Sog‘liqni saqlash vazirligi 2018 yil sarhisobi va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha ma'lumot berdi
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov sog‘liqni saqlash tizimida 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi yilda bajariladigan vazifalar borasida ma'lumot berdi.
Vazirning bildirishicha, keyingi ikki yil ichida bu yo‘nalishda 130 dan ziyod me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularda belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashmoqda. Bunday keng qamrovli chora-tadbirlar tufayli aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi uzaymoqda. Onalar, bolalar o‘limining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda sezilarli natijalarga erishilmoqda.
2018 yilda sohaga 9,6 trillion so‘m yo‘naltirildi, bu 2017 yildagiga qaraganda 1,4 barobar ko‘pdir. Davlat tibbiyot tashkilotlarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash ham yaxshilanayapti. 2018 yilda bu maqsadlarga 914,6 milliard so‘m, ya'ni 2017 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Joriy yilda 382 ta tibbiyot obektlarida qurilish-ta'mirlash ishlari jadal olib borildi. Buning uchun davlat byudjyetidan 1,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda “Salomatlik-3” loyihasi doirasida ham qator investitsiya dasturlari amalga oshirildi.
2019 yilda Davlat rivojlantirish dasturi doirasida 231 ta inshootda 972 milliard so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Shadmanovning ma'lum qilishicha, yuqumsiz kasalliklar mamlakatimiz aholisi salomatligi ko‘rsatkichiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ma'lumotlarga ko‘ra, kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizida qon tarkibida me'yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari mo‘l-ko‘l yetishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat ratsionida meva-sabzavot iste'moli yetarli emas. Ushbu muammolar tufayli O‘zbekistonda yillik o‘lim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.
2019 – 2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Kontseptsiyasi va chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, salomatlikka salbiy ta'sir etuvchi ichish, chekish kabi zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan uyg‘unlashtirish bilan bog‘liq muhim loyihalar amalga oshiriladi.
Shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish maqsadida oxirgi ikki yil ichida 1450 yaqin yangi avtotransport xarid qilindi. Jumladan, 91 ta “Nissan”, 140 ta “Hyundai”, shuningdek, gumanitar yordam sifatida joylarga 50 ta “Toyota” yetkazib berildi. 231 ta tez yordam mashinasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatini dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash uch barobarga oshdi. Ya'ni bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 so‘m miqdorida belgilandi. Bu ko‘rsatkich 2016 yilda 748 so‘mni, 2017 yilda 1627 so‘mni tashkil etardi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi. 2019 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi hamda tez tibbiy yordam xizmati faoliyati samaradorligini baholashning namunaviy indikatorlari tasdiqlandi. Tez tibbiy yordam xizmatini aviatsiya texnikasi bilan jihozlash ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, aholi chaqiruvlarini avtomatik belgilash kabi vazifani bajarish maqsadida tez tibbiy yordam boshqarmasining avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, Sall markazlarni xalqaro talablarga ko‘ra to‘liq jihozlash, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar va shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.
Vazirning e'tirof etishicha, hozirda mamlakatimizda tibbiyot sohasi uchun 7 ta oliy tibbiy ta'lim muassasasi va ularning 4 ta filialida malakali kadrlar tayyorlanmoqda. 2017 yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali, 2018 yili Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali ochilishi hududlardagi tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirdi. 2018 yil tibbiy oliy ta'lim muassasalarini bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 2000 nafar talaba tugatib ishga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 4395 nafar yigit-qiz talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Bundan tashqari, nafaqaga chiqib ish faoliyatini davom ettirayotgan shifokorlarga 2017 yildan boshlab pensiya puli to‘liq to‘lab berilayapti. Ilgari bunday mutaxassislar ish faoliyatini davom ettirgan taqdirda pensiya pulining yarmini olardi. Qolaversa, shifokorlar ikki stavkada ishlashiga sharoit yaratildi.
Natijada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Sirdaryo viloyatlarida umumiy amaliyot shifokoriga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplandi. Qolgan hududlarning ham bu boradagi ehtiyoji 2019 yil bitiruvchilari hisobidan qoplanadi. Birlamchi tibbiyot muassasalaridagi tor mutaxassislar yetishmovchiligi klinik ordinatura, magistratura, qisqa muddatli qayta tayyorlov kurslari bitiruvchilari hisobiga 2020 yilgacha to‘liq bartaraf etiladi.
Hozirda mamlakatimiz tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va xorijdagi nufuzli tibbiy ta'lim markazlari o‘rtasida 220 ta hamkorlik shartnomasi imzolangan. Natijada birgina Toshkent davlat stomatologiya institutida joriy yilning o‘zida 2 ta xalqaro fakultet ochildi.
“Fransiyada tibbiyotni isloh etish 60 yil davom etgan bo‘lsa, Koreya Respublikasida bunga 40 yil vaqt sarflangan. Turkiya esa boshqa mamlakatlar tajribasidan yetarli ibrat va xulosa olib 10 yilda tibbiyotini “izga tushirgan”. Biz dunyodagi ana shunday ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib va milliy tajribamizdan kelib chiqib, 7 yil muddatda, ya'ni, 2019 – 2025 yillarda sog‘liqni saqlashni tubdan isloh etishdek ulkan maqsadni oldimizga qo‘ydik”, deydi Alisher Shadmanov.
Uning ma'lum qilishicha, birlamchi tibbiy profilaktika xizmatini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi. Unga muvofiq, tibbiy profilaktika va kasalliklarni erta aniqlash ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi. Bundan tashqari, davolash va diagnostika standartlarini yangilash, klinik protokollarni joriy etish, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini amaliyotga keng tatbiq etish, mikroxirurgiya, robot xirurgiyasi, nuklear tibbiyot, tibbiy genetika sohalaridagi jahon tibbiyotining eng so‘nggi yutuqlarini mamlakatimiz tibbiyotiga joriy etishga asosiy e'tibor qaratiladi.
Jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etish uchun sog‘liqni saqlash tizimiga “klaster” modeli tatbiq etiladi.
Kontseptsiyaga muvofiq, 2019 yil 1 apreldan ayrim tumanlardagi tibbiyot muassasalarida jahon tibbiyotidagi eng ilg‘or amaliyotlardan bo‘lgan kishi boshiga moliyalashtirish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlanadi. Ushbu eksperiment chuqur tahlil etilib, ijobiy natijalar 2020 yil 1 apreldan boshlab boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish mexanizmlarini qo‘llash, ayrim davolash-profilaktika muassasalarini investorlarga ishonchli boshqaruvga berish, elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish, 2021 yil 1 yanvardan majburiy tibbiy sug‘urtalash bosqichma-bosqich joriy etish kabi vazifalar ham belgilab qo‘yilgan. Jumladan, 2019 yil 1 iyulga qadar “Majburiy tibbiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqishi rejalashtirilgan.
Kelgusida onalik va bolalikni muhofazalashga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkil etishda esa birlamchi tizimdan tortib tibbiyotning yuqori bo‘g‘inlarigacha o‘zaro ma'lumot almashish tizimini takomillashtirish, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, ixtisoslashgan tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish borasida keng qamrovli loyihalar amalga oshiriladi.
Xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish alohida e'tiborda bo‘ladi. Bundan tashqari, elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy ham rejalashtirilgan bo‘lib, elektron tibbiyot kartasi, elektron kasallik tarixi va telemeditsina kabi yo‘nalishlar uch bosqichda amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
18:34 / 01.08.2023
Koreya banki O‘zbekistonni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash loyihasiga 74 mln dollar ajratadi
09:27 / 31.07.2023
Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filiali tashkil etiladi
09:50 / 21.07.2023
AQSh kompaniyasi O‘zbekiston tibbiyot sohasiga sarmoya kiritishni rejalashtiryapti
09:08 / 10.07.2023