildi
Yoshlar bandligini ta'minlash, ularga hunar o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashda ko‘maklashish, “Ustoz-shogird” an'anasini keng targ‘ib qilish maqsadida respublika bo‘ylab 19 noyabrdan “Yoshlar bandligini ta'minlashga ko‘maklashish haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda.
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida haftalik doirasida “Yosh mutaxassis – kelajak bunyodkori” shiori ostida kollej bitiruvchilari va uyushmagan yoshlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Muloqotda yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, tumandagi sanoat obektlari va ulardagi bo‘sh ish o‘rinlari, kasb-hunar kollejlarini tugatib, mehnat bozoriga birinchi marta kirib kelayotgan yoshlarning korxona tashkilotiga ishga kirgan paytda aynan nimalarga e'tibor berishlari, tadbirkorlik ko‘nikmalari va uning sir-asrorlari haqida mutaxassislar tomonidan kerakli tushuncha va tavsiyalar berib o‘tildi.
Tadbir davomida yoshlarga “Yoshlar – kelajagimiz!” jamg‘arma faoliyati to‘g‘risidagi taqdimot namoyish etildi. Ishtirokchilar “Tashabbus-2018” ko‘rik-tanlovi tuman bosqichi g‘olibi “Binokor Me'mor” MChJga sayohat qilishdi. Poyabzal ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonada yoshlar poyabzal tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Loyiha doirasida Do‘stlik tumanidagi “In Style” mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasida ham bandlik masalasiga qaratilgan tadbirda mamlakatimizda kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun ish o‘rinlari yaratish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning bandligini ta'minlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilgani ta'kidlandi.
— Joriy yilda faoliyat boshlagan korxonamizda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari asosan, Rossiya Federatsiyasiga chiqariladi, – deydi “In Style” qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Zoirjon Sharipov. Tajribali tadbirkor o‘tgan oydan Germaniyaga ham eksport qilganini, hozirda 300 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada yana 500 ta ish o‘rni yaratilayotganligini ta'kidladi. Bu kabi loyihalar nafaqat ish izlovchiga, balki ish beruvchiga ham foydali. Loyihada qatnashgan 3 nafar yosh ushbu korxonada ishlash istagini bildirdi. Ular bilan tegishli tartibda mehnat shartnomalari imzolandi.
Haftalik doirasidagi amaliy ishlar Navoiyda ham davom ettirildi. Navoiylik bir guruh yoshlar ishtirokida Konimex tumanidagi “Konimex ACKOMJ” MChJga biznes sayohati uyushtirildi. Yoshlar sayohat davomida issiqxona faoliyatini o‘rganishdi.
“Konimex ACKOMJ” MChJ rahbari Navro‘z Ibragimov yoshlarga faoliyati haqida gapirib, 2 gektar yer maydonidan 150 tonna pomidor va 90 tonna bodring olish rejasini ma'lum qildi. U hozirgi vaqtda 15 ta ish o‘rni ish bilan ta'minlagan. Keyingi sayohat Navoiy viloyatida birinchi bo‘lib gips ishlab chiqaruvchi korxona “Navoiy gips xomashyo” MChJda bo‘ldi. Korxona rahbari Asliddin Husanov tomonidan korxona to‘g‘risida to‘liq ma'lumotlar berildi.
Bu kabi loyihalarning o‘tkazilishi ish beruvchi korxonalar va tadbirkorlik sub'yektlariga o‘zlariga munosib kadrlarni tanlash, yoshlar uchun esa ish topish imkonini yaratadi. Namangan viloyatida ham yoshlar va ish beruvchi korxonalar o‘rtasida uchrashuvlar, mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Namangan yoshlar markazida haftalik doirasida o‘tkazilgan o‘quv seminarda 80 nafar uyushmagan yoshlar va talabalar ishtirok etishdi. Mazkur seminarda malakali trenerlar tomonidan tadbirkorlik sohasining sir-asrorlari yoshlarga interaktiv usullar asosida o‘rgatildi.
– Haftalik bo‘yicha “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari” ham tashkil etilib kelinmoqda. Ushbu yarmarkalardan ko‘zlangan maqsad esa yoshlarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha kasb-korga yo‘naltirishdir, – deydi Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi xodimi Mirzabahrom Abdullajonov.
Buxoro viloyatida davom etayotgan “Yoshlar bandligini ta'minlashga ko‘maklashish haftaligi” tobora qizg‘in tus olmoqda. Yoshlar bandligini ta'minlashga qaratilgan mehnat yarmarkalari, “Biznes sayohat”lar, o‘quv-seminarlari yoshlar hayotida muhim ahamiyat kasb etib boryapti. Xuddi shunday tadbirlardan biri Romitan tumanida ham tashkil etildi. Yoshlar ittifoqining tuman Kengashi tashabbusi bilan tumandagi yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblangan “Romstar” va matoni tayyor mahsulotga aylantirib beruvchi “Imidj tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyatlariga mahallalardagi ishsiz yoshlarning “Biznes sayohati” tashkil etildi.
— Bugungi kunga qadar ishlab chiqarish korxonalarida ishlashdan hadiksirar edim, – deydi loyiha ishtirokchisi Siroj Aliyev. – Tasavvurimga ko‘ra, bu kabi korxonalarda ishlash juda xavfli deb o‘ylaganman. Sayohat davomida esa ishlab chiqarish korxonalarida ishchilarning xavfsizligi ta'minlangani, eng muhimi uskunalar bilan “til topishib”, ishdan chalg‘imaslik ekanligini bilib oldim. Mazkur korxonada bo‘sh ish o‘rinlari borligini eshitib, imkoniyatlarimni sinab ko‘rishga ahd qildim.
Bunday sayohatlar yoshlarni mehnat faoliyatiga tayyorlash hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lganlar uchun amaliy tajriba hisoblanadi.
“Yoshlar bandligini ta'minlashga ko‘maklashish” haftaligi doirasida Navoiy viloyatidagi “Yoshlar markazi”da O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi to‘garaklar ko‘rgazmasi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tuman filiallarining taqdimoti hamda yosh tadbirkorlar, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning “Mening birinchi mahsulotim” shiori ostidagi savdo-ko‘rgazmasi, bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, yosh ixtirochilar tomonidan yaratilgan innovatsion ixtirolar hamda kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha o‘quv markazlarining taqdimotlari tashkil etildi. Ushbu taqdimotlarda 400 ga yaqin yoshlar ishtirok etishdi. 15 nafar yosh ish bilan ta'minlandi.
–— “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 500 mln. kredit olib, 10 nafar tengdoshimni ish bilan ta'minladim. Hozirda mebel ishlab chiqarish yo‘nalishida izlanish olib bormoqdaman. Yaqin kunlarda 15 turdagi mahsulot ishlab chiqarish niyatim bor. Bugungi mehnat yarmarkasida yana 10 ta ish o‘rni bilan qatnashyapman, – deydi tadbirkor Shohrux Muhammedov.
Haftalik davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi xamda hududiy hokimliklar hamkorligida “Yosh mutaxassis - kelajak bunyodkori!” shiori ostida yosh mutaxassislar va ish beruvchi korxonalar o‘rtasida uchrashuv xamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi taqdimoti tashkil etildi. “Tadbirkorlar va yoshlar” mavzusida yirik tadbirkorlik sub'yektlari va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ishsiz yoshlar uchun “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari” tashkil etildi. “Fidoyi yoshlar mehnat otryadlari”da faol ishtirok etgan ilg‘or yoshlar uchun bayram dasturida faol yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Haftalikning o‘tgan 4 kuni davomida 186 ta tumanda “Yosh mutaxassis – kelajak bunyodkori!” shiori ostida yosh mutaxassislar va ish beruvchi korxonalar o‘rtasida uchrashuv hamda “Yoshlar – kelajagimiz!” jamg‘armasi taqdimoti tashkil etilib, 6284 nafar yoshlar ishtirok etdi. Ulardan 2181 nafar yoshlar to‘garaklarga jalb etildi. 27 tumanda “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari” tashkil etilib 903 nafar yoshlar korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi. Haftalik 24 noyabrga qadar davom etadi.
Mavzuga oid
09:00
1,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
15:53 / 07.11.2024
Yaponiya va Polshaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi
09:25 / 06.11.2024
Jizzaxda qariyb 800 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi
11:30 / 31.10.2024