Andijon viloyatining Shahrixon tumani o‘ziga xos hudud. Shahrixon mamlakatimizning aholi eng zich yashaydigan tumanlaridan biri hisoblanadi.

 Yaroqsiz yo‘llar, kuniga besh-olti marta o‘chadigan elektr, bir yarim ming aholiga bitta ichimlik suvi jo‘mragi

Do‘lan katta kishloq bo‘lib, 7 mingga yaqin aholisi bor.

Qishloq guzarida bizni bir guruh mahalla oqsoqollari kutib olishdi. Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan - elektr, yo‘l, ichimlik suvi va tabiiy gaz muammolari bu yerda chuqurroq ekan.

«Elektr toki bir kunda kamida besh-olti marta o‘chib-yonadi. Eng achinarlisi, aynan oqshom tushib, bolalar dars tayyorlaydigan, oila kechki ovqatga o‘tirgan payt o‘chadi. Nonushta mahali ham, ishga ketayotgan paytingizda ham chiroq yo‘q. Yangi yil bayrami kuni o‘chmagani bor gap. Keyin yana o‘chir-o‘chir boshlangan. 21 asrda yashayapmiz axir? Tok o‘chsa, suv ham o‘chadi», deydi oqsoqol Ahmadjon hoji Xatamov.

Mahalladagi transformator vazifasini bajarib bo‘lgan. Juda eski.

Do‘lanning 2 mingga yaqin aholi yashaydigan «Yangi mahalla»sida ichimlik suvi muammo. 50ta xonadon katta ko‘cha yoqasidagi bir donagina suv jo‘mragiga navbatda turadi. Borganimizda elektr yo‘qligi uchun suv ham kelmayotgan ekan. Oradan yarim soatlar o‘tib, tok yondi va suv keldi. Aholi xonadonlarga o‘z tilida «Kachalka» deb ataydigan sizot suv tortuvchi moslamalar o‘rnatib olgan. Onaxon Ozodaxon aya Cho‘tboyeva ichishga yaroqsiz suvni iste'mol qilinishi oqibatida, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari ko‘payib ketayotganidan shikoyat qildi.