O‘zbekiston | 07:36 / 08.12.2018
15327
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi - Prezident qarori

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qarorda Prezidentning 2018 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5590-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy organlarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

•    aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta'minlashda, shu jumladan, davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda, Vazirlikning organlari va tashkilotlari rahbarlarining roli va mas'uliyatini oshirishga yo‘naltirilgan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

•    demografik o‘zgarishlar va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish istiqbollarini prognozlash, aholining salomatligi va kasallanishi holatini kompleks tahlil qilish;

•    jamoat sog‘lig‘ini saqlash ustuvorligini, kasalliklarni profilaktika qilish va oldini olish, patronaj xizmati va fuqarolarni uyma-uy yurib ko‘rib chiqish, aholini sog‘lom turmush tarzini kechirishga undash, ularning tibbiy savodxonligini oshirish, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘i va atrofidagilar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga mas'uliyat ruhida tarbiyalashni ta'minlash;

•    sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va tarbiyalash, hayot sifati va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholining sog‘lig‘ini saqlash va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;

•    ham tibbiy yordamni xizmat ko‘rsatilayotgan aholiga yaqinlashtirish, ham axborot texnologiyalarini (teletibbiyot), meditsina standartlarini, protokollar va tavsiyalarni keng miqyosda joriy etish hamda yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislarning tajribasini mintaqaviy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlariga berish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitar, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifati, ommabopligi va tezkorligini oshirish;

•    dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘llashga ruxsat etilgan asbob-uskunalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish;

•    yolg‘iz qariyalar, pensionerlar, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy himoya qilinishini takomillashtirish, ularni davolashni, tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish, profilaktik tadbirlarni kengaytirish, davolanishning zamonaviy uslublarini qamrab olish va qo‘llash yo‘li bilan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish;

•    tibbiy ta'lim muassasalari, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim va sog‘liqni saqlash mutaxassislarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash ustidan uslubiy rahbarlikni ta'minlash orqali tibbiy kadrlar tayyorlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

•    mahalliy tajribani va eng yaxshi jahon yutuqlarini uyg‘unlashtirish asosida tibbiyot fanini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va prognozlashtirish, ilmiy tibbiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, sog‘liqni saqlash amaliyotiga fan, texnika yutuqlarini va ilg‘or tajribani joriy etish;

•    sog‘liqni saqlash tizimida yagona tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilishni va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati nazorat qilinishini ta'minlaydigan, zamonaviy, xalqaro amaliyotda sinalgan sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish usullarini joriy qilish.

Mavzuga oid