O‘zbekiston | 10:55 / 24.11.2018
17598
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida aholini arzon uy-joy bilan ta'minlashda ko‘plab muammolar yuzaga kelgan

Foto: KUN.UZ

2018 yilning 23 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining tegishli normalarining ijro holati hamda Toshkent viloyati misolida foydalanishga topshirilgan arzon uy-joylarning haqiqiy egalariga berilishi, uy-joylarning sifati masalalari bo‘yicha o‘rganishlar yakunlari yuzasidan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, ko‘pchilik aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari va boshqa shaharsozlik hujjatlari mavjud emasligi, eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan shaharsozlik normalari va qoidalari kompleks qurish talablariga rioya etilmasligiga, aholi punktlarining me'moriy qiyofasi yomonlashuviga olib kelmoqda. Loyiha-qidiruv tashkilotlarining ilg‘or innovatsion dasturiy yechimlar va zamonaviy axborot bazasi bilan jihozlanishi hamon yetarli emas, ilg‘or xorijiy tajriba sust joriy etilmoqda, tarmoq uchun zarur malakaga ega kadrlar tayyorlashda oqsoqlik kuzatilayotgani sababli, shubhasiz, loyiha mahsulotlari sifatiga ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlandi.

Foto: parliament.gov.uz

Yig‘ilishda bularning barchasi Toshkent viloyati misolida ko‘rib chiqildi.

Deputatlarning joylarda aholi bilan bilan o‘tkazgan uchrashuvlari chog‘ida kelib tushayotgan murojaatlar tahlili aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta'minlashda ko‘plab muammolar yuzaga kelganini ko‘rsatmoqda. Xususan, joriy yilning 10-12 noyabr kunlari saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida ushbu masala o‘rganilganda, aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qancha kamchiliklar aniqlandi.

Masalan, shaharlarda arzon ko‘p kvartirali, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar belgilangan muddatlarda qurib bitkazilmayapti. Ko‘pgina joylarda esa shoshma-shosharlik bilan sifatsiz qurib ketilgan, shuningdek, qurilish materiallaridan belgilangan me'yorlar asosida foydalanilmaslik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Mazkur uy-joylar atrofida zarur infratuzilma shakllangani, ijtimoiy obektlarni barpo etish masalalari ham deputatlar e'tiboridan chetda qolmadi.

Bunday holatlarga nisbatan jiddiy nazorat olib borish, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan choralar ko‘rilgani ta'kidlangani holda, nazorat qiluvchi va qurilish obektlarini qabul qilib oluvchilarning ham mas'uliyatsizligi mavjudligi aytib o‘tildi.

Joriy yilda Toshkent viloyat hududida xonadon hisobida jami 7151 ta uy-joylar qurilishi belgilangan. Shundan, 3596 tasi “Qishloq qurilish invest” va 2163 tasi “Shahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi, 1392 tasi boshqa tashkilotlar buyurtmachiligi asosida qurilayotgani ta'kidlandi. Shundan, Toshkent viloyatida 4085 tasi aynan kam ta'minlangan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga ajratish belgilangan. Ko‘rinib turibdiki, jami qurilishi rejalashtirilgan 57 foizi bevosita ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar uchun bunyod etilmoqda.

Yig‘ilishda uy-joylar ehtiyoji bor fuqarolarga adolatli ravishda taqsimlanishi lozimligiga e'tibor qaratildi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ishtirokchilari qurilayotgan uy-joylar qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy tendensiyalar bilan birga, e'tibor qaratish lozim bo‘lgan qator muammolar mavjudligini ham qayd etishdi. Xususan, qurilish uchun sharoitlar o‘rganilmagani, mutasaddi idoralar tomonidan qurilish mahsulotlari imtiyozli narxlarda yetkazib berilmagani, qurilishlar ustidan texnik nazorat, davlat nazorati, mualliflik nazorati yetarli yo‘lga qo‘yilmagani, ishlar hajmlari sifatsiz bajarilayotgani, ilg‘or innovatsion tajriba sust joriy etilishi, qurilishda malakali mutaxassislar yetarli darajada emasligi kabi masalalar bugungi kunda soha mutasaddilari tomonidan o‘z yechimini kutib turibdi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan muhokama etilgan masalalar va bildirilgan takliflari inobatga olingan holda, sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, munosabatlarni tartibga solish va yangi sifat darajasiga olib chiqish, sohaga oid me'yoriy hujjatlarning takomillashtirilishi lozimligi qayd etildi.

Mavzuga oid