Ilk uchrashuv oldidan: Biz qanday boshlaganmiz?
Bugun terma jamoamiz Osiyo kuboklari final bosqichida yettinchi urinishini boshlaydi. Avvalgi musobaqalar biz uchun goh quvonchli, goh omadsiz, goh sharmandali yakun topgan bo‘lsa-da, negadir, ilk o‘yinlarni deyarli muvaffaqiyatli o‘tkazganmiz. Olti o‘yinda to‘rt g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat: to‘plar nisbati – 8-3.
Bu fakt Ummonga qarshi o‘yin oldidan kayfiyatimizni oshirishi turgan gap, zero ilk o‘yindagi g‘alaba keyingi muvaffaqiyatli yurishlar uchun ham debocha bo‘lishi kerak. Keling, o‘yin boshlanishini sabrsizlik bilan kutayotgan muxlislar bilan birga avvalgi turnirlardagi debyut o‘yinlarga sayr qilib ko‘ramiz.
1996
BAAdagi Osiyo kubogiga terma jamoamiz qit'aning eng kuchli jamoasi sifatida tashrif buyurgandi. 1994 yilda O‘zbekiston Xirosimadagi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan, hatto Afrika chempioni, o‘sha paytlarda dunyoning ko‘zga ko‘ringan jamoalaridan biri Nigeriyaga qarshi o‘yinlarda ham o‘zlarini munosib ko‘rsatgandi.
Ammo bosh murabbiy Bahodir Ibrohimov tarkib borasida qiyinchiliklarga duch keldi. O‘sha Nigeriyaga darvozasiga urilgan gollar mualliflari turnirda bizga yordam bera olmasliklari oydinlashdi. Avvaliga, terma jamoaning almashtirib bo‘lmas yetakchisi Mirjalol Qosimov jarohat oldi va u BAAga bora olmasligi ma'lum bo‘ldi. Andrey Fedorov esa, tarkibga kiritilgan bo‘lsa-da, OFK tomonidan berilgan ikki yillik diskvalifikatsiyani bekor qilib bo‘lmadi.
Xitoyga qarshi birinchi o‘yinda raqib ancha ustun harakat qilgan bo‘lsa-da, g‘alaba qozondik. Ko‘p holatlarda Bugalo bizni qutqargan, hatto bir vaziyatda Gennadiy Denisov darvozaga kirib ketayotgan to‘pni chiziqdan qaytarib yuborgandi. O‘yin oxirlarida qarshi hujumda urilgan gollar Osiyo kuboklaridagi ilk o‘yinimizni g‘alaba bilan yakunlashimizga zamin yaratdi.
Afsuski, bu g‘alaba keyinchalik bizga yordam bermadi, Yaponiya va Suriyaga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan futbolchilarimiz guruhda so‘nggi o‘rinni olib, musobaqani erta tark etishdi.
2000
Livan-2000 saralash o‘yinlarining BAAda bo‘lib o‘tgani va u yerda terma jamoamiz qahramonlik ko‘rsatib, maydon egalari ustidan g‘alaba qozongani, o‘sha o‘yinlarda terma jamoamizni boshqargan Mahmud Rahimovga esa, Osiyo chempionatiga jamoasini olib borib nasib etmaganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Rahimov avtohalokat tufayli hayotdan ko‘z yumadi, terma jamoa esa, qisqa vaqt qolganda Yuriy Sarkisyanga topshiriladi. Sarkisyan kelguncha o‘tgan bir yildan kam vaqt mobaynida jamoada Viktor Borisov, Pavel Sadirin kabi mutaxassislar ham ishlab ulgurishdi. Ya'ni, bir yilda to‘rt murabbiy qo‘l ostida shug‘ullangan, tayyorgarlik borasida yetarlicha muammolarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Livanga tashrif buyurdi.
Busiz ham aslida muxlislar to‘rt yil oldingidan farq qilishar, BAAdagi Osiyo kubogi va JCh-98 saralash o‘yinlari bizning Osiyodagi darajamizni belgilab bo‘lgandi. Endi biz o‘zimizni eng kuchli hisoblamasdik, albatta. Jahon chempionatining ikki ishtirokchisi – Saudiya Arabistoni va Yaponiyaning guruhimizdan joy olishi imkoniyatimiz yanada kam ekanidan dalolat qilardi.
Qatarga qarshi ilk o‘yin raqibning tinimsiz hujumlar yomg‘iri ostida o‘tdi. Mirjalol Qosimov jarima zarbasidan hisobni tenglashtirguncha o‘tgan vaqtda Qatar atigi bir dona gol urgani faqat bizning omadimiz edi.
Mutaxassislar jamoa o‘yini va tayyorgarlikdan kelib chiqib, O‘zbekistonning turnirdagi imkoniyatlarini juda past ekanini taxmin qilishgandir, optimist muxlislar hammasi keyingi o‘yinlarda ijobiy o‘zgarishiga umid qilishgandir, ammo 2-turda, xuddi to‘rt yil oldingi kabi, Yaponiya terma jamoasi ustimizdan «sovuq suv quyib yubordi».
2004
Xitoyda o‘tkazilgan navbatdagi Osiyo kubogida tarixda ilk marotaba guruhdan chiqishni uddaladik. Va bu juda chiroyli amalga oshirildi – Ravshan Haydarov shogirdlari guruhdagi uch o‘yinni ham g‘alaba bilan yakunlashdi. Turnir boshlanishidan bir hafta oldin Yevropa chempionati yakunlangandi va u yerda 1:0 hisobini o‘ziga odat qilib olgan Gretsiya terma jamoasi chempion bo‘lishgandi. O‘zbekiston ham o‘z o‘yinlarini aynan shu hisobda yakunlayotgani, qandaydir, Yevro bilan parallel o‘tkazishga, chiroyli yakunga umid qilishga asos bo‘layotgandek edi.
O‘sha o‘yinlardan dastlabkisi Iroq terma jamoasiga qarshi kechgan. Mirjalol Qosimov jarima zarbasini golga aylantirib, o‘yin taqdirini hal qildi. Keyin esa, Turkmaniston va Saudiya Arabistoni terma jamoasi ham minimal hisoblarda mag‘lub etildi, turkmanlar darvozasiga ham gol jarima zarbasidan kiritilgan bo‘lsa, arablarni jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan zarbasi bilan Sasha Geynrix jazoladi.
Qizig‘i, chorak finalda ham hisobni standart vaziyatdan ochgan edik. Hamma Mirjalol Qosimov zarbani ijro etadi, deb turgan paytda, u sakrab o‘tib ketadi va Geynrix tepgan to‘p Bahrayn darvozaboni qo‘liga tegib, to‘rdan joy oladi. Ammo o‘sha o‘yin avvalgi ssenariylarda kechmaydi: 2:2 va o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida bahraynliklarning qo‘li baland keldi.
2007
Ilk o‘yinlardagi yagona mag‘lubiyatimiz 2007 yilda sodir bo‘lgan va bu o‘yin davomida ham hisobda oldinda borganmiz. Ulug‘bek Baqoyevning zarbasi eronliklar himoyachisi Rizoiyga tegib, raqib darvozasidan joy oladi va avtogol bizni hisobda oldinga olib chiqadi. Bu gol to 2012 yilning kuzigacha bizning Eron terma jamoasi darvozasiga urgan yagona golimiz bo‘lib turgan, qizig‘i, keyingi, JCh-2014 saralashida Tehronda mezbonlar darvozasiga urilgan gol muallifi ham aynan Ulug‘bek Baqoyev bo‘lgandi.
Ikkinchi bo‘limda eronliklar burilish yasaydi va irodali g‘alabaga erishadi. Terma jamoamiz esa, keyingi o‘yinlarda vaziyatni o‘nglaydi. Avvaliga maydon egalari bo‘lmish Malayziya, keyin esa, hal qiluvchi bahsda Xitoy ustidan qozonilgan yirik g‘alabalar vakillarimizni chorak finalga olib chiqdi.
U yerda esa, Saudiya Arabistoni terma jamoasiga ro‘baru kelib, 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradik. Ammo bu o‘yinda vakillarimiz juda yaxshi harakat qilishgan, Maksim Shatskix tomonidan hisobni tenglashtiruvchi gol hakamning qo‘pol xatosi tufayli hisobga olinmagandi.
2011
Bu safar terma jamoamiz Osiyo kubogining ochilish o‘yinida, maydon egalariga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvga tashrif buyurgan tomoshabinlar sonidan ham bilishingiz mumkin, bu o‘yin barchaning e'tiborida bo‘lgandi va Vadim Abramov shogirdlari ko‘pchilik uchun kutilmaganda, juda chiroyli o‘yin namoyish qilishgandi.
Avvaliga, Odil Ahmedov uzoq masofadan ajoyib zarbani ijro etib, vakillarimizni oldinga olib chiqdi, keyin esa, qatarlik himoyachilar bosimga dosh bera olmagan paytda Server Jeparov vaziyatdan foydalandi. Bu g‘alaba guruhdagi keyingi o‘yinlarda ham ishonchli harakat qilishga zamin yaratdi va terma jamoamiz qatorasiga uchinchi bor guruhdan chiqish masalasini hal qilishdi. Kuvayt ustidan qozonilgan g‘alaba va Xitoy bilan durang O‘zbekistonning guruhda 1-o‘rinni olishini ta'minladi.
O‘sha musobaqada terma jamoamiz hozirgacha tarixda eng yaxshi bo‘lib turgan natijani qayd etdi – yarim final. Ammo o‘sha bosqichda Avstraliyadan qabul qilingan 0:6 mag‘lubiyat ham Osiyo kubogi yarim finallari tarixidagi eng yirik hisob bo‘lib tarixda qoldi.
2015
Osiyo kuboklaridagi so‘nggi yurishimiz Sidneydan boshlangandi. Shimoliy Koreya terma jamoasi bu turnirda biz uchun yangi raqib bo‘lsa-da, ular bilan JCh-2014 saralash o‘yinlarida bir guruhda to‘p surgan va har ikki o‘yinni ham 1:0 hisobida o‘z foydamizga hal qilgandik.
Bu safar ham xuddi shunday hisob qayd etildi, Sergeyevning 62-daqiqada urgan goli uchrashuv taqdirini hal qildi. Keyin esa, Xitoydan mag‘lubiyat (1:2) va hal qiluvchi o‘yinda Saudiya Arabistoni terma jamoasi ustidan g‘alabadan so‘ng, guruhda ikkinchi o‘rinni olib, chorak final ishtirokchisiga aylandik. Mirjalol Qosimov shogirdlari Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda faqat qo‘shimcha daqiqalarda o‘tkazilgan gollar tufayli turnirni tark etdi.
Yana bir qiziq fakt, mana shu Shimoliy Koreyaga qarshi kechgan keyingi rasmiy o‘yin bosh murabbiy Mirjalol Qosimov uchun qimmatga tushdi. JCh-2018 saralash bosqichida yana biz bilan bir guruhga tushib qolgan shimolliklarga qarshi o‘yin 2:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugadi va Qosimov iste'foga chiqarilib, uning o‘rnini Samvel Babayan egalladi.
Q.Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
14:14 / 14.09.2024
O‘zbekiston Hind okeaniga chiqish uchun Ummon imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin
11:56 / 27.06.2024
O‘zbekiston va Ummon diplomatik pasport egalarini viza talabidan ozod etish shartnomasini imzoladi
14:14 / 26.06.2024
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Ummonga tashrif buyuradi
09:26 / 05.10.2023