Inson bu dunyoda boshidan turli sinovlarni, dard va tashvishlarni o‘tkazadi. Hayot yo‘li bir tekis emas. Kuchli iroda har qanday qiyinchiliklarni sabr ila yengib o‘tishga qodir. Og‘ir qismatga uchrab, ko‘ngli yarim bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, o‘z irodasi va yon-atrofidagi yaqinlari mehribonligi, qo‘llab-quvvatlovi bilan bu hayotda baxtli yashayotgan yurtdoshlarimiz talaygina.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan insonlarga berilayotgan ijtimoiy ko‘maklar ularning ko‘nglini shod etishi bilan birga ularni yashashga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.

Ammo ko‘makka cho‘zilgan qo‘l minnatli bo‘lsa-chi?! Bugun berilgan yordam uchun ertaga yana azob-uqubat, ko‘z yoshlar to‘kilsa-chi?! Bunday holatlar shundog‘am ko‘ngli yarim bo‘lgan insonlarning o‘zini xo‘rlangandek his qilishiga sabab bo‘lmaydimi?

Bejiz bu mavzuda so‘z ochmadik. Kun.uz tahririyatiga Past Darg‘om tumanida yashovchi, I guruh nogironligi bo‘lgan Sevara Nurmurodovadan kelgan murojaat shunday fikr yuritishimizga sabab bo‘ldi.

Ushbu murojaat yuzasidan Sevara bilan uchrashdik, uning dardini va qiynayotgan muammolarini tingladik.

Sevara Nurmurodova 1992 yilda tug‘ilgan. Ayni vaqtda ikki nafar – 7 yoshli Hasan-Husan farzandlari bor. 2016 yilda baxtsiz hodisa tufayli uning umurtqa pog‘onasi lat yeydi va yurish baxtidan bir umrga ayriladi. Faqat nogironlik aravachasida harakatlana oladi. Shu tufayli turmush o‘rtog‘i bilan ham ajrashishi unga yana bir og‘ir zarba bo‘ladi. Nogironligi bo‘lsa-da, yaqinlari ko‘magida farzandlarini tarbiyalab kelmoqda.

Albatta, yurtimizda nogironligi bo‘lgan insonlar ijtimoiy muhofazaga olingan. Muntazam ravishda ko‘maklar berilib, arzon uy-joylar bilan ta'minlanmoqda.

“Mening ham uy-joyga ehtiyojim borligi uchun Past Darg‘om tumani hokimligiga murojaat qilgandim. 2017 yil 24 dekabrda orzum ushaldi. Menga tantanali ravishda ikki xonali uy berishdi. Bilasizmi, quvonchim dunyoga sig‘masdi o‘sha payt. Prezidentimizdan, viloyat va tuman rahbarlaridan behad minnatdor bo‘ldim. Televideniye s'yomka qildi, to‘lqinlanib, intervyular berdim. Ammo yaqinda tuman hokimligidan uyni qaytarib berishim kerakligini aytishganida juda yomon ahvolga tushdim... Bu uyning egasi boshqa emish...” — deya Sevara Nurmurodova ko‘z yoshlari tufayli so‘zlarini oxirigacha davom ettirolmadi.

Aslida nima bo‘lgan?

2017 yil 1 dekabrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tumandagi nogironligi bo‘lgan ayrim fuqarolarga arzon uy-joylardan berilgan. Sevara Nurmurodovaga ham tumanning “Po‘latchi” mahallasida qurilgan ikki qavatli uylardan ikki xonali xonadon ajratilgan.