O‘zbekiston | 10:00 / 31.12.2018
9571
5 daqiqa o‘qiladi

Quyosh sohasi kimniki? Qayta tiklanuvchan energiya manbalari uchun kim qayg‘urishi kerak?

Foto: Gillett Electrical

Ko‘pchilikka ma'lumki, dunyoda yer osti qazilma boyliklari yildan yilga kamayib bormoqda. Shuning uchun dunyodagi yetakchi davlatlar energiya iste'molini boshqa yoqilg‘ilardan, xususan, qayta tiklanuvchi energiya turlaridan, quyosh, shamol, yerosti issiqligi va biomassalardan olish yo‘lida ilgarilab ketishdi.

Shunisi ajablanarliki, Yevropada quyosh kunlari kam bo‘lsa ham, bu sohada ularga teng keladigani yo‘q. Qayta tiklanuvchan energiya manbalari oz bo‘lsada, undan judayam samarali foydalanish yo‘llarini topishgan va yangidan yangi texnologiyalarni ishlab chiqishib, butun dunyoga sotishadi. Yevropaning o‘zining qazilma boyliklari bo‘lmagani uchun, yangi texnologiyalarni ishlab chiqib, uning hisobiga o‘zlarini ta'minlashadi. Shuning uchun, qayta tiklanuvchan energiya manbalari barcha turlari bo‘yicha ularda markazlar, institutlar, agentliklar va vazirliklar bor. Ular juda yaxshi samara bermoqda.

Bizning o‘lkamizda esa, quyoshli kunlar juda ko‘p, qariyb 330 kunni tashkil etadi. Ammo undan oqilona foydalanish haligacha to‘g‘ri yo‘lga solinmagan. Balki, ba'zi ishlar amalga oshirilayotgandir yoki oshirilgandir, ammo hammasi o‘lda-jo‘lda qolmoqda. Ma'lum bir tartib nizom va qolipga solinib, harakatga tushmagan.

Kuni kecha, «BUYUKKELAJAK» nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida Innovatsiyani rivojlantirish vazirligining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha agentlik tashkil etish qarori muhokamaga qo‘yildi. Bunday xushxabardan bag‘oyat mamnun bo‘ldik. Buni avvalroq qilish kerak edi, ammo hali ham kech emas.

Mana, yaqinda prezidentimiz kadrlar masalasida yig‘ilish o‘tkazdi.

«Qaror va qonunlar chiqyapti, ammo uni amalga oshiradigan kadrlar yo‘q. Mahalliy yoshlarni chet elda o‘qitib kelish miqdorini hisoblaganda har bir sohada 3500 nafar mutaxassis kerak bo‘ladi. Biz buni kecha qilishimiz kerak edi, agar hozir buni biz qilmasak, 2019 yilda yana 1 yilga kechikamiz»,dedi prezident.

Shunday qilib, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ham qonun qarorlar chiqmoqda, ammo uni boshqaradigan aniq bir agentlik yoki vazirlik yo‘q. Xalqaro quyosh energetikasi instituti ham, «O‘zbekenergo» DAK ham «quyosh sohasi meniki» deb talashadi va bir-biri bilan kelishib ish qila olmaydi. Samarqand quyosh loyihasining to‘xtab qolgani sababi ham shu ikki tashkilotning bir yoqadan bosh chiqarib ishlamaganidadir. Unisi u dedi, bunisi bu dedi, oqibatda 2015 yilda boshlangan loyiha bugunga kelib batamom to‘xtadi. Ikki taraf ham aravani ikki tarafga tortgandan keyin, natija ham nol bo‘ldi. 3 yil ichida sarf etilgan xarajatlar esa havoga ketdi. Qayta tiklanuvchan energiya sohasini ham o‘zim boshqaraman deb, 2 yil oldin tashkil etilgan «Energiyani tejash milliy agentligi» ham oldinga chiqdi. Ammo yana natija bo‘lmadi.

Qayta tiklanuvchan energiya manbalari istiqbollari haqida aniq bir tashkilot qayg‘urishi va to‘siqlarga uchramaydigan tarzda keng vakolatlar berilishi kerak. Mazkur tashkilot yoki agentlik qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan unumli foydalanishdan boshqa narsa bilan shug‘ullanmasligi kerak. Podachi ko‘paysa, qo‘y harom o‘ladi, deganlaridek, har bir sohani o‘z egasiga berish hamda shu yo‘nalishni mahkam ushlash kerak. Aks holda, parokandalik va samarasizlik vujudga keladi.

Shu nuqtai nazaridan, yangi ochilayotgan agentlik esa ayni muddao bo‘ldi. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, kechikmaylik, vaqt g‘animat, qayta tiklanuvchan energiya tizginini qo‘lga olib, yurtimizning chekka qishloqlari tomon yuguraylik, ularning xonadonlariga yorug‘lik, qalblariga esa nur va xursandchilik olib kiraylik. Hukumatimizning bunday qarorini biz «BUYUKKELAJAK»chilar qo‘llab-quvvatlaymiz. Qo‘limizdan kelsa, jonimizni jabborga berib vatan uchun xizmat qilishga tayyormiz. Bu agentlikning tashkil etishda va uning xodimlarining ma'lum bir qismini chet eldagi vatandoshlarimizdan tashkil topsa nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi.

Sanjar G‘afurjanov
«BUYUKKELAJAK» ekspertlar guruhi

Mavzuga oid