O‘zbekiston | 18:53 / 30.07.2024
3670
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilari orasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalari haqida ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining kamida to‘rtdan bir qismida turli kasalliklar aniqlangan. Bu haqda 30 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, 1 iyul holatiga ko‘ra, 5,9 mln o‘quvchidan 5,7 mln nafari (96,5 foiz) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, ulardan 1,3 mln nafarida (27,9 foiz) turli kasalliklar aniqlangan. Ularning 81 foizi davolanishdan keyin tuzalib ketgan.

2 mln tarbiyalanuvchidan 1,3 mln nafari (63,5 foizi) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, ularning 26 foizida kasalliklar aniqlangan.

Eng ko‘p uchraydigan kasalliklar — kamqonlik, qonning tarkibiy tuzilmasidagi o‘zgarishlar (28,4 foiz), nafas olish, ovqat hazm qilish tizimi (6,9 foiz) va endokrin tizimi kasalliklari (5,4 foiz).

Bundan tashqari, nogironlikka olib keladigan kasalliklar tahlil qilinganda, birinchi o‘rinda asab tizimi kasalliklari (27,8 foiz), shu jumladan, periferik asab tizimi kasalliklari va bolalar tserebral falaji (BsF) turishi aniqlangan. Ikkinchi o‘rinda tug‘ma anomaliyalar turadi, jumladan tug‘ma yurak nuqsonlari (17 foiz). Uchinchi o‘rinda esa ruhiy va xulq-atvorning buzilishi, aqliy zaiflik (3,6 foiz) turadi.

2023 yilda 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda gelmintoz (gijja kasalliklari) profilaktikasi bo‘yicha 5,3 mln (83 foiz) bolada skrining o‘tkazilgan, ularning 5,1 foizida gijja tuxumlari borligi aniqlangan. 6,2 mln bolada profilaktik maqsadlarda degelmintizatsiya tadbirlari o‘tkazilgan.

2024 yil boshidan buyon 2 mln bola skriningdan o‘tkazilgan, ularning 186,9 ming nafarida (9,3 foiz) gijja tuxumlari borligi aniqlangan.

Mavzuga oid