O‘zbekiston | 08:13 / 08.12.2018
6909
5 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi tuzilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Prezident qarorida Sog‘liqni saqlash vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilmoqda:

Xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish markazi, joylardagi xususiylashtirish va pullik xizmatlarni tashkil qilish bo‘limlari hamda «O‘zmedinfo» elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazini tugatish;

Vazirlik tuzilmasida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarini hamda davlat unitar korxonasi shaklida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini tashkil etish.

Yangi bosh boshqarmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

•    vazirlik va uning hududiy organlari tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma loyihalarini tashkil etish va amalga oshirish;

•    tibbiyot tashkilotlarining mol-mulkini, shu jumladan, yer uchastkalarini muomalaga kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalarni jalb etish;

•    mahalliy tibbiyot tashkilotlarining tibbiy turizm salohiyatini tubdan oshirishga yo‘naltirilgan kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

•    vazirlikning boshqa tarkibiy bo‘linmalari bilan birgalikda kirish tibbiyot turizmini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarni tayyorlash va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish, xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, tibbiyot tashkilotlarining sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishda xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarining kreditlari va grantlarini jalb etish;

•    davlat tibbiyot muassasalarida pullik xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish va amalga oshirish, ularning nomenklaturasi va hajmlarini kengaytirish.
Markazning asosiy vazifalari esa quyidagilardan iborat:

•    axborot tizimlari, resurslar va sog‘liqni saqlash milliy ma'lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va kuzatib borish bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish;

•    korporativ tarmoqlarni yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, Vazirlikning axborot xavfsizligini ta'minlash;

•    Vazirlikning axborot xavfsizligi tahdidlarini o‘z vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya qilinishini nazorat qilish va monitoringini olib borish, axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarini muhofaza qilish bo‘yicha texnik infratuzilmani tatbiq etish va rivojlantirish;

•    «elektron sog‘liqni saqlash» normativ va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish, integratsiyalashgan axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish va kuzatib borish;

•    tibbiyot tashkilotlarida axborot tizimlari, ilg‘or axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqish va kuzatib borishga ko‘maklashish;

•    vazirlikning axborot tizimlari, resurs va ma'lumotlar bazasini rivojlantirish, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta'minlash;

•    vazirlik xodimlarining axborot tizimlari, resurslar va ma'lumotlar bazasidan foydalanish, axborot xavfsizligini ta'minlash sohasida malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Prezident qarori bilan sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari xodimlarining cheklangan soni 518 nafar, shu jumladan, Vazirlikning markaziy apparati xodimlarining soni 127 nafar etib belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining roziligisiz davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining yer uchastkalari va ko‘chmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Toshkent shahri, Alisher Navoiy ko‘chasi, 12-uyda joylashgan binosini rekonstruksiya qilish O‘zbekiston Respublikasining 2019 yildagi rivojlantirish Davlat dasturiga kiritilmoqda.

Mavzuga oid