20:40 / 29.11.2018
64302

Ekspert: «O‘zbekenergo»ni o‘z egalariga berish kerak

2017-2018 yillarda «O‘zbekistonning muqobil energiya manbalarining istiqbollari» loyihasi rahbari, Germaniyaning «Quyosh energiyasi assotsiatsiyasi» a'zosi va «Aleksander Gumboldt» jamg‘armasi vakili, Karlsrue Texnologiya institutida «ThinkTank» loyihasi rahbari, «Buyuk kelajak» ekspert kengashi a'zosi Ravshan Xo‘janov energetika sohasidagi muammolar borasida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«O‘zbekenergo» muammolari va yetarli quvvat yetishmasligi

O‘zbekiston energetikasida bugungi kundagi vaziyat birmuncha og‘ir holatda. O‘rnatilgan quvvat qog‘ozda 12 GVtni tashkil etsa-da, amalda 10 GVtga teng, bizga esa taxminan 15-20 GVt quvvat lozim.

Avvalambor, ishlab chiqaruvchidan iste'molchiga yetib boradigan elektr energiya yo‘qotishlarining oldini olish kerak. Misol uchun, AQSh va G‘arbiy Yevropada bu yo‘qotishlar 5 foizni tashkil etadi, bizda esa 20 foiz.

Sovet tuzumidan qolgan ba'zi texnologiyalar ma'nan eskirgan. Ularni zamonaviy tejamkor samarador texnologiyalarga almashtirish kerak. Undan tashqari, aholining energiyadan noqonuniy foydalanishining oldini olish kerak. Aholiga esa, o‘z navbatida, shirkatlar tarafidan sifatli va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilishni yo‘lga qo‘yish kerak.

O‘zbekistonda elektr energiyani sotish, uni ishlab chiqarish va iste'molining aniq bir mexanizmi, sohani rivojlantirish nizomi yo‘q. O‘zbekiston Energetika vazirligi «O‘zbekenergo» davlat aksionerlik kompaniyasiga aylantirilgandan keyin, uning vakolatlari birmuncha qisqardi. Natijada, narx navoni belgilash Moliya vazirligiga, ma'lum qonun va qarorlarni ishlab chiqish esa Iqtisod vazirligiga va Vazirlar Mahkamasi vakolatiga o‘tib ketdi. «O‘zbekenergo» esa yuqoridan keladigan buyruq va ko‘rsatmalarni bajaruvchi vazifasiga aylanib qoldi.

Albatta, O‘zbekistonning ba'zi hududlarida yuqori voltli uzatmalar yangilangan. Ammo bu ham tizimni qutqara olmaydi.

Shuningdek, bu sohada mutaxassislar yetishmovchiligini kuzatish mumkin.  Sohada juda katta kadrlar aylanmasi mavjud. Kimda xorijga ketish imkoni bo‘lsa, chiqib ketmoqda. Yaxshi mutaxassislar O‘zbekistonda noyob holga aylanmoqda.

Men Germaniyaning sharqiy qismida (sobiq GDRda) yashayman. Bu yerda IESlar sobiq sovet ittifoqidagi kabi davlatga tegishli bo‘lgan. Ular bu IESlarni yangidan qayta qurib, yuqori samaradorlikka erishishgan. O‘zbekistonda esa, hamon o‘sha 50 yil oldin qurilgan IESlar zo‘r-bazo‘r ishlamoqda. 

Germaniya aholisi 83 mln kishini tashkil etadi. Elektr stansiyalarning umumiy o‘rnatilgan quvvati 110 GVt, IESning ulushi 47 foiz, AES 13,1 foiz, GES – 3,8 foiz va muqobil energiyalar ulushi 34,4 foizni tashkil etadi. Germaniya o‘zining neft va gaz zaxiralariga ega emas. Shu bois ko‘mir ular uchun energiya resursining asosiy manbasi hisoblanadi.

Germaniyada yana gaz-bug‘ turbinali texnologiyalar juda rivojlangan va foydali ish koeffitsiyenti 55-60 foizni tashkil etadi. Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, gazning narxi elektr energiya narxidan oshib ketmoqda. Chunki ular gazni Rossiyadan sotib olishadi. Biz esa Rossiyaga sotamiz. Shu sababli Germaniya hukumati bunday tafovutning oldini olish uchun muqobil energiyani yanada rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ularda elektr energetika sohasi bizga o‘xshab bitta tashkilot qo‘lida emas. Asosiy qismi xususiy kompaniyalar qo‘lida, katta sanoat korxonalari esa ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib oladi. Aholi esa, o‘z navbatida uncha katta bo‘lmagan xususiy firmalardan sotib oladi. Undan tashqari, elektr energiya tariflari ko‘p. Biznikidan farqli o‘laroq, bu tariflar aholining keng qatlamiga mo‘ljallangan.

Germaniyada energiya bozori bo‘linib ketgan va unda taxminan 900ta ishtirokchi bor. Ammo oxirgi paytlarda yirik korporatsiyalar va kompaniyalarning kengayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan, Germaniyada 8ta energetika kompaniyasidan 2tasi, ya'ni Viad va Veva kompaniyalarining birlashuvi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu oddiy holat, chunki iqtisodiyotning boshqa jabhalarida ham buni yaqqol ko‘rish mumkin.

Yana shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, «O‘zbekenergo» uchun aholidan elektr iste'moli uchun pul yig‘ish qiyinchilik bilan amalga oshirilmoqda, Germaniyada esa bu ish avtomatlashtirilgan. Aholining bankdagi hisob raqamidan har oy to‘lov yechiladi. Kimki bir yillik elektr energiyani oldindan sotib olsa, arzonlashtirilgan narxda beriladi. Misol uchun, besh kishilik oila uchun taxminan 6000 kVt elektr energiyaga ehtiyoji bo‘lsa, ular uchun 15 foizgacha chegirma va 300 yevrogacha bonuslar taklif etiladi.

Germaniyada elektr energiya iste'molining taxminiy yillik byudjyeti:

Har xil turdagi uy xo‘jaliklarida kilovatt-soatlardagi iste'moli

CHECK24 sayti orqali narxlarni taxminan baholash va elektr energiyani sotishning optimal tarifini aniqlash mumkin.

«O‘zbekenergo» aktivlarini xususiylashtirish qisqa muddatli istiqbol uchun biroz samarali bo‘lishi mumkin, ammo uzoq muddatli istiqbol uchun bu yechim emas.

Elektr energiya sohasini yaxshilash uchun «O‘zbekenergo»ga vazirlik darajasidagi vakolatlar berilmog‘i darkor. Misol uchun, elektr energiya narxi Moliya vazirligi tarafidan, modernizatsiya bo‘yicha turli loyihalarga esa Vazirlar Mahkamasi qaror beradi. «O‘zbekenergo» DAKning vakolati chegaralangan.

Har bir ishni o‘z egasiga berish kerak. «O‘zbekenergo»ni ham o‘z egalariga berish kerak – muhimi shunday tizim yaratish kerakki, u korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli bo‘lishi darkor. Soha mutaxassislari o‘z tashkilotida har qanday ishni mustaqil hal qilishi kerak. Yuqoridan javobni kutib, vaqt yo‘qotishlari kerakmas. Bizda esa, yuqoridan biron-bir ko‘rsatma keldimi, to‘g‘rimi-yo‘qmi, bajarish kerak degan tushuncha o‘rnashib qolgan.

«O‘zbekenergo» nimani sotish, nimani ta'mir qilish va hokazolarni o‘zi hal qilishi kerak. Chunki energiya tizimida biror texnik falokat ro‘y bersa, «O‘zbekenergo» javob beradi, demakki, qarorni ham o‘zi chiqarishi kerak. Bizda esa, qarorni birov chiqaradi, javobgarlik «O‘zbekenergo» zimmasida. Buyruq va ko‘rsatma bergan boshqa tashkilot esa, suvdan quruq chiqadi. Bundan tashqari, aholi ham yangi texnologiya va tizimlarga moslashishi kerak.

Energetikaga sarmoya yotqizmoqchi bo‘lgan mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar ko‘p, ammo ularga sarmoyasini qonunan himoya qila oladigan kafolat kerak.

Hozirda salohiyatli sarmoyadorlar ko‘p, chunonchi, Germaniya, Janubiy Koreya va Xitoy shular jumlasidandir. Ammo ular «O‘zbekenergo» taklif qilayotgan narxga rozi emas.  

Muqobil energiya va yashil narx-tarif

Aholi uchun muqobil energiyadan foydalanishning samarali mexanizmini yaratish mumkin. Buning uchun yashil narx-tarif qonunini amalga kiritish kerak, bu eng foydali va samarali vositadir. Bu muqobil energiyadan foydalanib, elektr energiya ishlab chiqarish imkonini beradi. Bunday holda, aholining o‘z uyida quyosh panellari va shamol generatorlarini o‘rnatib elektr energiya ishlab chiqarishga moyilligi oshadi. O‘z ehtiyojidan ortiq elektr energiyani esa sotishi mumkin.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, elektr energiyani 100 foiz muqobil energiyadan ishlab chiqarish elektr tizimdagi kuchlanishning kuchayishiga olib keladi. Asosan gaz yoqilg‘isidan foydalanadigan IESlarimizning ish samaradorligi 34 foizni tashkil etadi. Agar ko‘mirdan foydalansa, stansiyaning foydali ish koeffitsiyentini 45 foizgacha yetkazish mumkin, ammo mahalliy ko‘mirimiz tarkibida namlik darajasi yuqori va kul ko‘p. Bu ko‘mirga mos yangi texnologiyani joriy qilish va samaradorligini oshirish kerak.

Germaniyada ko‘mir IESlarining samaradorligi 40 foizdan ortiq. Germaniya o‘z ko‘miriga ega bo‘lishiga qaramay, Avstraliyadan sotib oladi. Chunki qazib olishdan ko‘ra Avstraliyadan sotib olib kelish ular uchun arzonga tushadi. Undan tashqari, atrof-muhit muhofazasi ular uchun muhim omil hisoblanadi.

Albatta, «O‘zbekenergo» bu ishlarni baholi qudrat oshirishga harakat qilmoqda, ammo hammasi ham o‘ylaganchalik yoki rejadagidek bo‘lmayapti.

2010 yili energiya resurslarni tejash uchun respublikamizdagi IESlarga quyosh issiqlik texnologiyasini tatbiq qilish loyihasini taklif etgandim. «O‘zbekenergo» bu taklifimni qimmat deya rad etdi. Yoqilg‘ini tejash davlatimizning asosiy mezoni-ku degan gapimga, gaz o‘rniga ko‘mirni keng miqyosda tatbiq etamiz deya javob berishdi. Oradan mana 8 yil ham o‘tdiki, ko‘mir hali-hamon o‘sha bitta – Yangi Angren IESida ishlatilmoqda. Boshqa ko‘mir stansiyasini qurishmadi.

Ammo quyosh energiyasini joriy qilishga to‘siqlardan biri bu narxmi?! Hozirgi kunda, an'anaviy energiya manbalaridan olingan elektr energiya arzonroq tushadi. Elektr energiyaning tannarxi taxminan 1,2 sentga to‘g‘ri keladi. Chunki ular gazni arzon narxda sotib olishadi. Biroq gaz narxi oshsa, elektr energiya narxlari ham o‘z-o‘zidan oshadi. Bu esa aholining qayta tiklanuvchan energiya manbalariga murojaat qilishiga sabab bo‘ladi. Chunki ularning narxi yaqin kelajakda tenglashadi.

Germaniyaning yangi energetika strategiyasiga muvofiq, muqobil energiyadan olinadigan elektr energiya ulushini 2030 yilgacha 50 foizga, 2050 yilgacha esa 100 foizga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Shunday qilib, Germaniya oldiga qo‘yilgan vazifalar Germaniya siyosatining energiya ishlab chiqarishda texnologik asosidagi fundamental o‘zgarishlarga qaratilgani va kelajakda butun Germaniya energiya ta'minotini so‘zsiz qayta tiklanuvchan energiya orqali amalga oshirishini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda Germaniyaning yoqilg‘i-energetika balansi asosan an'anaviy energiya manbalaridan iborat bo‘lib, bu 80 foizdan ortiq. Ularning deyarli 90 foizi import qilinadigan energiya manbalaridan – uran, tabiiy gaz, toshko‘mir va neftdan olinadigan elektr energiyadir, xususan ulardan 55,6 foizi import qilinadi.

2017 yil aprel oyining so‘nggi dam olish kunlarida Germaniyada 85 foiz elektr energiya muqobil energiyadan, chunonchi, quyosh, biogaz va shamol, gidroelektrstansiyalardan olindi. Bu yangi rekord, birinchi navbatda, «yashil» elektr stansiyalarning miqdori doimiy ravishda oshib borishi tufayli o‘rnatildi. Ikkinchidan, mamlakat bo‘ylab aprel oyining oxirlarida havoning ochiq va quyoshli kelgani sababdir.

Mart oyining dam olish kunlarida esa deyarli ko‘pgina ko‘mir elektr stansiyalari ishlamadi (ular asta-sekin ekspluatatsiyadan chiqarilmoqda). AESning ham elektr energiya ishlab chiqarishi pasaydi. Zotan, bu AESlar 2022 yilning oxirigacha batamom yopilishi rejalashtirilgan.

Yangi rekord haqiqatan kuchli ko‘rsatkich va muqobil energiyaning boshqa energiya turlariga nisbatan ibratdir. Chunki Germaniya kuchli sanoat majmuasiga ega bo‘lgan yirik mamlakat. Agar 85 foiz elektr energiya muqobil energiya manbalaridan olingan bo‘lsa, u holda «yashil» energiyaga o‘tish juda ham muvaffaqiyatli kechmoqda. Germaniyaning siyosati o‘z oldiga qo‘ygan strategiya o‘zini oqlamoqda.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, o‘tgan yilning mart oyida mamlakatda iste'mol qilingan energiyaning 40 foizi muqobil energiyadan olingan. 2015 yil AQShda bu ko‘rsatkich 16,9 foizni tashkil etgan va so‘nggi ikki yil ichida katta miqyosda o‘zgarmagan desa ham bo‘ladi.

2015 yil Germaniyada muqobil energiya ulushi 33 foizni tashkil etgandi. Hukumat bu ko‘rsatkichni 2050 yilda 100 foizga yetkazishga umid qilmoqda. Boshqa davlatlarda ham yashil energiya bozori holati chakki emas. Masalan, Daniyada muqobil energiya manbalari keragidan ortiq elektr bermoqda. Natijada, boshqa davlatlarga elektr energiyani sotishiga to‘g‘ri kelmoqda. Kosta-Rikada esa 99 foiz energiya muqobil energiya manbalariga to‘g‘ri keladi, hayratlanarli raqam, shunday emasmi?

Agar SkyPower Global loyihasi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, norasmiy manbalarga ko‘ra, ular ishlab chiqarib sotmoqchi bo‘lgan elektr energiya narxi 6 sentga teng. Ammo bu loyiha kim tomonidan moliyalashtirilishi biz uchun hamon qorong‘u bo‘lib qolmoqda. Hozirda sarmoyadorlar qayerda soliq bo‘lmasa, o‘sha joyga sarmoya yotqizishmoqda, bizdagi muqobil energiya uchun esa soliqlar olib tashlangan va uzoq muddatli kredit hamda yerlar ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shu kungacha bunday loyihalar va g‘oyalar bo‘lib kelgan, lekin aslida sezilarli darajada harakat bo‘lmagan.

Nima uchun? Chunki bizda korrupsiya va byurokratiya rivojlanish jarayoniga bolta urmoqda yoki sekinlashtirmoqda, sarmoyadorlarni uzoqlashtirmoqda. Sarmoyadorlarga loyihalari uchun «O‘zbekenergo»dan kafolat kerakmas, balki davlatdan kafolat kerak, shunda ularning sarmoyalari himoya qilinadi va daromad olish imkoniga ega bo‘lishadi. Prezidentimiz bejizga sarmoya yotqizish iqlimini yaratish haqidagi qonunga imzo chekmadi. So‘nggi oylardagi korrupsiyaga qarshi bo‘layotgan izchil va keskin xatti-harakatlaru kurashlar bu qonunning natijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hukumat uch yil ichida korrupsiyaga barham berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Toki bu ish bartaraf etilmas ekan, sarmoya kutish va taraqqiyotdan umid qilish bekor.

Menimcha, O‘zbekiston energetikasida ko‘p ijobiy va samarali har tomonlama manfaatdor ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi, masalan qish oylarida Qirg‘iziston va Tojikistondan elektr energiya sotib olishi kerak va aksincha yoz oylarida ularga sotish kerak. Yaqin tarixdan eslayman, bu qo‘shnilarimiz bilan doimo suv muammosi bo‘lib kelgan edi. Ular suvni elektr energiyaga barter qilishni xohlashardi. Qish davomida daryolar to‘lib-toshib oqardi, bahorda bizga suv kerak bo‘lgan paytda yopib qo‘yishardi. Hozirgi hukumatimiz bu qo‘shnilar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatib, barcha muammolarni ikki taraflama manfaatli ijobiy yechib, xalqlar manfaati uchun xizmat qiladigan ishlarni amalga oshirdi va oshirmoqda. O‘zaro manfaatli hamkorlik mintaqadagi barcha energetika sohasini rivojlantirishga yordam beradi. Aytgancha, Toshkentda O‘rta Osiyo energetika tizimi yagona dispetcherlik boshqaruvi hali ham mavjud.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazari bilan bir xil bo‘lmasligi mumkin.

Top